8337.07 USD +0.82

9498.42 EUR -34.92

123.36 RUB +3.51

10609.8 GBP +18.55

12:12 / 24.11.2018 18024

U, bolam deb, musofirchilikda azob chekmoqda...

Aytishlariga qaraganda Alloh onaning bolaga mehrini shu qadar kuchli etib yaratganki, hatto yugurayotgan kiyik ham yonida chopib ketayotgan bolasini avaylab yugurarkan. Ona burgutlar polaponlari uchun har qanday o‘ljani qo‘lga kiritish payida bo‘lisharkan. Insoniyat esa jigarbandi uchun butun borlig‘ini berishga tayyor bo‘ladi.

Yodingizda bo‘lsa KUN.UZ saytida “Bir ona noumid bo‘lmasin, bir bola hayotdan bahra olsin. Musofirchilikda yurgan ona-bolaga yordam beraylik” sarlavhasi ostida xayriya maqolasi e'lon qilingan edi. Unda Qashqadaryo viloyatining Muborak tumanida istiqomat qiluvchi Saitova Zulayho Ravshanovnaning 2008 yil 15 iyul kuni tug‘ilgan o‘g‘li Jo‘rayev Ulug‘bek jiddiy dardga yo‘liqqani, oqibatda holsizlik bola bechorani yotqizib qo‘ygani haqida gap ketadi. Shifokorlar bolaga oqqon kasalligi tashxisini qo‘yishadi. 

Bugun ona-bola tag‘in Toshkentda. Qimmat dori-darmonlar uchun sarflanayotgan mablag‘ning bir qismi ijara uchun kvartiraga beriladi. Muborak tumanining ostidan gaz oqayotgan bo‘lishiga qaramay, ularning xonadonida tabiiy gaz yo‘q. Mushtipar ona shu maqsadda Toshkentga kelgan, qishni shu yerda o‘tkazmoqchi, bolasini-da parvarish etmoqchi. Bu haqda uning o‘zi shunday deydi.

— O‘g‘lim 2017 yil 2-sinfni a'lo baholar bilan tugatdi. Ko‘zlaridagi quvonchni ko‘rib ich-ichimizdan sevinib, ukalaringga o‘rnak bo‘lib yurgin derdik. Afsus, quvonchimiz uzoqqa cho‘zilmadi. Ulug‘bekning ahvoli kundan kunga yomonlasha boshladi. Ko‘p yotadigan bo‘lib, holsizlanib qoldi. Keyinchalik oyog‘i og‘rib, isitmasi tushmaydigan bo‘lib qoldi. Limfa bezlari kattalashdi. O‘g‘lim shu darajada holdan toyib qoldiki, hatto “ayajon, manga tegmang, boshqa yurolmayman”, deb joyidan turolmay qoldi.

Toshkentga keldik. Onkologiyaga olib bordim. Bu yerdagi shifokorlar “bu bizning kasalimiz emas”, deb o‘g‘limni MSKT qildirishni maslahat berishdi. MSKT qildirishga olib bordim. Shifokorlar o‘g‘lim Ulug‘bekka qimirlamay yotishni tushuntirishdi va uni ichkariga olib kirib ketishdi. 45-50 daqiqada chiqadi deyishdi. Bu vaqt men uchun bir asrdek tuyuldi – “bolam apparatning ichida qanday yotibdi, shuncha vaqt qanday nafas oladi, biror joyi og‘rib qolmadimikan”, degan xayollar bilan ko‘z yoshim to‘xtamas edi. Natijasi chiqqanida o‘qib qo‘llarim qaltiradi, onkologik kasal emaskan, deb xursand bo‘lib qaytdim.

Gematolog maslahatiga borish kerakligi yozilgan edi. Respublika Gematologiya va qon quyish ilmiy tekshirish institutiga bordik. Ulug‘bekdan analiz olishdi. Analiz javobi chiqqunicha isitmasi ko‘tarilib, ahvoli og‘irlashdi. Shu tariqa o‘g‘limga 2017 yilning 17 avgust kuni o‘tkir limfoblastli leykoz tashxisi qo‘yildi.

