8535.74 USD +17.06

9566 EUR -86.52

132.57 RUB +1.24

10746.5 GBP -101.19

10:58 / 03.12.2018 10961

Yil boshidan beri oziq-ovqat mahsulotlari qanchaga qimmatlashdi?

Foto: Shutterstock

Yil boshidan narxlarning o‘zgarishi tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, xizmatlar 11 oy davomida 14,3%, oziq-ovqat mahsulotlari 11,4% va nooziq-ovqat mahsulotlar narxlari 11,1%ga qimmatlashdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi xabar bermoqda.

Noyabr oyi davomidagi narxlar o‘zgarishining strukturasi tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, narxlarning ko‘tarilishi borasida yetakchilik xizmatlar sohasiga taalluqli bo‘lsa-da (3,3 %), har bir yirik guruhning salmoq vaznlarini hisobga olgan holda ta'sir darajasi va strukturasi bo‘yicha ustunlik oziq-ovqat mahsulotlari guruhiga tegishlidir (ta'sir 1,2 foiz darajasida(keyingi o‘rinlarda f.d.).

2018 yilning 11 oyi davomidagi yig‘ma INI tahliliga ko‘ra, umumiy narxlar darajasining oshishiga ta'sir darajasi bo‘yicha ham yetakchilik oziq-ovqat mahsulotlariga (4,9 f.d.), keyingi o‘rinlarda esa nooziq-ovqat mahsulotlari (3,9 f.d.) va xizmatlarga (3,1 f.d.) tegishlidir.

Oziq-ovqat mahsulotlari narxlari yanvar (oy davomida 3,5%), sentabr (3,3%) hamda noyabr oylari davomida (2,6%) sezilarli darajada qimmatlashdi.

Noyabr oyida oziq-ovqat mahsulotlaridan asosiy guruhlari narxlarining ko‘tarilishida, asosan iste'mol sektoridagi oziq-ovqat tovarlaridan meva-sabzavot mahsulotlari (narxlar 6,5%ga qimmatlashganligi umumiy INI ko‘rsatkichini 0,5 f.d.ga oshirdi), non mahsulotlari (mos ravishda 2,8% va 0,2 f.d.), go‘sht mahsulotlari (1,5% va 0,2 f.d.), tuxum (9,2% va 0,1 f.d) narxlari qimmatlashdi. 

O‘tgan yilning oxiriga nisbatan kartoshka va tuxum mahsulotlaridan tashqari qolgan barcha turdagi oziq-ovqat guruhi mahsulotlari narxlari ko‘tarilgan (kartoshka va tuxum mos ravishda 26,4% va 0,4%ga arzonlashgan). 

Non mahsulotlari narxlarining qimmatlashishi asosan joriy yilning sentabr oyida kuzatilgan bo‘lib (oy davomida o‘rtacha 10,9%), bu o‘z navbatida un va non mahsulotlari narxlarining erkinlashtirilishi bilan tavsiflanadi. Oktyabr va noyabr oylari davomida narxlarning o‘sishi tendensiyasi saqlanib qolgan bo‘lsa-da, lekin ushbu ko‘rsatkich sezilarli darajada ko‘zga tashlanmagan. Noyabr oyi davomida guruch 7,1%, mosh 3,1%, oliy navli bug‘doy uni va noni 2,2%, birinchi navli bug‘doy uni 2,1%, pishirilgan non mahsulotlari 1,7%, makaron mahsulotlari narxlari 1,2%ga qimmatlashdi. Shu bilan bir qatorda no‘xat 3,1%, grechka 0,4%ga arzonlashdi.

O‘tgan 11 oy mobaynida guruchning eng yuqori darajada qimmatlashgani Xorazm viloyatida (1,8 marta), birmuncha past sur'atlarda oshganligi esa Qashqadaryo viloyatida (41,8%) qayd etilgan

Bug‘doy uni narxlarining oy davomidagi sezilarli darajada qimmatlashishi joriy yilning sentabr oyida kuzatilgan (8,4%). Oktyabr va noyabr oylarida ushbu ko‘rsatkich mos ravishda oyiga o‘rtacha 0,5% va 2,1%ga ko‘tarilgan. 

Umumiy hisobda 11 oy davomida, un mahsulotlari narxlari Farg‘ona (19,4%), Toshkent (16,8%) va Andijon (15.8%) viloyatlarida sezilarli darajada qimmatlashgan.Narxlarning minimal darajada ko‘tarilganligi Jizzax viloyati (4,8%) hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida (6,4%) ro‘yxatga olingan.

Yil boshidan tirik va muzlatilgan baliq 35,1%, mol go‘shti (suyaksizdan tashqari) 26,0%, qo‘y go‘shti 23,5%, suyaksiz mol go‘shti 14,9%, tovuq boldiri va son qismlari 2,0%, boshqa parranda go‘shti narxlari o‘rtacha 1,5%ga qimmatlashdi.

Joriy yilning 11 oyida go‘sht mahsulotlari narxlarining eng yuqori darajada ko‘tarilishi iyun oyida ro‘yxatga olingan bo‘lib, oy davomida narxlar o‘rtacha 4,3%ga o‘sdi. 

Parrandachilik mahsulotlari narxlari avgust oyidan boshlab barqaror o‘sish tendensiyasiga ega bo‘ldi. Jumladan, so‘nggi to‘rt oy davomida tuxum narxlari 31,9%, parranda go‘shti (sonlardan tashqari) 16,2%, tovuq boldiri va son qismlari 8,0%ga o‘sdi.

Yil boshidan o‘tgan davr mobaynida meva-sabzavot mahsulotlari narxlari o‘zgarishi tahliliga ko‘ra, narxlar ko‘tarilishining eng yuqori cho‘qqisi joriy yilning aprel oyida qayd etilgan (2017 yilning dekabr oyiga nisbatan 19,5%). Eng past narx darajasi esa avgust oyida kuzatilgan (2017 yilning oxiriga nisbatan 20,5%ga pasaygan). May oyidan avgustgacha bo‘lgan vaqtda (bozorlarning yangi hosil bilan to‘yinishi davri) meva-sabzavot mahsulotlari narxi 33,5%ga pasayib, so‘nggi uch oy davomida esa narxlar o‘rtacha 19,8%ga oshgan.

Umumiy hisobda joriy yilning yanvar-noyabr oylarida pomidor narxi respublika bo‘yicha o‘rtacha 34,3%ga arzonlashgan. Narxlarning sezilarli darajada pasayishi esa Qoraqalpog‘iston Respublikasida (62,6%) qayd etilgan. Bu davrda karam narxlari aksincha, sezilarli darajada qimmatlashib (respublika bo‘yicha o‘rtacha 2,5 baravar), hududlar bo‘yicha Namangan viloyatida eng yuqori narx o‘sishi darajasi qayd etilgan (3,1 baravar). 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 11 oy davomida inflyatsiya necha foizni tashkil etgani ma'lum bo‘lgandi.

Top