08:17 / 24.11.2018
12257
O‘zbekistonda ilk marta juma ma'ruzasida surdo tarjimonlar xizmati yo‘lga qo‘yildi

23 noyabr kuni O‘zbekistonda ilk marotaba surdo tarjimon yordamida onlayn rejimidagi juma ma'ruzasi tashkil etildi. Ma'ruza Toshkentdagi Shayx Zayniddin («Ko‘kcha») jome masjidida bo‘lib o‘tdi.

Mover'da ko‘rish (tas-ix)

Youtube'da ko‘rish

Mazkur xayrli tadbir oktabr oyi oxirida yo‘lga qo‘yilgan loyihaning bir qismi bo‘lib, bunga qadar ham Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tashabbusi bilan jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarimiz uchun diniy sohada yengilliklar yaratish yo‘lida qo‘shimcha choralar ko‘rila boshlangan edi.

Jumladan, 29 oktabr kuni qo‘mita vakillari jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarimiz bilan ochiq muloqot tashkil etgan va har oyning birinchi yakshanbasini «Muruvvat kuni» sifatida belgilagan edi.

Dastlabki «Muruvvat kuni» 4 noyabrda, 250 nafardan ziyod ko‘zi ojiz hamda eshitish va gapirish imkoniyati cheklangan fuqarolarimiz ishtirokida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tdi. Unda qo‘mita tomonidan Qur'oni Karimning brayl yozuvidagi, Saudiya Arabistonidan maxsus keltirilgan noyob nusxasi ko‘zi ojizlarga tuhfa etildi, shuningdek, “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan ham ularga qimmatli sovg‘alar taqdim etildi.

Tadbirda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Nuriymon Abulhasan so‘zga chiqib, diniy adabiyotlarni brayl yozuvida nashr qilish, audio-disklar chiqarish, ma'rifiy suhbatlar sonini ko‘paytirish, diniy-ma'rifiy tadbirlarni o‘tkazish uchun bino ajratish, juma ma'ruzalarini ularga tushunarli bo‘lishi uchun surdo tarjimonlar yordamida tashkil etish bo‘yicha ishlar rejalashtirilganligini ma'lum qilgandi.

Qo‘mita matbuot xizmatining ma'lum qilishicha, hozirda tashkilot tomonidan diniy-ma'rifiy teleko‘rsatuvlarni ham surdo tarjimonlar ishtirokida efirga uzatish va shu kabi boshqa qator xayrli amallar yuzasidan ishlar davom ettirilmoqda.

Navbatdagi “Muruvvat kuni” 2 dekabrda bo‘lib o‘tadi.

Top