12:49 / 01.12.2018
14916

O‘quv-ishlab chiqarish majmualarida o‘quvchilar bilimi qanday mezonlar asosida baholanishi belgilandi

Xalq ta'limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining Kasb-hunar ta'limi markazi qarori bilan Umumiy o‘rta ta'lim muassasalarining 10-11-sinflari o‘quvchilariga kasbiy ta'lim berishga ixtisoslashgan o‘quv-ishlab chiqarish majmualarida joriy, oraliq, bosqichli va yakuniy nazoratlarning baholash mezonlari va tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlandi.

Umumiy o‘rta ta'lim muassasalarining 10-11-sinflari o‘quvchilariga kasbiy ta'lim berishga ixtisoslashgan o‘quv-ishlab chiqarish majmualarida joriy, oraliq, bosqichli va yakuniy nazoratlarning baholash mezonlari va tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, o‘quv-ishlab chiqarish majmualarida o‘quvchilarning kasbiy ta'lim berishga oid bilim, ko‘nikma va malakalarini nazorat qilish joriy, oraliq, bosqichli va yakuniy nazorat turlarini o‘tkazish orqali amalga oshiriladi. O‘quvchilar bilimini baholash 5 baholik tizimda amalga oshiriladi.

O‘quvchilar bilimi quyidagi mezonlar asosida baholanadi:

o‘quvchi mustaqil xulosa va qaror qabul qiladi, ijodiy fikrlay oladi, mustaqil mushohada yuritadi, olgan bilimini amalda qo‘llay oladi, kasbning (mavzuning) mohiyatini tushunadi, biladi, ifodalay oladi, aytib beradi hamda kasb (mavzu) bo‘yicha tasavvurga ega deb topilganda — 5 (a'lo) baho;

o‘quvchi mustaqil mushohada yuritadi, olgan bilimini amalda qo‘llay oladi, kasbning (mavzuning) mohiyatini tushunadi, biladi, ifodalay oladi, aytib beradi hamda kasb (mavzu) bo‘yicha tasavvurga ega deb topilganda — 4 (yaxshi) baho;

o‘quvchi olgan bilimini amalda qo‘llay oladi, kasbning (mavzuning) mohiyatini tushunadi, biladi, ifodalay oladi, aytib beradi hamda kasb (mavzu) bo‘yicha tasavvurga ega deb topilganda — 3 (qoniqarli) baho;

o‘quvchi kasb dasturini o‘zlashtirmagan, kasbning (mavzuning) mohiyatini tushunmaydi hamda kasb (mavzu) bo‘yicha tasavvurga ega emas deb topilganda — 
2 (qoniqarsiz) baho. 

Nazorat turlarini o‘tkazish bo‘yicha tuzilgan topshiriqlarning mazmuni o‘quvchining o‘zlashtirishini xolis (obektiv) va aniq baholash imkoniyatini berishi lozim.

Joriy nazorat o‘quvchilarning kasbiy bilim, ko‘nikma va malakalarini namoyish etish, loyihalash, guruhlarda ishlash, savol-javob, muhokama, yozma ish ko‘rinishlarida amalga oshiriladi.

Joriy nazoratda quyidagilar baholanadi: o‘quvchining ishlab chiqarish ta'limi ustasi yordamida yoki mustaqil ravishda bajargan ishi; kasbga oid ko‘nikmalarni namoyish etishi; kasb-hunar talablarini mustaqil bajara olishi; loyihalashda kasb-hunar talabida belgilangan qoidalarni to‘g‘ri va aniq bajarishi; guruhda ishlash ko‘nikmalariga ega bo‘lishi; kasb-hunar talabini bajarishda o‘quv-ishlab chiqarish ta'limi ustasi tomonidan berilgan savollarga javob berishi; kasb-hunar talabini bajarishga oid amaliy ko‘nikmalarni og‘zaki va yozma bayon eta olishi. Har bir mavzular bo‘yicha o‘quv mashg‘uloti o‘tkaziladigan oxirgi kuni tegishli fan bo‘yicha o‘qituvchi yoki ishlab chiqarish ta'limi ustasi joriy nazoratni yakunlaydi va ushbu nazorat turi bo‘yicha o‘quvchilarning bilimini baholanadi.

Oraliq nazorat chorak va yarim yillik yakuni bo‘yicha o‘quvchilarning kasbiy bilim, ko‘nikma va malakalarini baholash uchun o‘quv dasturining ma'lum bir mantiqiy yakunlangan qismi tugaganidan so‘ng egallagan kasb-hunar bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni namoyish qilish yoki yozma ish ko‘rinishida amalga oshiriladi. Oraliq nazoratni o‘tkazish muddatlari, shuningdek o‘tkazish shakli tegishli fan bo‘yicha o‘qituvchi hamda ishlab chiqarish ta'limi ustasi tomonidan belgilanadi va ta'lim muassasasining pedagogik kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Oraliq nazorat o‘tkazish muddatlari o‘quvchilarga o‘quv yili boshida tegishli fan bo‘yicha o‘qituvchi yoki ishlab chiqarish ta'limi ustasi tomonidan e'lon qilinadi. Oraliq nazorat mashg‘ulotlar davomida o‘tkaziladi va ularni o‘tkazish uchun alohida dars soatlari belgilanmaydi. Oraliq nazorat turini o‘tkazish va mazkur nazorat turi bo‘yicha o‘quvchining bilimini baholash tegishli fan bo‘yicha o‘qituvchi yoki ishlab chiqarish ta'limi ustasi tomonidan amalga oshiriladi. O‘quvchini oraliq nazorat turi bo‘yicha baholashda uning o‘quv mashg‘ulotlari davomida olgan baholari inobatga olinadi.

