17:10 / 29.11.2018
8401

Uzbekistan Airways oldiga mintaqaviy yetakchi darajasiga chiqish vazifasi qo‘yildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 noyabr kuni «O‘zbekiston Respublikasining fuqaro aviatsiyasini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.

Ushbu hujjat bilan «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi qayta tashkil etilib, uning negizida Uzbekistan Airways va aeroportlar ustidan boshqaruv o‘rnatuvchi Uzbekistan Airports kompaniyalari (MChJ) tuziladi.

«O‘zbekiston havo yo‘llari» o‘rnida qayta tuzilayotgan Uzbekistan Airways oldiga xalqaro aviatashuvchilar hamjamiyatiga integratsiyalash, aviatashuvlar sohasida mintaqaviy yetakchi darajasiga erishish vazifasi qo‘yilgan.

«O‘zbekiston havo yo‘llari» tarkibiga kiruvchi barcha davlat unitar korxonalari mas'uliyati cheklangan jamiyatlarga aylantiriladi. Bu, xususan, samolyotlarga texnik xizmat ko‘rsatish va ularni ta'mirlashga ixtisoslashgan Uzbekistan Airways Technics aviakorxonasiga ham taalluqli. «O‘zaeronavigatsiya» markazi Vazirlar Mahkamasi ixtiyoriga o‘tkaziladi. «Maxsus aviatsiya ishlari aviakompaniyasi» negizida esa Uzbekistan Helicopters kompaniyasi tuziladi.

Uzbekistan Airways AJning asosiy vazifalari etib belgilandi:

- parvozlarning yangi yo‘nalishlarini o‘zlashtirgan va geografiyasini kengaytirgan holda havo kemalari parkidan samarali foydalanish;
- ishlab chiqarish jarayonlarini boshqarishning zamonaviy tizimlari va texnologiyalarini joriy etish, shuningdek, aviaparkni modernizatsiyalash, texnologik qayta jihozlash va yangilash;/
- havo kemalari bortida yo‘lovchilarga ko‘rsatiladigan servis xizmatlari, shu jumladan, xorijiy aviakompaniyalarning aviatsiya texnikasiga texnik xizmat ko‘rsatish va uni ta'mirlash ishlari sifatini oshirish;
- kompaniyaning raqobatbardoshligini ta'minlash maqsadida yo‘lovchilar, yuklar, pochta va bagaj tashish sohasida moslashuvchan tarif siyosatini olib borish;
- eng avvalo, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni, shu jumladan, aksiyalar va korporativ obligatsiyalar chiqarish orqali jalb qilish;
- parvozlarni amalga oshirishda yuqori darajadagi xavfsizlikni, shuningdek, havo kemalariga texnik xizmat ko‘rsatish sifatini ta'minlash;
- aviakompaniyani xalqaro aviatashuvchilar hamjamiyatiga integratsiyalash, aviatashuvlar sohasida mintaqaviy yetakchi darajasiga erishish.

Mamlakatdagi aeroportlarni boshqarish bilan shug‘ullanuvchi yangi tashkil etilayotgan Uzbekistan Airports kompaniyasi oldiga aeroportlarni uzoq muddatli rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish, aeroportlar infratuzilmasini takomillashtirish uchun, shu jumladan, aeroportlarni boshqarish sohasida davlat-xususiy sheriklik va yetakchi xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlik qilish mexanizmlaridan foydalangan holda investitsiyalar jalb qilish, aviatashuvchilar yo‘lovchilariga aeroportlarda yuqori darajada xizmat ko‘rsatilishini ta'minlash, ular uchun zarur barcha qulay shart-sharoitlarni yaratish hamda aeroportlar tegishli xizmatlarining samarali faoliyatini ta'minlash, yo‘lovchilar, yuklar, pochta va bagajga xizmat ko‘rsatish jarayonini maqbullashtirish kabilardan iborat.

