8378.04 USD +3.94

9488.13 EUR +77.32

129.09 RUB +2.91

11133.6 GBP +234.69

13:30 / 01.12.2018 26038

Shoira qizning hayoti xavf ostida qolishi mumkin: U navbatdagi operatsiya arafasida

Kun.uz saytida qashqadaryolik shoira qiz, o‘simta tufayli falajlanib qolgan, moddiy tomondan qiyinchilikka uchragan Baxtiniso Mahmudova haqida xayriya maqolalari e'lon qilingan edi. Ushbu xayriya aksiyalarida pul yig‘ilib, joriy yilning 22 sentabridan 8 oktabrga qadar Turkiyada bo‘lgan qiz, shifokorlar ko‘rigidan o‘tib qaytdi.

Ma'lum bo‘lishicha, Anqara shahridagi “Memorial” va “Neorama”  klinikalarining har ikkisi ham umidli xabar berishgan. Professorlar orqa miyadagi o‘simtani o‘rganishib, bu xavfsiz turi ekanini, olib tashlanganidan keyin ortiq bezovta qilmasligini, o‘smasligini aytishgan. Ammo olib tashlanmasa, qo‘llar harakatini to‘xtatish bilan birga, yurak qisilishi, ko‘zlarning ko‘rmay qolishi kabi xavfli asoratlar yuz berarkan.

“Hozirda qo‘llariga beryapti, falajlik yuqoriga qarab ketyapti, zudlik bilan falajlikni to‘xtatishimiz kerak”, — deydi professor Alp Aslan.

Dekabr oyida 3 bosqichli (birinchisida bo‘yinning orqa tomonidagi o‘simta, bu eng xavfli bo‘lib turgani, ikkinchisi umurtqadagi o‘simta olib tashlanadi va uchinchisi qiyshaygan umurtqa to‘g‘rilanib, bel qismidagi qisilgan nervlar ochib yuboriladi) jarrohlik amaliyoti o‘tkazilishi lozim.

“Bu operatsiyalar hayotiy zarurat, tirik qolishimga, umrim uzayishiga kafolat bor, yurib ketishimga umid qilyapmiz. Professorlarga oilaviy ahvolim haqida aytdik, ular hammasini hisobga olib uch bosqichli operatsiyaga 30 000 AQSh dollari ketishini aytishdi. Hozirda 1200 dollar “viza” kartamda, 2800 dollar naqd, 12 mln so‘m plastik kartamda, 11 mln so‘m naqd yig‘ilgan. Shoirlar, yozuvchilar, san'atkorlar qo‘llaridan kelganicha menga ham moddiy, ham ma'naviy yordam ko‘rsatishdi. Qolganlardan ham mingdan ming roziman, ular haqiga doimiy duodaman”, — deydi u.

Ushbu mablag‘lar Baxtinisoning davolanishi uchun televideniyeda uzatilgan xayriya ko‘rsatuvlari, internet saytlardagi maqolalar, xayriya konsertlaridan yig‘ilgan. Shuni ta'kidlash kerakki, shoira qizning sog‘ayib ketishi uchun viloyatlarda xayriya dasturlari davom ettirilmoqda.

Baxtiniso 15-16 yoshlarida oyoq-qo‘llaridagi kuchsizlanishni sezdi, keyinchalik kasallik rivojlanib borib, orqa umurtqada qiyshayish paydo bo‘ldi. Samarqand viloyati Travmatologiya markazida to‘rt marta jarrohlik amaliyotini boshdan o‘tkazdi. 2010 yildan u yura olmay qoldi. Keyinchalik, Respublika Nevroxirurgiya markazida orqa miyasida o‘simta borligi aniqlandi. O‘simta miyaning ancha ichki qismida joylashgani sabab, uni O‘zbekistonda olishning hozircha iloji yo‘q.

“Ko‘p suv ichaman hozir, kuniga 4-5 litr, lekin chanqog‘im hech bosilmaydi. Turkiyada miyachamdagi suv kamayib ketayotganini aytishdi. Suv qurib qolmasidan o‘simtani olib tashlash kerak. Dekabr oyini oxirgi muddat, deb aytishdi. Keyin effekti kamayib ketaverar ekan, operatsiya o‘z vaqtida qilinmasa qo‘lim ishlamasa ham ko‘zimning ko‘rish faoliyati saqlanib qolinarkan. Dekabrda o‘tsa, qo‘limning hozirgi harakati, hamma-hammasi saqlanib, sog‘lom hayotga qaytish imkonim bo‘lar ekan”, — deydi qiz.

Baxtiniso Mahmudova ayni kunlarda Qarshidagi shifoxonalardan birida davolanmoqda. Yoshligida ota-onasi ajrashib ketgan qiz, tog‘asining uyida, momosining parvarishida katta bo‘ldi. Ayni kunda qizning momosi 70 ga, bobosi esa 74 ga kiradi. Uning bir she'rida shunday so‘zlar bitilgan:

“Ko‘zlarimni yumib oldim.

bu dunyoning

hasrat to‘la ko‘zlariga qaramayman,

hayrat to‘la ko‘zlariga qaramayman,

haybat to‘la ko‘zlariga qaramayman.

Jim ketaman.

jimlik to‘lgan tomchi bo‘lib,

jondan qochib, o‘z joniga soqchi bo‘lib,

bu dunyoga... dilga kelgan sovchi bo‘lib

jim ketaman.

O, azizim!

senga yana xatlarim bor,

ahdlarim bor,

dardlarim bor,

baxtlarim bor.

hisobimda...

   senga yetmas vaqtlarim bor,

O, azizim!

Bu gul umrim, gul hayotim, gul yuragim

ne-ne gulgun she'rlarimni xazon etmish.

yana O‘zi qaddimni bir osmon etmish.

yana O‘zi... mushkullarni oson etmish.

Men ne deyin?”.

Qizning sog‘lom hayotga qaytishiga ozgina qoldi. Uning o‘zi bundan juda katta umidvor. Biz saxovatpesha insonlardan qizga yordam berishlarini, uni qo‘llab-quvvatlashlarini so‘rab qolamiz.

Baxtinisoga yordam qilish istagida bo‘lganlar qizning nomiga ochilgan quyidagi plastik kartaga pul o‘tkazib berishlari mumkin:

Click/Payme: 8600 1404 6526 8465

“Ipak Yo‘li” ATB

2312 0000 3000 0111 9119

MFO: 01119

“Sberbank”: 4276 3801 5639 0945 (Tog‘asi O‘ktam Baratov nomida)

Telefon:   +998 91 9452793 (Baxtiniso Mahmudova)

Sarvar Anvar o‘g‘li tayyorladi

 

Teglar

Top