13:14 / 30.11.2018
13563

Oliy sud Plenumining majlisi bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining majlisi bo‘lib o‘tdi. Videokonferents-aloqa tarzida o‘tkazilgan majlisda Oliy sud sudyalari, jinoyat va fuqarolik ishlari bo‘yicha hamda ma'muriy va iqtisodiy sudlar, harbiy sudlar raislari va sudyalari, Oliy sud huzuridagi Ilmiy-maslahat kengashi a'zolari, Oliy Majlis Senati a'zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, Konstitutsiyaviy sud, Sudyalar oliy kengashi, tegishli vazirlik va idoralar vakillari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar mas'ul xodimlari, huquqshunos olimlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. 

Foto: Sardor Hamroyev

Oliy sud rasmiy vakili Aziz Obidovning Kun.uz’ga xabar berishicha, plenum majlisida “Sudlar tomonidan fuqarolik ishlarini apellyatsiya va kassatsiya tartibida ko‘rish amaliyoti to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining fuqarolik ishlari bo‘yicha ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”, “Sudlar tomonidan ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishni tartibga soluvchi qonunlarni qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida” va “Sudlar tomonidan ma'muriy ishlarni apellyatsiya va kassatsiya tartibida ko‘rish amaliyoti to‘g‘risida”gi Oliy sud Plenumi qarorlari loyihalari muhokama qilindi.

Plenum majlisida muhokama etilgan “Sudlar tomonidan fuqarolik ishlarini apellyatsiya va kassatsiya tartibida ko‘rish amaliyoti to‘g‘risida”gi qaror loyihasi yangi tahrirda qabul qilingan Fuqarolik protsessual kodeksi normalarini amaliyotda bir xilda va to‘g‘ri qo‘llanilishini ta'minlash, bu borada yagona sud amaliyotini shakllantirish maqsadida ishlab chiqildi. 

Foto: Sardor Hamroyev

Mazkur qaror loyihasi bilan sudlarning e'tibori fuqarolik ishini apellyatsiya va kassatsiya tartibida qayta ko‘rish sud protsessi ishtirokchilarining sud hujjatini qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish huquqini ta'minlovchi muhim huquqiy institutlardan biri hisoblanishiga qaratilmoqda. 

Fuqarolik protsessual kodeksiga muvofiq apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudida ish yuritish da'vo tartibida yuritiladigan ishlar bo‘yicha: da'vogar, javobgar, uchinchi shaxs, ularning vakillari, davlat boshqaruvi organining shikoyati, prokurorining protesti bo‘yicha; alohida tartibda yuritiladigan ishlar bo‘yicha: arizachi, uning vakili, manfaatdor shaxs, uning vakili, davlat boshqaruvi organlarining shikoyati, prokurorning protesti bo‘yicha qo‘zg‘atiladi. Apellyatsiya, kassatsiya tartibida ish yuritish, shuningdek, Fuqarolik protsessual kodeksiga binoan sud hujjati ustidan shikoyat qilish huquqiga ega bo‘lgan, ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquq va majburiyatlari haqidagi masala sud tomonidan hal etilgan shaxsning shikoyati bo‘yicha ham qo‘zg‘atilishi mumkin. Bu shaxs sud hujjatida ko‘rsatilmagan hollarda ham, uni ustidan shikoyat qilish huquqidan foydalanadi. 

Sud hujjati ustidan apellyatsiya, kassatsiya tartibida shikoyat qilish huquqiga, shuningdek, taraflar, uchinchi shaxslar yoki qonuniy vakilning huquqiy vorislari  ham ega. Shaxsning birinchi instansiya sudida qatnashayotgan vakili, shu jumladan, advokat, agar bunday huquq vakolat beruvchi tomonidan berilgan ishonchnomada maxsus ko‘rsatilgan bo‘lsagina, sud hujjati ustidan apellyatsiya, kassatsiya tartibida shikoyat qilishga haqli. 

Qonunga muvofiq, apellyatsiya shikoyati sudning hal qiluv qarori ustidan hal qiluv qarori chiqarilgan kundan e'tiboran yigirma kun ichida,  kassatsiya shikoyati esa, u qonuniy kuchga kirgan kundan e'tiboran olti oy ichida berilishi mumkin. Apellyatsiya, kassatsiya shikoyati berish (protest keltirish) muddati o‘tishining boshlanishi, tegishlicha hal qiluv qarori chiqarilgan yoki qonuniy kuchga kirgan kunning ertasidan hisoblanadi. Plenum qarori loyihasida qonunda sudlarga apellyatsiya, kassatsiya tartibida ish yuritish predmeti bo‘yicha muayyan istisnolar belgilangani to‘g‘risida tushuntirish berilmoqda. Jumladan, quyidagilar ustidan apellyatsiya, kassatsiya tartibida shikoyat (protest) berilmaydi: sud buyrug‘i; qonunda shikoyat qilinishi nazarda tutilmagan yoki ishning keyingi harakatlanishiga to‘sqinlik qilmaydigan, shuningdek, ish muhokamasini keyinga qoldirish haqida, shu jumladan, nikohdan ajratish haqidagi ishlar bo‘yicha er-xotinga yarashish uchun muhlat tayinlanishi munosabati bilan chiqarilgan birinchi instansiya sudining ajrimlari.

Plenum majlisida muhokama etilgan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining fuqarolik ishlari bo‘yicha ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi bilan amaldagi Plenum qarorlariga zarur qo‘shimchalar kiritilmoqda. 

