12:10 / 29.11.2018
5290

«Yandeks.Drayv» yangi xizmatni ishga tushirmoqda: yuk avtomobillari karsheringi

Foto: Anton Belitskiy / Kommersant'

«Yandeks.Drayv» servisi dekabr oyida Citroen Jumpy furgonlari asosida yuk karsheringini ishga tushiradi. Bu haqda «Kommersant'»ga kompaniyadan xabar berishdi. 

Dastlab, parkka 50 ta furgon kiradi, ularning maksimal yuk ko‘tarish hajmi 1,2 tonnani tashkil etadi. «Yandeks.Drayv» furgonlari Major dileridan operatsion lizing olmoqda. Kompaniya lizing shartnomasi shartlarini oshkor qilmadi. Agar xizmat talabga ega bo‘lsa, kompaniya parkni oshirishi mumkin, deya aytib o‘tishgan «Yandeks.Drayv»da.

Yangi avtomobillar ilovada taqdim etiladi. Furgonlarni ijaraga olishni foydalanuvchilar Uchinchi transport halqasi va Moskva halqa avtomobil yo‘li orasida boshlashlari hamda yakunlashlari mumkin. Bir daqiqa ijara haqi yo‘lda 24 rubl va kutish rejimida 7 rublga teng. «Yandeks.Drayv» ikki, besh yoki 12 soatlik ijara taklif qilishni rejalashtirmoqda, deya ta'kidlab o‘tishgan kompaniyadan. Masalan, ikki soatlik ijara to‘plamiga 30 km masofa kiradi, ijara qiymati 1050-1150 rublni tashkil etadi, bu kunning qaysi vaqti ekaniga bog‘liq.

«Yandeks.Drayv» servisi fevral oyida ishga tushirildi. Kompaniya ma'lumotlariga ko‘ra, to‘qqiz oyda kompaniya parki 750 mashinadan 6,5 mingta mashinagacha ortdi, har oyda xizmat foydalanuvchilari taxminan 1 millionga yaqin safarni amalga oshirmoqdalar.

Ma'lumot uchun: karshering - tomonlardan biri transport vositasi mulkdori bo‘lmaganida, avtomobildan foydalanish turi. Bu tegishli kompaniyalar yoki xususiy shaxslardan avtomobil ijarasi variantidir. Bunday ijara ma'lum bir me'yorlarga ko‘ra talab etiladigan avtomobildan foydalanishda qulaylik tug‘diradi. Karshering birgalikda foydalanish bo‘yicha iqtisodiyot taraqqiyotining global trendlaridan biri sanaladi.

Top