20:30 / 26.11.2018
27759

Fermer qasamyodi yoki qasamyodning yuridik oqibatlari

Guliston shahri hokimligi binosi qarshisidagi maydonda Boyovut va Guliston tumanlari fermerlari «o‘z ahdlariga, shon-shavkatlariga sodiqligini ifodalab, yurt taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shishni, nopok ishlarga qo‘l urmaslikni ezgu niyat qilib, qasamyod qabul qilgan»i muhokamalarga sabab bo‘ldi. Chunki, qonun hujjatlariga ko‘ra harbiylar, vrachlar, sudyalar qasamyod qilishi belgilangan bo‘lib, tadbirkorlik sub'yekti – fermerning qasamyod qilishi qonunchilikda belgilanmagan.

Tadbirkorlik sub'yektining bunday shaklda qasamyod qilishi chindan ham hayratlanarli bo‘lib, menda fermerlarning qanday ahdlari borligi, qanday shon-shavkatga sodiqlik talab qilinishi kabi savollar tug‘iladi. Bu yer egalari oldidagi ahdlarmi? Yoki shartnomaviy majburiyatlarmi?

Quyida qasamyodning huquqiy mazmuni va fermerning huquqiy holati bo‘yicha qisqacha o‘z fikrimizni bildiramiz.

Qasam qadim zamonlardan beri qo‘llanib keladi. Diniy normalarda qasam muqaddas hisoblanib, uni buzish gunoh hisoblangan.

Qasamyod (qasam) o‘z mohiyatiga ko‘ra muayyan majburiyatlarni bajarishga bo‘lgan sadoqat va fidoyilikni tantanavor ifoda etishni anglatadi.

Qasamyod, huquqiy nuqtai nazardan, muayyan mansabdor shaxslar yoki xizmatchilarning davlat, jamiyat va fuqarolar oldidagi axloqiy hamda huquqiy mas'uliyatini tantanali tan olishga xizmat qiladigan institut sifatida ko‘riladi. Qonunchiligimizda muayyan mansabdor shaxslarning qasamyod qilishi lavozim majburiyatlariga kirishishning sharti sifatida belgilangan bo‘lib, Prezident, sudya, harbiy xizmatchi, vrach, advokat kabi lavozimlarga kirishish uchun o‘rnatilgan tartibda qasamyod qabul qilish lozim.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 92-moddasiga muvofiq Prezident O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi yig‘ilishida qasamyod qabul qilgan paytdan boshlab o‘z lavozimiga kirishgan hisoblanadi:

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining «Sudlar to‘g‘risida»gi Qonuniga ko‘ra ilk bor sudyalik lavozimiga saylangan yoki tayinlangan shaxs quyidagi mazmunda qasamyod qilganidan keyin o‘z vazifasini bajarishga kirishadi:

«Zimmamga yuklatilgan vazifalarni halol va vijdonan bajarishga, odil sudlovni faqat qonunga bo‘ysungan holda amalga oshirishga, sudyalik burchim va vijdonim buyurganidek beg‘araz, xolis va adolatli bo‘lishga tantanali qasamyod qilaman».

Sudyalar O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i, Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat bayrog‘i oldida ham tantanali vaziyatda qasamyod qilishadi.

Huddi shuningdek, qonun hujjatlariga muvofiq harbiy xizmatchilar harbiy xizmatga kirishda, vrachlar ham oliy tibbiy ma'lumot haqida hujjat olgan vaqtda qasamyod qiladi.

Lekin qasamyodni buzish to‘g‘ridan-to‘g‘ri oqibat keltirib chiqarmaydi, to‘g‘rirog‘i qasamyodni buzganlikni tartibga soluvchi alohida huquqiy mexanizm yo‘q. Bu kasb etikasi qoidalari hamda tegishli qonun hujjatlarini buzish (masalan, mansab vakolatidan chetga chiqish, mansabga sovuqqonlik bilan qarash, pora olish) uchun javobgarlikni belgilash orqali tartibga solinadi.

Yuqoridagilardan ko‘rinadiki, qasamyod muayyan lavozim bo‘yicha xizmat vazifasiga kirishayotgan shaxslar tomonidan o‘z kasbiga, vazifalariga sadoqatini tantanali e'lon qilishdir.