Farmonda jahon aviatashuvlari bozorida mamlakatimiz fuqaro aviatsiyasining raqobatbardoshligini ta'minlash va ushbu sohaga investitsiyalarni faol jalb qilish uchun mamlakatimizning fuqaro aviatsiyasida tarkibiy islohotlarni amalga oshirishni davom ettirishga to‘sqinlik qilayotgan bir qator tizimli kamchiliklar saqlanib qolayotgani qayd etilgan.

Uzbekistan Airways Jahon banki guruhini va boshqa xalqaro maslahatchilarni jalb qilgan holda, aktivlarning aviakompaniya rentabelligini ta'minlovchi maqbul tuzilmasini hisobga olgan holda o‘z faoliyatining barqaror biznes-modeli ishlab chiqadi.

Vazirlar Mahkamasining Hududlarni kompleks rivojlantirish va kommunal soha, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari bo‘yicha axborot-tahlil departamenti tuzilmasida 7ta shtat birligidan iborat tarkibda aviatsiya tarmog‘ini isloh qilish masalalari bo‘yicha sektor tuziladi.

Uning zimmasiga quyidagilarni nazarda tutuvchi O‘zbekistonning fuqaro aviatsiyasini rivojlantirish siyosatini ishlab chiqishni muvofiqlashtirish vazifalari yuklandi:

- mahalliy va xorijiy tashuvchilarning milliy havo qatnovlari bozoriga kirish qoidalari;
- aeroportlar infratuzilmasini va aeronavigatsion xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish dasturi;
- davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi zarur bo‘lgan subsidiyalanadigan aviayo‘nalishlarni tanlash siyosati;
- aeroportlar xizmatlarini ko‘rsatishda xususiy sektor ishtiroki va raqobat muhitini ta'minlashga doir mexanizmlar;
- aeroportlarning aviatsiya va noaviatsiya xizmatlari narxlarini tartibga solish;
- fuqaro aviatsiyasi sohasida iste'molchilar va atrof-muhitni himoya qilish chora-tadbirlari;
- xalqaro aviatsiya tashuvlari sohasida xalqaro shartnomalar tuzish va ularning shartlari bajarilishini ta'minlash chora-tadbirlari.

Farmonda samolyotlar (TIF TN bo‘yicha kodi: 8802, 8803 va 8805), shu jumladan, olib kirilgan vaqtda ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan samolyotlar, jahon brendlarining yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish uchungina foydalaniladigan servis inventari va alkogol ichimliklari uchun 2023 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatda bojxona to‘lovlari to‘lashdan ozod etish (bojxona rasmiylashtiruvi uchun undiriladigan to‘lovlar bundan mustasno) ko‘zda tutilgan.

«O‘zbekiston havo yo‘llari» MAKni qayta tashkil etishga doir kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va amaliy ko‘maklashish bo‘yicha ishchi komissiya tuziladi.

Abdulla Aripov rahbarligidagi komissiya oldiga 2019 yil 1 iyungacha bo‘lgan muddatda qo‘shimcha kompaniyalarning, shu jumladan, kam byudjyetli aviakompaniyalar (loukosterlar) va tijorat aviatsiyasi xizmatlarini ko‘rsatadigan korxonalar faoliyati uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish, shu jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilgan holda qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish vazifasi ham yuklatilgan.

Mazkur Farmonga muvofiq tuziladigan xo‘jalik jamiyatlari ijro etuvchi organlarining a'zolari yetakchi aviakompaniyalarda katta tajribaga hamda korporativ boshqaruv, menejment va moliya sohasida zarur malakaga ega bo‘lgan mutaxassislar, shu jumladan, xorijiy fuqarolar orasidan tanlab olinadi. Uzbekistan Airways va Uzbekistan Airports’ning ijro etuvchi organlari tashkiliy tuzilmalari, shuningdek, kuzatuvchilar kengashlari tarkiblariga korporativ boshqaruv va fuqaro aviatsiyasi sohasidagi mustaqil, shu jumladan, xorijiy mutaxassislar jalb etilishi lozim.

Top