Oqqon degan tashxisni eshitganimni bilaman, butun dunyo ko‘zimga tor bo‘lib ketdi. Palataga olishdi. Isitmasini tushirish uchun antibiotiklar qilishdi. Iligidan analiz olib Rossiyaga yuborishimiz kerakligini aytishdi. U yerdan ham shu tashxis tasdiqlanib keldi. Gematologiya 1-bolalar bo‘limida 48 kun davolashdi. U yerda 6 hafta kimyoterapiya qilishdi, ya'ni orqa miyasiga umurtqasidan (lyumbalni) kimyo dorilarini yuborishdi. Kuchli kimyo dorilarini tomiridan yuborishdi. Bir necha bor qon tromba plazma oldi. Ertayu kech osma ukollari uzilmasdi. Immuniteti pastligi uchun qimmat antibiotiklar to‘xtab qolmasligi kerak edi. Allohimga shukr, o‘g‘limning organizmi kurasha boshladi. Oqqon xujayralari kamayib, qon ishlab chiqara boshladi.

Bu kasallik bosqichma bosqich davolanar ekan. Joriy yilning 28 sentabr kuni kunduzgi bo‘limga chiqarildik. Kunduzgi bo‘limda 3 kurs muolaja oldik. Har bir kurs 8 haftalik edi. O‘g‘lim asosiy kurslarini tugatguncha ancha qiynaldi. Kimyoterapiyadan tashqari ahvolini yaxshilash uchun qo‘shimcha muolaja qilib borilardi. Albatta, bu muolajalar juda katta mablag‘ni talab qilardi. Allohimga shukrlar bo‘lsin, yaxshi insonlar ko‘magi bilan davo muolajalarini davom ettirdik. Ulardan minnatdorman. Haqlariga doim duodaman, — deydi Ulug‘bekning onasi.

Ayni kunlarda ona-bola poytaxtda. Hozir qo‘llab-quvvatlovchi kursda. Onaning aytishicha, Qarshi shahridagi ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasidagi gematologiya bo‘limida davolanishmoqda. Uylari shifoxonagacha 90 km chikadi. Sovuqda borib-kelishga judayam qiynalib qolishgan.

— 2 oylik o‘g‘limniyam birga olib, shifoxonaga borib kelaman. Yana davo muolajalarini Toshkentda davom ettirmoqchiman. Chunki o‘g‘limga shamollash mumkin emas. Gripp kabi yuqumli kasalliklarga chalinib qolsa, kimyoterapiyasi to‘xtatiladi. Davo muolajasini to‘xtatib qo‘yish mumkin emas. Oqqon xujayralari ko‘payib ketadi. Hozirgacha 8 kurs kimyoterapiya kurslarini tugatdik. Oldinda yana 5 kurs bor, — deydi Ulug‘bekning onasi Zulayho Saitova.

Gematologiya va qon quyish ilmiy markazida davolanishyapti. Bolajonning har bir dorisi falon so‘m turadi. Ona moddiy tomondan qiynalib qolgan. O‘tgan safargi muolajalar uchun saxovatpesha insonlar onaga ham moddiy, ham ma'naviy ko‘mak berishgan edi. Bu safar ham ona yaxshilar ko‘magiga muhtoj. Keling, musofirchilikda yurgan ona va ulkan dard bilan olishayotgan Ulug‘bekka o‘z yordamimizni beraylik, Zero, yaxshilikning evaziga beriladigan savobning darajasi juda ulug‘dir.

Ulug‘bekka yordam qilish istagida bo‘lganlar onasi Zulayho Saitova nomiga ochilgan quyidagi plastik kartaga pul o‘tkazib berishlari mumkin:

Click/Payme: 8600 0417 9700 3390 - Zulayho Saitova, onasi (Agrobank)

ATB AGROBANK MUBORAK FILIALI

MFO: 00187

INN: 200697916

Naqd pul topshirganda: 23116000900000187001

Mijoz arizasiga asosan kartadan kartaga pul o‘tkazilganda: 23118000700000187001

Boshqa tashkilotlardan kelib tushgan mablag‘lar tranziti: 23120000300000187001

Telefon: +998 97 3140985

Sarvar Anvar o‘g‘li tayyorladi

Teglar

Top