Fermer ham qasamyod qiladimi?

O‘zbekiston Respublikasining «Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida»gi Qonunining 3-moddasiga ko‘ra, fermer xo‘jaligi ijaraga berilgan yer uchastkalaridan foydalangan holda qishloq xo‘jaligi mahsulotini yetishtirish hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa faoliyat turlari bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub'yektidir.

Shuningdek, fermer xo‘jaligi yuridik shaxs bo‘lib, uning boshlig‘i shu xo‘jalikning muassisi — fermerdir. O‘n sakkiz yoshga to‘lgan, qishloq xo‘jaligida tegishli malaka yoki ish tajribasiga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi fermer bo‘lishi mumkin. Boshqa yuridik va jismoniy shaxslar bilan munosabatlarda fermer xo‘jaligi nomidan ana shu xo‘jalik boshlig‘i ish ko‘radi.

Demak, fermer xo‘jaligi tadbirkorlik sub'yekti – yuridik shaxs bo‘lib, uning boshlig‘i davlat va jamiyat oldida, shartnomaviy majburiyatlaridan tashqari, alohida bir vazifa olmaydi. Tabiiyki, qonun hujjatlarida belgilangan majburiyatlarni bajarish har bir shaxs (barcha jismoniy va yuridik shaxslar) uchun majburiy bo‘lib uning uchun marosim shaklida qasamyod qilish ahamiyatga sazovor hisoblanmaydi.

Agar fermerlarning xabarda keltirilgan «o‘z ahdlariga, shon-shavkatlariga sodiqligi» masalasiga to‘xtalsak, buni o‘z shartnomaviy majburiyatlarini, ya'ni fermer va tayyorlovchi o‘rtasida tuziladigan kontraktatsiya shartnomasi bo‘yicha majburiyatlarni bajarishga ahd qilish deb tushunish to‘g‘ri bo‘lsa kerak (albatta, qonunda faoliyatidan kelib chiqib bir qator majburiyatlar belgilangan). Shartnomaviy majburiyatlar esa o‘zaro manfaatdorlikni taqozo etib, ushbu majburiyatlarni bajarish qasamyod orqali ta'minlanmaydi.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilar bilan tayyorlov, xizmat ko‘rsatish tashkilotlari o‘rtasida shartnomalar tuzish, ularni ro‘yxatdan o‘tkazish, bajarish, shuningdek, ularning bajarilishi monitoringini olib borish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq kontraktatsiya shartnomasi bo‘yicha xo‘jalik bunday mahsulotlarni qayta ishlash yoki sotish uchun xarid qiluvchi shaxsga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini kelishilgan muddatlarda berish majburiyatini oladi, tayyorlovchi esa muayyan narx bo‘yicha kelishilgan muddatlarda haq to‘lab ushbu mahsulotlarni sotib olish majburiyatini oladi.

Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, fermerlar o‘z mahsulotlarini sotadigan tayyorlovchilar oldida qasamyod qilishlari to‘g‘ri bo‘lardi. Biroq, qasamyod tadbirida viloyat hokimi, viloyat prokuraturasi va huquqni himoya qilish organlarining vakillari ishtirok etgani, tadbirning viloyat hokimiyati qarshisida tashkil etganidan ko‘rinadiki, fermerlar davlat organlari oldidagi ahdlariga sodiqlik bo‘yicha qasamyod qilishgan bo‘lishi mumkin.

Umuman, olganda tadbirkorlik sub'yektlari bo‘lgan fermer xo‘jaliklari rahbarlarining bunday shaklda davlat organlari xodimlari qarshisida qasamyod qilishi tadbirkorlik muhitiga salbiy ta'sir qiladi. Chunki, yuqorida ta'kidlanganidek, qonunchilik fermer o‘z mahsulotini foyda olishni ko‘zlab ishlab chiqarishi va sotishi lozimligi nazarda tutadi. Mazkur holatda esa fermerlarning katta ehtimol bilan majburan qasamyodga keltirilgani ehtimoldan xoli emas.

Qolaversa, tadbirkorlik sub'yektiga qasamyod shaklida majburiyat yuklash na huquq va na axloq normalariga to‘g‘ri keladi.

Xolmirzayev O‘tkirbek. TDYuU o‘qituvchisi.

Mavzuga oid
Top