21:40 / 05.12.2018
16239
Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutiga rektor tayinlandi

Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutiga rektor vazifasini bajaruvchi tayinlandi. Bu haqda Adliya vazirligining telegramdagi kanalida xabar berilgan.

Hukumat qaroriga ko‘ra, bu lavozimni Bahodirjon Ochilboyevich Onorboyev egallagan. U 2016 yildan buyon institutga rahbarlik qilib kelgan Salohiddin Zunnunovich Yunusov o‘rnida ish boshlaydi.

Bahodirjon Onorboyev 1971 yilda tug‘ilgan. Texnika fanlari doktori, katta ilmiy xodim hisoblanadi. Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti (TATU) ilmiy kengashi a'zosi.

U shu kungacha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Ta'lim va fan bo‘yicha axborot-tahlil departamentida faoliyat ko‘rsatib kelayotgandi.

Ma'lumot uchun, 1932 yili tashkil etilgan institut paxta, to‘qimachilik, yengil sanoat va matbaachilik sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlardan kelib chiqadigan strategik vazifalarni ro‘yobga chiqara oladigan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlaydi.

Top