08:45 / 26.11.2018
25363

Toshingizni o‘ylab oting!

Foto: 123RF

KUN.UZ saytida e'lon qilingan, Shuhrat Shokirjonov muallifligidagi «Majburiy obuna sxemasi. Mushtariyga majburan tiqishtirilayotgan nashrlardan nima naf?» maqolasidan parcha:

«To‘g‘ri-da, jon kuydirib ishlash o‘rniga, bir-ikki oy davomida qayerdadir yaxshi gapirib, ayrim joylarda yalinib, qayerdadir do‘q-po‘pisa bilan ishni bitirib, obunadan bir yil mobaynida mayda chaynab yeyishga yetadigan mablag‘ to‘plash — ba'zi tahririyatlarning asosiy ishi bo‘lib qolgan. Obuna qay tarzda uyushtirilayapti, pul qanday yig‘ilayapti, mushtariy rozimi oyligidan shu pulni berganiga, o‘zi unga qiziqmi shu nashrni o‘qish — yigirmanchi o‘rindagi masala».

Hurmatli Shuhrat Shokirjonov, juda to‘g‘ri, hayajonli satrlarni yozibsiz, rahmat. Obunadan bir yil mobaynida mayda chaynab yeyishga yetadigan mablag‘ to‘plashdan boshqa asosiy ishi bo‘lmagan tahririyatlarda ishlaydiganlar sizning bu kibrona gaplaringizni o‘qib shunchalar bekorchi ish bilan (ya'ni, boshqalar hisobidan kun ko‘rish) band ekanliklaridan uyalib shu kunlarda tezda kasblarini o‘zgartirsalar ajabmas. Siz va «Davriy nashrlar kerakmi?» deya har yili obuna mavsumida zavq bilan jar soladiganlar xursand bo‘lsa bo‘ldi...

«Gadoning dushmani gado bo‘ladi», deganlaridek har yili obuna mavsumi boshlanar boshlanmas, sizga o‘xshagan ba'zi kalondimog‘ jurnalistlar gazeta-jurnallarda ishlovchi hamkasblariga qarshi tayoq ko‘tarib maydonga chiqishadi, vajohatlaridan go‘yo shusiz ham deyarli yo‘q bo‘lish arafasida turgan tahririyatlarni ustidan kulib, kaltaklab butunlay jamiyat hayotidan o‘chirib tashlashsa «qahramonga» aylanishadi...

Xohlagancha qahramon bo‘lavering, faqat birovni haqorat qilish evaziga emas!

Endi vijdonan ayting, zo‘r jurnalist ekansiz, shu darajaga yetishishingizda davriy nashrlarni sal bo‘lsayam hissasi yo‘qmi? Ikki enlik maqolangiz yoki to‘rt satr she'ringiz ilk bor gazetada chop etilganida xursand bo‘lgandirsiz? Ilk mashqlaringizni — sizning ta'biringiz bo‘yicha «tekinxo‘r» — ustoz jurnalistlar ko‘rib chiqib biror maslahat bergandir, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatgandir yoki siz birdaniga shu darajaga yetib, saytdan turib boshqa hamkasblaringizga past nazar bilan qarayapsizmi?!

«Tumanga gazeta kerakma-a-a-as!», deya iddao qilishdan oldin qiziqib ko‘rdingizmi: tumanda yashovchi fuqarolar gazeta yopilishidan qay darajada manfaatdor bo‘lishadi?!

Oddiy bir e'lon berish uchun (korxonani yopish, yo‘qolgan guvohnomalarni qayta tiklash va boshqalar) saytga murojaat etib, har holda tartib-qoidani ijtimoiy tarmoq orqali rasmiylashtirmasa kerak? Mayli, bu qonun-qoidalarga ham biror o‘zgartirish, taklif kiritib yangicha tartib berarsiz balki, lekin umid bilan tahiriyat ostonasini hatlab keladigan yoshlarga kim ustozlik qiladi?!