Foto: Sardor Hamroyev

Shuningdek, yig‘ilishda Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlar munosabati bilan hamda qonun normalarini bir xilda va to‘g‘ri qo‘llanilishini ta'minlash maqsadida ishlab chiqilgan “Sudlar tomonidan ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishni tartibga soluvchi qonunlarni qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi Plenum qarori loyihasi ham ishtirokchilar tomonidan muhokama qilindi. 

Ushbu qaror loyihasida sudlarning e'tiborini Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishni tartibga soluvchi normalariga qat'iy rioya etish zarurligiga qaratilmoqda. Ma'muriy sudga taalluqli bo‘lgan ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar ro‘yxati Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddasida nazarda tutilgan. Ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqishga tayyorlash chog‘ida quyidagilar aniqlansa, sudya ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzgan yoki ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish  haqida qaror qabul qilgan organ (mansabdor shaxs)ga ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni qaytarish to‘g‘risida ajrim chiqaradi, agar ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish sudga taalluqli bo‘lmasa yoki ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomani tuzgan organ (mansabdor shaxs) Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddalarida nazarda tutilgan talablar buzilganligi aniqlansa qonunga muvofiq ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ushbu huquqbuzarlik sodir etilgan joyda ko‘rib chiqiladi. 

 

Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi bunday ishlar transport vositalari ro‘yxatga olingan joyda yoki huquqbuzar istiqomat qiladigan joyda ko‘rib chiqilishi mumkin bo‘lgan hollarni ham nazarda tutadi. Ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar sud tomonidan ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma va ishga oid boshqa materiallar olingan kundan boshlab o‘n besh kunlik muddatda ko‘rib chiqiladi. Biroq alohida toifadagi ishlarni ko‘rib chiqish uchun qonunda qisqartirilgan muddatlar nazarda tutilgan. Shu bilan birga sudlarga ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma, ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atish haqidagi qaror mazmuni, shuningdek, ularga ilova qilingan hujjatlar Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddalari talablariga muvofiq bo‘lishi lozimligi tushuntirilmoqda.

Plenum majlisida muhokama etilgan “Sudlar tomonidan ma'muriy ishlarni apellyatsiya va kassatsiya tartibida ko‘rish amaliyoti to‘g‘risida”gi qaror loyihasi Ma'muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksi normalarini amaliyotda bir xil va to‘g‘ri qo‘llanilishini ta'minlash maqsadida ishlab chiqildi. Ushbu qaror loyihasida sudlarning e'tibori ma'muriy ishni apellyatsiya va kassatsiya  tartibida qayta ko‘rish sud protsessi ishtirokchilarining sud hujjatini qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish huquqini ta'minlovchi muhim huquqiy institutlardan biri hisoblanishiga qaratilmoqda.

Foto: Sardor Hamroyev

Ma'muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddalariga muvofiq apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudida ish yuritish: arizachi, javobgar, uchinchi shaxs, ularning vakillari, davlat boshqaruvi organining shikoyati; prokurorning protesti bo‘yicha qo‘zg‘atiladi. Apellyatsiya, kassatsiya tartibida ish yuritish, shuningdek, Ma'muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksiga binoan sud hujjati ustidan shikoyat qilish huquqiga ega bo‘lgan ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquq va majburiyatlari haqidagi masala sud tomonidan hal etilgan shaxsning shikoyati bo‘yicha ham qo‘zg‘atilishi mumkin. Bu shaxs  sud hujjatida ko‘rsatilmagan hollarda ham, uni ustidan shikoyat qilish huquqidan foydalanadi. Sud hujjati ustidan apellyatsiya, kassatsiya tartibida shikoyat qilish huquqiga, shuningdek, taraflar, uchinchi shaxslar yoki qonuniy vakilning huquqiy vorislari  ham ega. Shaxsning birinchi instansiya sudida qatnashayotgan vakili, shu jumladan, advokat, agar bunday huquq vakolat beruvchi tomonidan berilgan ishonchnomada maxsus ko‘rsatilgan bo‘lsagina, sud hujjati ustidan apellyatsiya, kassatsiya tartibida shikoyat qilishga haqli. 

Agar qonunda boshqa muddat belgilanmagan bo‘lsa, apellyatsiya shikoyati sudning hal qiluv qarori ustidan hal qiluv qarori chiqarilgan kundan e'tiboran yigirma kun ichida,  kassatsiya shikoyati esa, u qonuniy kuchga kirgan kundan e'tiboran bir oy ichida berilishi mumkin. Apellyatsiya, kassatsiya shikoyati berish (protest keltirish) muddati o‘tishining boshlanishi, tegishlicha hal qiluv qarori chiqarilgan yoki qonuniy kuchga kirgan kunning ertasidan hisoblanadi. Sudlarga qonunda apellyatsiya, kassatsiya tartibida ish yuritish predmeti bo‘yicha muayyan istisnolar belgilanganligi tushuntirilmoqda. Jumladan, qonunda shikoyat qilinishi nazarda tutilmagan yoki ishning keyingi harakatlanishiga to‘sqinlik qilmaydigan ajrimlar ustidan (masalan, arizani ish yuritishga qabul qilish va ish qo‘zg‘atish, ish muhokamasini keyinga qoldirish haqida) apellyatsiya, kassatsiya tartibida shikoyat (protest) berilmaydi.

Yig‘ilishda ta'kidlanganidek, muhokama etilgan Plenum qarorlari fuqarolik va ma'muriy ishlarni qonuniy hamda adolatli hal etishda fuqarolar va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishga, qonun hujjatlarining sud amaliyotida aniq va bir xilda tatbiq etilishiga, yagona sud amaliyotini shakllantirishga, shuningdek yangi qabul qilingan qonun hujjatlarini amaliyotda yanada samarali qo‘llanilishiga xizmat qiladi. 

Top