Bosqichli nazorat o‘quv yili yakuni bo‘yicha amaliy imtihon, yozma ish, loyihalar va ishlanmalarni ishlab chiqish hamda test sinovlari ko‘rinishida amalga oshirilib, unga asosan o‘quvchining yakuniy bahosi va reytingi aniqlanadi. Bosqichli nazorat o‘tkazish muddatlari, shuningdek o‘tkazish shakli tegishli fan bo‘yicha o‘qituvchi hamda ishlab chiqarish ta'limi ustasi tomonidan belgilanadi va ta'lim muassasasining pedagogik kengashi tomonidan tasdiqlanadi. Bosqichli nazorat materiallari mazmuni, o‘tkazish muddatlari o‘quvchilarga tegishli fan bo‘yicha o‘qituvchi yoki ishlab chiqarish ta'limi ustasi tomonidan o‘quv yili boshidan ma'lum qilinadi. O‘quv yili davomida bosqichli nazoratning mazmuni o‘zgartirilishi yoki yangilanishi mumkin emas. Bosqichli nazorat turini o‘tkazish va mazkur nazorat turi bo‘yicha o‘quvchining bilimini baholash tegishli fan bo‘yicha o‘qituvchi yoki ishlab chiqarish ta'limi ustasi tomonidan amalga oshiriladi.
 
Yakuniy nazorat o‘quvchi tanlagan mutaxassislik bo‘yicha kasbiy ta'lim berish jarayoni tugaganidan so‘ng egallagan kasb-hunar bo‘yicha kompetentligini amaliy namoyish etish orqali yakuniy davlat attestatsiyasi shaklida o‘tkaziladi. Yakuniy nazorat turini o‘tkazish va mazkur nazorat turi bo‘yicha o‘quvchining bilimini baholashda tegishli fan bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarini olib borgan o‘qituvchi yoki ishlab chiqarish ta'limi ustasining ishtirok etishi taqiqlanadi. Yakuniy nazorat umumiy o‘rta ta'lim maktabi yakuniy davlat attestatsiyasidan kamida bir hafta avval o‘tkaziladi. Yakuniy nazorat materiallari mazmuni, o‘tkazish muddatlari o‘qituvchi yoki ishlab chiqarish ta'limi ustasi tomonidan o‘quv yili boshidan ma'lum qilinadi. O‘quv yili davomida yakuniy nazoratning mazmuni o‘zgartirilishi yoki yangilanishi mumkin emas. Yakuniy nazorat turi tegishli ta'lim muassasasining direktori bilan kelishilgan holda tuman (shahar) xalq ta'limi bo‘limi tomonidan tasdiqlanadigan komissiya tomonidan amalga oshiriladi. Komissiya tarkibi tegishli fan bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarini olib bormagan o‘qituvchilar yoki ishlab chiqarish ta'limi ustalari, ishlab chiqarish korxonasi mutaxassislari orasidan shakllantiriladi. Yakuniy nazorat turini o‘tkazishda o‘quvchilarning ota-onasi 
yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi mumkin. Komissiya yakuniy nazorat turini mazkur Nizomda belgilangan tartibda tashkil etishga, shuningdek yakuniy nazoratning adolatli, oshkoralik tamoyillari asosida o‘tkazilishi hamda natijalarning xolisligi uchun javobgar bo‘ladi. O‘quvchi uzrli sabablarga ko‘ra yakuniy nazorat turiga kirmagan taqdirda, mazkur o‘quvchiga tegishli nazorat turini qayta topshirishga komissiya tomonidan ruxsat beriladi. Yakuniy nazorat turiga uzrli sabablarsiz kirmagan yoki kiritilmagan, shuningdek mazkur nazorat turi bo‘yicha «2» (qoniqarsiz) baho bilan baholangan talaba yakuniy nazoratdan o‘tmagan hisoblanadi. Yakuniy nazoratdan o‘ta olmagan o‘quvchilar uchun har yili avgust oyida qayta yakuniy nazorat tashkil etiladi.

O‘quvchilar bilimini nazorat qilish tegishli fan bo‘yicha o‘qituvchi yoki o‘quv-ishlab chiqarish ta'limi ustasi tomonidan O‘quvchilarning fanlarni o‘zlashtirishini hisobga olish jurnalida qayd etib boriladi. O‘qituvchi yoki ishlab chiqarish ta'limi ustasi qo‘shimcha ravishda o‘quvchilar bilimini baholashni elektron tizimda ham yuritishi mumkin. O‘qituvchi yoki ishlab chiqarish ta'limi ustasi Jurnalda o‘quvchiga qo‘yilgan baholarni shu kunning o‘zida qayd etib boradi. Agar o‘quvchining bilimini baholash yozma ish shaklida o‘tkazilgan bo‘lsa, bunda o‘qituvchi yoki ishlab chiqarish ta'limi ustasi o‘quvchilarning natijalarini 3 kundan ko‘p bo‘lmagan muddatda Jurnalga qayd etishi lozim. Nazorat turi bo‘yicha o‘quvchining «3» (qoniqarli), «4» (yaxshi) yoki 
«5» (a'lo) baho bilan baholanganda nazorat turini qayta topshirishga yo‘l qo‘yilmaydi. O‘quvchi nazorat turi o‘tkazilgan vaqtda uzrli sabablarsiz qatnashmagan hollarda «–» belgisi yozib qo‘yiladi. Jurnalning o‘z vaqtida, to‘g‘ri va to‘liq yuritilishi, shuningdek undagi baho va boshqa ma'lumotlarga asossiz o‘zgartirishlar kiritilmasligi uchun ta'lim muassasasi direktori va tegishli fan bo‘yicha o‘qituvchi yoki ishlab chiqarish ta'limi ustasi mas'ul hisoblanadi.

Top