8378.04 USD +3.94

9488.13 EUR +77.32

129.09 RUB +2.91

11133.6 GBP +234.69

18:05 / 02.12.2018 40504

«Juda ham yashagim kelyapti...». Foniy yo‘lda tobut ko‘targanlarga duch keldik

Shunday kasalliklar borki, kutilmaganda keladi. Davolanish jarayoni ham qiyin kechadi. Uzoq davom etadi. Bunday dardlar tana tanlamaydi. Ular uchun barcha insonlar teng. Ularga boy ham, kambag‘al ham, erkak ham, ayol ham, qari ham, yosh ham birdek. Lekin begunoh bolakaylar shunday kasalliklardan biriga chalinsa-chi? Juda achinarli hol, albatta. Mana shunday og‘ir kasalliklardan biri oqqon (leykoz) kasalligidir.

Mover'da ko‘rish

Youtube'da ko‘rish

Kun.uz tahririyati Toshkent shahrida joylashgan Gematologiya va qon quyish ilmiy-tekshirish institutida oqqon bilan og‘rigan muhtojlar holidan xabar olib kelmoqda. Mana shunday bemorlardan biri jajji Maftuna Ummataliyeva. Qizaloqqa ilgari ham xayriya aksiyasi uyushtirilgandi. Mehribon  va saxiy hamyurtlarimiz yordamida pul yig‘ilib uning davolanishi davom etayotgandi. Biroq, vaqt o‘tib Alloh unga kattaroq sinov berdi. Kasalligi qaytalandi. Shunday bo‘lsa ham uni davolashning iloji bor ekan. Bu borada bemorning onasi va shifokori bilan suhbatlashdik.

«Farg‘ona viloyatidan kelganmiz. Bu yerda anchadan beri davolanamiz. Shifokorlar oqqonning eng yengil turi deb aytishgandi. Hozirgacha davolanib kelayotgandik. Saxiy insonlar ham yordam berib kelishayotgandi. Alloh oxiratda ajrini bersin. Lekin Yaratganning sinovi ekan. Yana qaytalanib qoldi. Oxirgi choramiz qoldi. Unga chet elda ilik ko‘chirib o‘tkazishimiz kerak ekan. Tuzalib ketishiga umidimiz katta. Buni shifokor ham ta'kidlayapti. 

Hozirda uyimizni ham sotuvga qo‘ydik. 18 ming dollar bo‘ldi. Juda katta mablag‘ ketar ekan. Qolganiga qiynalmoqdamiz. Insonlar menga doim yordam berdi. Ular sabab yashab keldi bolam. Ulardan minnatdorman. Turmush o‘rtog‘im «Qo‘yliq» bozorida osh pishirib sotadilar. Zo‘rg‘a ro‘zg‘orga yetkazamiz. Ilojsizmiz...», - deydi bemorning onasi Nigora opa.

Maftuna hali juda yosh, orzulari olam-olam. Energiyaga to‘la qizcha. Hali maktab ko‘rmagan qizaloq vatan haqida ajoyib she'rlar aytib berdi. Qo‘shiqchi Shahzodaning ashulalarini ham hirgoyi qildi. Katta bo‘lganda insonlarga yordam beradigan shifokorlik kasbini egallamoqchiligini va puli ko‘payib ketsa, homiy insonlardan bo‘lish niyati borligini yashirmadi. Alloh niyatlariga yetkazsin.

Shundan so‘ng, Maftunaning shifokori Xamidxon Nigmatov bilan ham suhbatlashdik. Ular yuqoridagi holatlarni tasdiqladi. Bemorning tuzalib ketishiga umid bor. Maftuna juda kuchli qiz. Unga ilik ko‘chirib o‘tkazsa bo‘ldi. Inshaalloh yashab ketar ekan.

Maftunaning shifokori Xamidxon Nigmatov

Shifoxonadan o‘yga tolib chiqdik. Chiqayotgan vaqtimizda Maftuna bizga qarab:

«Menga yordam beringlar. Juda ham yashagim kelyapti», - dedi.

Shu onda ichimizda bir narsa uzilib ketganday bo‘ldi. Yosh taqdirga shuncha g‘am. Maktabga borib ilm olsang bo‘lmasmidi, bolajon. Yoki bo‘lmasa, mahalladagi qizlar bilan har xil o‘yinlar o‘ynasang, arg‘imchoqlar uchsang biram yarashardiki. Ming afsus. Nachora, dardini bergan ilohim shifosini ham bersin. Kulib-o‘ynab yurgin qizg‘aldoq.

 Yo‘lda ketayotsak tasodifan tobut ko‘targan insonlarga duch keldik. Shunda bir narsa yodimizga tushdi yana. Bu dunyo omonat. Yerdagi asosiy vazifamiz bir-birimizga yordam berish. Azizlar, kelinglar orzularga to‘la qalblar yashashiga ko‘maklashaylik. Ulardan moddiy yordamimizni ayamaylik. Qo‘limizni ochib duo qilib turaylik. Zero, Yaratgan marhamati bilan qizaloq shifo topsa…

Maftuna Ummataliyeva (bemor)

Nigora Yuldasheva (bemorning onasi)

Tel: (+99894) 656-33-80

Agrobank  8600 0417 1519 2374

MFO 00394

INN 201200124

Naqd pul topshirganda 23116000600000394001

Mijoz arizasiga asosan kartadan kartaga pul o‘tkazilganda 23118000400000394001

Boshqa tashkilotlardan kelib tushgan mablag‘lar tranziti 23120000900000394001

Zafarbek Solijonov maxsus muxbir,
Sherzodbek Egamberdiyev operator

Teglar

Top