10:50 / 24.11.2018
34516
O‘zbekistonda 2018 yil 1 yanvar holatiga qancha shaxs OIV infeksiyasini yuqtirgani ma'lum bo‘ldi
Foto: REUTERS

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasining Respublika OITSga qarshi kurash markazi direktorining axborotini eshitishga bag‘ishlangan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda mamlakatda OIV infeksiyasi bilan kasallanish holati va xastalik tarqalishini oldini olish borasida Davlat dasturida belgilangan vazifalarning ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning so‘zsiz, o‘z vaqtida va sifatli ijro etilishini ta'minlash yuzasidan ko‘rilayotgan choralar, mavjud muammolar hamda kelgusidagi rejalar atroflicha muhokama qilindi.

Foto: parliament.gov.uz

Respublikada 2018 yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra, 37872 nafar (100 ming aholi soniga nisbatan intensiv ko‘rsatkich – 115,8) shaxs OIV infeksiyasini yuqtirgan.

Mamlakatda mazkur infeksiya tarqalishiga qarshi kurash samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar izchillik bilan amalga oshirilishi natijasida keyingi yillarda bu boradagi epidemik vaziyatda biroz barqarorlashgan. Ushbu infeksiya bilan kasallanganlar soni 2017 yilda 2013 yilga nisbatan 222 nafarga (5 foiz) kamaygan.

Markaz rahbarining axborotida qayd etilganidek, so‘nggi yillarda aholining ixtiyoriy ravishda va ma'lum guruhlarni qonun hujjatlari asosida majburiy ravishda laboratoriya tekshiruvlari bilan qamrab olish ko‘rsatkichlari ortdi.

Yig‘ilishda mazkur yo‘nalishda mavjud muammolar ham atroflicha muhokama qilindi. Jumladan, OIV infeksiyasi diagnostikasida va bemorlarni davolashda ishlatiladigan diagnostikumlar, test-sistemalar va reagentlar bilan ta'minot uzluksizligini ta'minlash, laboratoriyadagi mavjud asbob-uskunalarni ta'mirlash va har yili metrologik ko‘rikdan o‘tkazish uchun ajratiladigan mablag‘larning yetarli emasligi, tumanlararo OIV diagnostik laboratoriyalari joylashgan binolar ta'mirtalab holatga kelib qolgani, tegishli loyihalarni amalga oshirishda NNT ishtiroki talab darajasida tashkil etilmayotgani kabi vazifalarga yetarli e'tibor qaratilmayapti.

Top