8378.04 USD +3.94

9488.13 EUR +77.32

129.09 RUB +2.91

11133.6 GBP +234.69

17:28 / 25.11.2018 43846

Davriy nashrlarga qanday qilib majburiy emas, ixtiyoriy obuna bo‘lish mumkin - 10 maslahat

Ayni paytda yurtimizda obuna mavsumi ketmoqda. Maktablarda, o‘quv yurtlarida, turli tashkilot va korxonalarda davriy nashrlarga obuna uyushtirilmoqda. Asosan internet saytlarda obunaga majburiy tarzda uyushtirish noqonuniy ekanligi haqidagi maqolalar e'lon qilinmoqda.

Biz ushbu maslahatlar to‘plamimizda obuna va gazeta-jurnallarga qanday yozilish haqidagi maslahatlar bilan bo‘lishamiz.

1. Obuna — faqat qalb amri bilan bo‘lishi kerak

Barchamizning oilamizda azaldan davriy nashrlarga obuna bo‘lib kelingan. Oilaviy sevimli nashrlar ham borligi haqiqat. O‘zini hurmat qiladigan, o‘z ustida ishlashni istovchi inson — ayniqsa o‘qituvchi va shikoforlar hamda boshqa turli kasb egalari ma'naviyati kamol topishi, turli mavzular, jumladan, sohasiga oid yangiliklardan boxabar bo‘lib turishi uchun o‘ziga tegishli soha tomonidan ta'sis etilgan hamda mahalliy gazeta-jurnallarga o‘z ixtiyori, qalb amri bilan obuna bo‘lishi kerak.

Mabodo birorta nashrga obuna bo‘lishni istamasangiz ham, bunga hech kim sizni majburlay olmaydi. Bu sizning xohishingiz.

2. Nashrlarga guruh bo‘lib yillik yoki choraklar bo‘yicha yozilish mumkin

Obuna bo‘lishni istadingiz. Lekin yillik obuna narxlari sizni cho‘chitmoqda. Lekin tushuning, qog‘ozning narxi qimmat. Boz ustiga, u xorijdan valyuta evaziga keltiriladi. Umuman, bosmaxona va nashrning tayyorlash xarajatlari ham kun sayin oshib bormoqda. Bir nashrga yillik yozilish bir kishiga og‘irlik qilishi ham turgan gap. Shuning uchun ishxonada hamkasblaringiz bilan kelishib, ikki kishi o‘rtaga pul tashlab yillik obuna bo‘lish yoki o‘zingiz sevadigan nashrga yoki nashrlarga yil davomida 4 marta bo‘lib-bo‘lib — har chorakda bir obuna bo‘lishingiz mumkin. Shundagina oila byudjyetiga u qadar og‘irlik tushmaydi.

3. Ishxonalarda obunaga pul yig‘ish jarayonida qatnashmang

Ishxonada, o‘quv dargohlarida obuna uchun yoppasiga pul yig‘ilishiga qarshi chiqing. Chunki yig‘ilayotgan pulga qaysi nashr obuna qilinishi siz hal qilolmaysiz. Ko‘pgina hollarda siz istagan emas, kimdir istagan nashrni o‘qishga majbur bo‘lasiz. Qanday nashrga obuna bo‘lishni faqat va faqat o‘zingiz hal qilishingiz lozim. Chunki pulni siz to‘layapsiz.

4. Qanday obuna bo‘lish kerak?

O‘zingiz sevgan nashrga obuna bo‘lish uchun uyingizga eng yaqin pochta aloqa bo‘limiga yoki «Matbuot tarqatuvchi» ko‘shkiga (kioski) borasiz. Obuna katalogidan o‘zingiz istagan nashrni topib, obuna kartochkasini to‘ldirasiz va qancha muddatga obuna bo‘lganingizga qarab, sizga obuna kvitansiyasi beriladi. Gazeta yoki jurnalni pochta orqali uy (ishxona) manzilingizgacha yetkazib berishlari yoki arzonroqqa o‘sha yerning o‘zidan o‘zingiz paydar-pay olib turishingiz ham mumkin.

Eslatma: kimligi noma'lum, shubhali tashkilotlar orqali obuna bo‘la ko‘rmang! Bu holatda sizga kvitansiya yoki chek berilgan taqdirda ham nashr sizga yetkazib berilmasligi mumkin. Shuning uchun sinalgan tashkilotlar «O‘zbekiston pochtasi» AJ va «Matbuot tarqatuvchi» AKning joylardagi bo‘limlari orqaligina obuna bo‘lishni tavsiya etamiz.

5. Albatta chek yoki kvitansiya talab qiling

O‘zbekistonda har qanday mahsulot yoki ko‘rsatil(adi)gan xizmat uchun pul to‘lansa chek yoki kvitansiya taqdim etiladi. Faqatgina o‘sha hujjat siz ko‘rsatilyotgan xizmat yoki yetkaziladigan tovar uchun pul to‘laganingizni tasdiqlaydi. Ayrim tahririyatlar korxona yoki uyingizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri nashrni yetkazish bo‘yicha shartnoma imzolaydi. Bu holatda ham sizga o‘sha shartnomadan bir nusxa hamda pul to‘langani haqida chek berishlarini talab qiling.