Tushunmayman, sizga o‘xshagan jurnalistlarni qalamlari charxlanadigan tabarruk dargohni eshiklarini bekitib, umri shu dargohda so‘z ortidan yugurib, nari beri kun kechirayotgan bo‘lsa-da, kasbiga mehr berib yashayotgan jurnalistlarni yoppasiga ko‘chaga haydashdan sizga va sizning tarafdorlaringizga nima naf?! Siz cho‘ntagi uchun qayg‘urayotgan o‘qituvchi yoki shifokor (boshqa sohalarni aytmay qo‘ya qolay) maoshini o‘rtacha miqdori qancha bo‘lishi haqida tinimsiz muhokamalar bo‘layotgan bir paytda, bechora gazeta xodimi ertangi kunini, oylab ololmaydigan arzimas maoshi haqida ham o‘ylashga botinolmaydi, u nima uchun obunadan tushadigan pul hisobiga yashayotgani uchun tinimsiz malomat eshitishi (go‘yoki o‘g‘rilik qilayotgandek!) kerak?

Nima uchun yaxshi narsalar yozish, tinch ijod qilish o‘rniga zo‘r berib uqtirayotganlaridek gazetaning bozorgir bo‘lishi, reklamasi uchun qayg‘urishi kerak? Axir u ham boshqa soha xodimlari kabi o‘z vaqtida maosh olishga, bola-chaqasini bemalol boqishga haqi bor-ku yoki ular jamiyat uchun butunlay keraksiz odamlarmi?!

Obuna uchun nari borsa bir yilda bir kishi yuz ming, nari borsa ikki yuz ming ajratar, o‘sha kishidan so‘rab ko‘ring-chi, oddiygina telefoni uchun yoki biror oshxonada ovqatlanib chiqishi uchun qancha ajratar ekan?!

Lekin u obuna uchun sarflaydigan puli evaziga bir yil davomida tumandagi yangiliklardan xabardor bo‘ladi, qaysidir hamshaharining ish tajribalaridan, qaysidir mahalladoshining ijodi bilan tanishadi, hatto siz himoya qilayotgan o‘qituvchilarning o‘zi ham ommaviy axborotlarda chiqish qilishi shart va buning uchun qo‘shimcha maosh ham olishadi. Buni hech yomon joyi yo‘q-ku?

Siz birovning o‘sha yuz ming so‘miga qarab qolish, ming xil ta'na-yu minnatlarini, ustiga-ustak siz kabilarning istehzolarini, mazaxlarini eshitish davriy nashrlarda ko‘z nurini to‘kib ishlayotganlar uchun oson, deb o‘ylasizmi?!

Shusiz ham jurnalist bo‘lishni, keksa jurnalistlar izidan borib kasbini davom ettirishni yoshlar allaqachon orzu qilmay qo‘ygan va siz aytgan tuman gazetalariga yaqin o‘n yillikda biror mutaxassis kadr kelishi muhim voqea bo‘lib qolgan.

Bunga sabab ham jurnalistning jamiyatdagi mavqei, ijtimoiy ahvoli. Yetar, bas, voz kechish kerak bo‘lsa voz kechamiz, muxbirlar yoppasiga ijtimoiy tarmoqlarga o‘tishadi, saytlarda donolik qilish qo‘lidan kelmaydigan jurnalistlar bozorga chiqib kartoshka-piyoz sotar, sal yoshroqlari xorijga ketar, faqat siz va sizning fikringizdagilar davriy nashrlarni xaqorat qilish evaziga gonorar olib kibrlanishlariga ortiq toqat qilib bo‘lmaydi.

Lekin shuni bilingki, elektron kutubxonalar haqiqiy kitobning o‘rnini bosolmaganidek, elektron saytlar ham hech qachon gazetaning o‘rnini bosolmaydi!

