02:22 / 29.11.2018
10510

O‘zbekiston oliygohlari Top-universitetlar ro‘yxatidan joy olishi uchun qaysi yo‘nalishda ish olib borishi lozim? Xorijiy ekspertlar tavsiyalari

Foto: Kamil Yenikeyev

Yaqinda Scopus ilmiy-tahliliy ma'lumotlar bazasi versiyasiga ko‘ra, O‘zbekiston olimlarini taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi, unda yurtimizning eng yaxshi olimlari taqdirlandi. Bu O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi ta'lim xabiga aylanishi sari qo‘yilgan navbatdagi qadam bo‘ldi.

Kun.uz muxbiri O‘zbekiston olimlari va oliy ta'lim muassasalari xalqaro reytinglarda munosib o‘ringa ega bo‘lishi hamda nufuzli sovrinlarni qo‘lga kiritishi uchun qaysi yo‘nalishlarda ish olib borish kerakligiga qiziqish bildirib,  Quacquarelli Symonds (QS) agentligining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Zoya Zaytseva hamda Elsevier Central Asia mintaqaviy direktori Aliya Ospanova bilan suhbatlashdi.

QS agentligining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Zoya Zaytseva uch asosiy yo‘nalishga alohida e'tibor qaratish zarurligini ta'kidladi.

  1. Nufuzni oshirish ustida ish olib borish. Amaliy tilga o‘giradigan bo‘lsak, bu tanilish ustida ishlashni anglatadi. Bu universitetlar nomidan boshlanadi. Ko‘p institutlar qayta nomlanish jarayonini boshdan kechiradi, ba'zilari xalq orasida - boshqacha, rasman – boshqacha nomlansa, Scopus'da esa yana boshqa bir nom bilan ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Agar universitet ilmiy jamoasi oliygoh nomini to‘g‘ri qo‘llashda izchillikka rioya qilmasa, ovozlar yo‘qoladi. Demak, eng avvalo universitet nomlanishini to‘g‘ri yozishga e'tiborli bo‘lish kerak.
  2. Xalqaro tadbirlarda ishtirok etish. O‘zbekiston ilm-fanning turli sohalarida ajoyib yutuqlarga erishgan bo‘lishiga qaramay, bu haqida dunyo ahli yaxshi bilmaydi. O‘zbekiston olimlarining xalqaro tadbirlarda nafaqat tinglovchi, balki ishtirokchi sifatida qatnashishi –muvaffaqiyatli faoliyat uchun zarur bo‘lgan qadamlardan biri.
  3. Universitetlar bitiruvchilari bilan o‘zaro munosabatlar. Qator universitetlar, aniqrog‘i, professorlar o‘zlarining muayyan yutuqlarga erishgan bitiruvchilarini yaxshi bilishadi. Biroq qolganlar ular haqida bilmaydi. Bizning reytinglar natijalari taqdim etiluvchi topuniversities.com saytimiz bor, o‘tgan yili 56 million kishi unga kirib, ma'lumot izlagan, bu juda ajoyib trafik. U yerga ma'lumotlarni bepul joylashtiramiz. Universitetlar u yerda o‘z profilini yaratishi mumkin. Buning uchun ulardan faqat so‘rov yo‘llash talab etiladi. Biz login, parol, ko‘rsatmalar beramiz va olg‘a! Qolganini universitetlarning o‘zi bajaradi. Agar universitetda yetakchi bitiruvchilar (eng yaxshisi, xalqaro o‘quvchilar auditoriyasiga qiziq bo‘lishi uchun xorijlik bitiruvchilar) bo‘lsa, biz ular bilan intervyu o‘tkazib, deylik, koreyalik talabaning O‘zbekistonga tibbiyotni o‘rganishga kelib, ayni damda yo o‘z vatanida, yoki yana boshqa bir davlatda ishlayotgani haqidagi ma'lumotni joylashtiramiz, chunki aynan shunday hikoyalar yoshlarda ko‘proq qiziqish uyg‘otadi.

Zaytsevaning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi universitetlar xalqaro maydonda raqobatbardosh bo‘lishi uchun ko‘proq o‘z nomini tanitish ustida ish olib borishi zarur.

“O‘zingizni maqtang! Universitetlaringiz va olimlaringiz nafaqat o‘z “oshxonasi” ichida, balki xalqaro maydonda ham o‘zini maqtashni o‘rganishi kerak. Ta'lim milliy daromadning muhim bandi hisoblanuvchi Shimoliy Amerika, G‘arbiy Yevropa, Avstraliya buni qanday amalga oshirayotganiga qarashning o‘zi kifoya, ular hatto arzimas narsani chiroyli “qadoq”qa o‘rab namoyish qilishdan uyalishmaydi” – deya tavsiya qiladi mutaxassis.

Elsevier kompaniyasining Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy direktori Aliya Ospanova O‘zbekiston xalqaro akademik  hamjamiyatda o‘z o‘rnini topishi uchun tarixiy-genetik xususiyatga ega ekanini ta'kidladi.