6. Farzandlaringizni ham obunaga o‘rgating

Maktablar, litseylar, kollej yoki oliygohlarda o‘qiyotgan farzandingizning ham to‘g‘ri tarbiya topishi, tengdoshlarining ijodlaridan xabardor, mutolaa madaniyatidan bahramand bo‘lishlari uchun bolalar va yoshlar uchun mo‘ljallangan davriy nashrlar — gazeta yoki jurnallarga obuna bo‘lishga ko‘niktirib boring.

Yurtimizda bolalar va o‘smirlar, yoshlar uchun mo‘ljallangan davriy nashrlar talaygina. Oilangizda farzandlaringizning sevimli nashri bo‘lsin. Bu holatda ham obuna uyushtirishda yuqorida qayd etilgan maslahatlarga amal qiling. Farzandingizning qo‘liga ko‘r-ko‘rona obuna uchun pul berib yubormang. Mabodo, o‘quv dargohida obuna uchun pul talab qilishsa, obuna bo‘lganlik haqidagi kvitansiya yoki chekni olib borib ko‘rsatishsin. Hech kim farzandingizga aynan falon nashrga obuna bo‘lasan, deb aytishga haqqi yo‘q.

7. Majburiy obuna holati yuz berganda nima qilish kerak?

Hech kim, hech qanday rahbar «falon nashrni o‘qiysan», «falon nashrga mana shuncha nusxadan obuna qilib berasan», deb talab qo‘yishga haqli emas. Bunday og‘zaki buyruqni bajarmaslikka haqqingiz bor. Bunday buyruq berilayotganida uni audioyozuvga tushirishga harakat qiling. Agar, shunday buyruq yozma tarzda berilsa — undan nusxa olishga harakat qiling. Noqonuniy xatti-harakat ustidan qo‘lingizda albatta isbot bo‘lsin.

8. Qayerga shikoyat qilish kerak?

Aytaylik, bunday holat sog‘liqni saqlash muassasalarida yuz berganida vazirlikning (71) 241-16-40, (71) 239-46-10 telefon raqamlariga, maktablarda ro‘y bersa — Xalq ta'limi vazirligining 1006 ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilishingiz mumkin.

Majburiy obunaga pul yig‘ish va evaziga to‘lov haqida hujjat bermaslik, mohiyatan noqonuniy hashar hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 200-06-00 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib shikoyat qilishingiz mumkin.

Majburiy tarzda obuna uyushtirilayotgani haqida matbuot orqali shikoyat qilishni istasangiz, qo‘lingizdagi dalil isbotlarni info@kun.uz elektron pochtasiga yoki @muxbir1 Telegram akkauntiga jo‘natishingiz mumkin. KUN.UZ ism-sharifingiz sir saqlanishini ta'minlaydi.

9. Tahririyatlar qanday yo‘l tutishlari kerak?

Obuna mavsumida tahririyatlar korxona, tashkilot va muassasalarda turli uchrashuvlar o‘tkazish, bu tadbirlarda mushtariylarga gazeta haqida to‘liq ma'lumot berishlari mumkin.

Ana shunda tadbirlarda tahririyat obunachi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma ham imzolashi, naqd yoki to‘lov terminali orqali plastik kartochkadan obuna uchun pul qabul qilinishi, obunachiga chek taqdim etishi mumkin. Albatta bunday shartnoma tahririyat va obunachi bilan bevosita tuzilishi lozim. Tahririyat nomidan kimdir (aytaylik, o‘sha tashkilotning rahbari) bu ish bilan shug‘ullanmasligi kerak. Hamma o‘zining ishini qilishi lozim.

Tahririyat vakillari korxonalarga borib, «mana shuncha nusxada obuna tashkillashtirib bermasalaringiz, sizlarni gazetada muttasil tanqid qilib boramiz», demasliklari kerak. Aksincha, obunachilarga korxona va tahririyat o‘rtasida mustahkam aloqa o‘rnatilishi, ularning talab va istaklari, ularni qiynayotgan muammo va kamchiliklar doimo matbuot yuzini ko‘rishini va'da qilish kerak.

10. Korxona rahbarlari obuna mavsumida nima qilmasliklari kerak?

Hurmatli rahbar! Obuna uyushtirish — sizning birlamchi vazifangizga kirmaydi. Obuna O‘zbekiston Respublikasida yashovchi har bir fuqaroning mustaqil qarori, o‘z xohishi asosida amalga oshirilishini unutmang.

Obunaga xodimlardan pul yig‘ish ma'muriy (hatto jinoiy!) javobgarlik keltirib chiqaradigan noqonuniy xatti-harakat ekanligini yodda tuting. Bunday noqonuniy xatti-harakatga bosh bo‘lib, sharmandali tarzda ishdan olinishingiz mumkinligini ham nazardan qochirmang. Bu yoqimsiz voqea butun umr sizni ta'qib qilishi mumkinligini aslo unutmang.

Aksincha, xodimlarga obuna bo‘lishni targ‘ib qiling va qanday nashrlarga obuna bo‘lishni ularning o‘z ixtiyoriga qo‘yib bering. Ortiqcha foyda hisobidan korxonaning kutubxonasi yoki ma'naviyat xonasini yillik obuna orqali eng sara nashrlar bilan to‘ldirib qo‘ying.

Shuhrat Shokirjonov tayyorladi.

Top