8535.74 USD +17.06

9566 EUR -86.52

132.57 RUB +1.24

10746.5 GBP -101.19

18:20 / 30.11.2018 17735

Buxoroda yana bog‘ mojarosi. Uzoq yillar davomida barpo qilingan bog‘ buzib tashlandi

Yaqinda internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan video ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ushbu videoda Buxoro shahridagi mevali daraxtlardan iborat bog‘ maxsus texnika yordamida ayovsizlarcha surib tashlanayotgani aks etgan.

Buxoro shahrida yashovchi fuqaro Xosiyat Jalolovaning Kun.uz tahririyatiga yo‘llagan, aynan ushbu videolavha bilan bog‘liq murojaati joyida o‘rganilib, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama bo‘lgan holatga imkon qadar oydinlik kiritildi.

Youtube'da ko‘rish

Mover'da ko‘rish

Buxoro shahridagi «Furqat» mahallasi hududidagi avval yashnab turgan bog‘ o‘rnida hozirda qurilish uchun kavlangan yer va mevali daraxtlardan bir uyum o‘tin qolgan.

Ushbu holat yuzasidan Xosiyat Jalolova quyidagilarni so‘zlab berdi.

«Uyimiz yaqinida «Buxoroyog‘ekstrakt» ochiq aksiyadorlik jamiyatiga tegishli klub bor edi. Ancha yillar avval klubning atrofi chiqindilarga to‘la, tashlandiq joy edi. Shu yerni ko‘kalamzorlashtirish maqsadida shahar hokimiga murojaat qilgan edim. 2009 yilda ruxsat berishdi. Necha yillardan buyon mehnat qilib, bu yerni unumdor yerga aylantirdim. 500 tupdan ortiq mevali daraxt ekib, bog‘ yaratdim. Endi esa shahar hokimligi bu yerni mendan tortib oldi va bir kunda kelib, bog‘ni ayovsizlarcha buzib tashlashdi. Shuncha mehnatim va bog‘imga achinaman. Necha yillardan buyon qanchadan-qancha mablag‘ sarflagandim bu yerga. Bu yerga uy quriladi, deyishdi. Axir, o‘sha uy qurmoqchi bo‘lganlarning o‘zlari bog‘ qilishimga ruxsat berishgandi-ku?! O‘z vaqtida ogohlantirishganda men shuncha mehnatimga, sarf-xarajatga kuyib qolmasdim. Hattoki, bog‘ buzilishidan keyin daraxtlardan qolgan o‘tinni ham menga ravo ko‘rishmadi va sotib yuborishdi. Menga yetkazilgan zarar qoplanishini so‘rayman», – deydi Xosiyat Jalolova.

O‘rganishlar davomida ma'lum bo‘lishicha, Xosiyat Jalolova 2009 yilda ushbu yerni obodonlashtirish uchun shahar hokimligiga ariza bilan murojaat qilgan.

«Buxoroyog‘ekstrakt» OAJ kasaba uyushmasi qo‘mitasining 2008 yil 29 dekabrdagi 10-sonli qarori bilan Xosiyat Jalolovaga klubning o‘ng tomonidagi bo‘sh yer maydonini ko‘kalamzorlashtirish uchun ruxsat berilgan. Buxoro shahar arxitektura va qurilish boshqarmasi tomonidan 2009 yil 21 maydagi 923-sonli xat bilan ushbu hududda ko‘kalamzorlashtirish ishlarini olib borishga e'tiroz yo‘qligi ma'lum qilingan.

Buxoro shahar hokimining 2010 yil 26 martdagi 363-sonli «Yer maydonlarini zaxiraga olish to‘g‘risida»gi qarori asosida «Buxoroyog‘ekstrakt» OAJ Kogon tumaniga ko‘chirilishi munosabati bilan uning balansida bo‘lgan jami 109666 kv.m. yer maydoni Buxoro shahar hokimligi balansiga o‘tkazilgan.

Xosiyat Jalolova bog‘ga nihollar qadab, ularni parvarishlashda davom etgan. O‘z hisobidan mablag‘ ajratib, bu yerlarni obod joyga aylantirgan.

Ushbu masala yuzasidan Buxoro shahar hokimligi mutasaddilari bilan suhbatlashdik.

«Buxoro shahar hokimining 2016 yil 15 avgustdagi 1488-sonli qarori bilan «Elektrpayvand-invest» xususiy korxonasiga shaharning A.G‘ijduvoniy ko‘chasida joylashgan «Dilkushoi Birun» massivi (sobiq «Buxoroyog‘ekstrakt» AJ hududi) past qavatli turar joy binosi qurish uchun ajratib berilgan. Shaharning tasdiqlangan bosh rejasiga asosan bog‘ o‘rnida ham uy qurilishi lozim. Ammo fuqaroning qarshiligi tufayli bu yerda qurilish ishlari shu kungacha boshlanmagan edi», – deydi Buxoro shahar hokimligi qurilish bo‘limi bosh mutaxassisi Ilyos Zokirov.

Buxoro shahar hokimining qurilish masalalariga mas'ul o‘rinbosari  Qahramon Do‘stovning ta'kidlashicha, bog‘ o‘rni sud qaroriga asosan, fuqarodan qonuniy asoslarda olingan.

Ma'lum bo‘lishicha, qurilish ishlarini amalga oshira olmayotgan «Elektrpayvand-invest» xususiy korxonasi ushbu holatni bartaraf etish, qurilish ishlarini amalga oshirishda huquqiy va amaliy yordam so‘rab Buxoro shahar hokimligiga yo‘llagan murojaati asosida Buxoro shahar hokimligi tomonidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro tumanlararo sudiga 2018 yil 12 iyunda da'vo arizasi kiritilgan.

Mazkur da'vo arizasi FIB Peshko‘ tumanlararo sudida ko‘rib chiqilib,  2018 yil 18 sentabrdagi hal qiluv qarori asosida da'vo talablari qanoatlantirilib, fuqaro X.Jalolovani Buxoro shahar A.G‘ijduvoniy ko‘chasi yoqasida joylashgan past qavatli turar joy binosi qurish uchun mo‘ljallangan 500 kv.m. yer maydonidan majburiy tartibda chiqarish belgilangan. Shuningdek, sud qarori bilan X.Jalolovaga qurilish ishlariga to‘sqinlik qilmaslik majburiyati yuklatilgan.

Shahar hokimi o‘rinbosari Qahramon Do‘stovning ta'kidlashicha, fuqaro bir necha marta sudga chaqirilishiga qaramay, sud majlislariga kelmagan. Ammo Xosiyat Jalolova bu gapni tasdiqlamadi.

Buxoro shahar hokimligi va fuqaro o‘rtasida shunday tushunmovchilik yuzaga kelgan. Murojaatchi ko‘p yillik mehnati singan bog‘ buzib yuborilganidan norozi bo‘lib, o‘ziga yetkazilgan zarar qoplanishi lozimligini bildirmoqda. Hokimlikning fikriga ko‘ra, barchasi qonun doirasida amalga oshirilgan. Tahririyat kim haq va kim nohaq ekanligi haqida fikr bildirishdan yiroq bo‘lgani holda xulosa chiqarishni jamoatchilik ixtiyoriga qoldiradi.

Bundan oldinroq Buxoro viloyati, Vobkent tumanida ham 20 ming mevali daraxtdan iborat bog‘lar buzilish arafasida ekani haqida xabar berilgandi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
Kun.uz muxbiri.

Top