“Bugungi kunda O‘zbekistonda ilm-fan yuqorilamoqda, bunga qadar esa bu soha asosan yopiq bo‘lgan, olimlar o‘z tadqiqotlarini dunyoga namoyish qilishmagan. Hozir esa shularning ustida ish olib borilmoqda. Bizda ham ro‘yxatdan o‘tuvchi patentlar soni oshdi, bu esa tadqiqotlar tijoratlashuvining asosiy natijasi hisoblanadi. O‘zbekistonda tarixiy-genetik xususiyat mavjud, masalan, Harvard, Oksford kabi barcha yetakchi universitetlar talabalari Abu Ali ibn Sinoning kitoblari bo‘yicha tibbiyotni o‘rganishadi. Bu o‘lkadan chiqqan olimlar hanuz ko‘p sohalar bo‘yicha yetakchi olimlar hisoblanadi”, - deydi Ospanova.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yana bir e'tiborga molik masala – xorijda muvaffaqiyatli faoliyat yurituvchi, juda katta ko‘rsatkichlarga ega o‘zbekistonlik olimlar. Aliya Ospanova ularni ortga qaytarish yoki “Buyuk kelajak” tashabbusi yordamida ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni taklif qildi.

“Ularni ortga qaytarishning imkoni bo‘lmasa, Qozog‘iston tajribasiga amal qilish mumkin, - deya qo‘shimcha qiladi Zoya Zaytseva. – Ular hozir ko‘zgu laboratoriyalari loyihasini yo‘lga qo‘yishgan, ya'ni, deylik, bir olimning Shimoliy Amerikada laboratoriyasi bor, xuddi shunday laboratoriya Qozog‘istonda ham yaratiladi va bir tadqiqot turli jamoalar bilan birga o‘tkaziladi, olim barcha zarur jihozlarini olib kelib, mahalliy olimlar bilan o‘z tajribasini bo‘lishadi. Xalqaro tadqiqot madaniyati shu tariqa shakllanadi”.

 

Zoya Zaytsevaning ta'kidlashicha, Nobel sovrindorini tarbiyalash uchun unga to‘g‘ri muhit kerak bo‘ladi – birinchi navbatda yosh olim dunyoda sodir bo‘layotgan yangiliklardan boxabar bo‘lishi, buni to‘g‘ri o‘qishi va qo‘llay bilishi, shuningdek tajriba qilish, tadqiqot o‘tkazish hamda xalqaro loyihalarda ishtirok etish imkoniga ega bo‘lishi kerak.

“Men monofaollikka, ya'ni kimdir bir laboratoriyada qulflanib olib, katta kashfiyot qilishiga ishonmayman. Men ilmiy hamkorlikka ishonaman. Agar olim boshqa universitetlardagi hamkasblarini jamlovchi megagrantlar va loyihalarda qatnashsa, shubhasiz,  ixtirolarga yo‘l va imkoniyatlar ochiladi. Biroq buning uchun unga qulay muhit kerak bo‘ladi. Agar olim qolgan narsalarga chalg‘imay, tadqiqot bilan shug‘ullanish imkoniga ega bo‘lsa, albatta katta yutuqlarga erishadi”, - deya ta'kidlaydi u.

Ekspertlarning ma'lum qilishicha, hozircha Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida xalqaro reytinglarda Qozog‘iston faol, lekin O‘zbekistonning yutug‘i ularning xatolarini takrorlamaslik imkoniga ega ekanligida. Ta'kidlanishicha, O‘zbekistonda olimlar soni Qozog‘istondagiga nisbatan bir necha baravar ko‘p, shunchaki bu yo‘nilishda zarur ishlar olib borilmagan. Qozog‘iston ushbu reytinglarga 2011 yilda qo‘shilgan, O‘zbekiston esa endigina kirdi va muayyan yutuqlarga erishishga ulgurdi.

Ta'kidlash joizki, joriy yilda O‘zbekistonda Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi xorijda mutaxassislar tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot bo‘yicha Markazni «El-yurt umidi» jamg‘armasiga o‘zgartirish to‘g‘risidagi farmon imzolangan.

Jamg‘arma faoliyati katta ilmiy va amaliy tajribaga ega bo‘lgan, xorijdagi taniqli ilmiy-tadqiqot, ta'lim va tibbiy muassasalar, iqtisodiyotning istiqbolli sohalarida ishlovchi vatandoshlar bilan aloqalar o‘rnatishga qaratilgan. Unga ko‘ra, katta ilmiy va amaliy tajribaga ega vatandoshlar elektron reyestri tashkil etiladi hamda yuritadi. Bundan tashqari, xorijiy olimlar, o‘qituvchilar, muhandislar va boshqa mutaxassislarni ta'lim, sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot va davlat boshqaruvi sohalariga jalb etish bo‘yicha tadbirlarni ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi.

Xorijiy ekspertlarning taklif va tavsiyalari hamda mamlakatda akademik hamjamiyat uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni inobatga olgan holda, o‘zbekistonlik olimlar va oliy ta'lim muassasalarining faollashuviga, o‘z imidji, nufuzini oshirish ustida yanada ko‘proq ishlashiga, xalqaro miqyosdagi tadbirlarda yangidan yangi tashabbuslar bilan ishtirok etishlariga hamda xalqaro reytinglardan munosib o‘rin egallashlariga umid bildiramiz.

Mavzuga oid
Top