Gazeta — eng avvalo, tarixiy hujjat, oradan yuz, ellik yil o‘tsa ham avlodlar uchun kerak bo‘ladigan manbaa, uni o‘qimaydigan odam hech qachon kitob ham o‘qimaydi, demak siz aytgan internetdan foydalanish uchun ham avval mutolaa madaniyati, saviya kerak.

Turli saviyasiz saytlardan foydalanish uchun bir kunda qancha sarflashadi?! Bir oy, bir yilda-chi?

Lekin bir yilda atigi bir marta bo‘ladigan obuna uchun tahririyatlarga tosh otish insofdan emas!

Nodira Do‘stmatova

Muallifdan: Maqolada barcha bosma nashrlar yo‘q bo‘lsin, degan g‘oya yo‘q. Muallif sifatida faqatgina majburiy obuna bilangina tirik nashrlar bu tarzda yashashga haqi yo‘qligini, hech kim hech narsaga majburlanmasligini ta'kidlab o‘tganman. Odamlar mobil aloqa va internet uchun pul sarflayotgan ekan, demak bu narsalar ular uchun ehtiyoj darajasiga chiqqan. Axir hech kim pul to‘lashga ularni majburlayotgani yo‘q-ku? Farqini sezyapsizmi?

Albatta, davriy nashrlarning ommaviy axborot tarqatishda o‘z o‘rni bor. Buni tan olaman. Lekin eng qizig‘i, majburiy obunasiz bemalol yashashda davom etayotgan gazetalar ham bor. Nega ular buning uddasidan chiqqan? Obuna mana shunday tarzda davom etishini istovchilar buni sinchiklab o‘rganishi kerak emasmi?

Hamkasblarimning bunday ahvolga tushib qolgani meni tashvishlantirmaydi, deb o‘ylaysizmi? Albatta, tashvishlantiradi. Modomiki, majburiy obunasiz davriy matbuot aniq yo‘qlikka yuz tutishi muqarrar bo‘lsa, balkim, televideniye uchun byudjyet hisobidan mablag‘ ajratilganidek, bosma OAVlar uchun ham byudjyetdan mablag‘ ajratish fursati yetgandir?

Bosma OAVlarda yetuk jurnalistlar ishlayotgani, sara fikrlar, g‘oyalar chop etilayotganiga shubha qilmayman. Lekin ular bitayotgan satrlar keng ommaga tarqalmay, gazeta sahifalaridagina qolib ketayotgani ham rost.

Shuning uchun jurnalist zoti baribir individuallashuvi kerak. Eng yetuk jurnalist har qanday sharoitda ishsiz qolmaydi.

Tahririyatlar esa ertadan boshlab onlaynlashishni ham boshlab yuborishlari kerak. Ayrim tahririyatlar allaqachon eskicha ishlash va fikrlashdan voz kechib, mana shu to‘g‘ri yo‘ldan muvaffaqiyat bilan odimlashmoqda.

Majburiy obuna esa baribir yomon illat. Bundan, albatta, xalos bo‘lishimiz kerak. Chunki shu obuna kampaniyasi davrida pul yig‘ilayotganining o‘zi keng qamrovli korrupsiyaga yo‘l ochadi. Hozirgi holatda eng alamlisi — respublika bo‘ylab obuna uchun yig‘ilayotgan pullarning yarmi ham tahririyatlarga borib tushmaydi. Kimlardir pulni «tuya» qilib, tahririyatlarning ham, obunachilarning ham haqiga chang solmoqda.

Shuning uchun kishilarni obuna qilishning yangicha (yoki unutilgan eskicha) yo‘llaridan foydalanish kerak. Aytaylik, ularning maoshidan obuna uchun qandaydir summani bosib qolish emas, ishxonalarda obuna bo‘lishga targ‘ib etib, ulardan qaysi nashrga obuna bo‘lgani haqida obuna kvitansiyasini so‘rash. Mana shu eng adolatli «majburlash» bo‘lar edi.

Mavzuga oid
Top