8535.74 USD +17.06

9566 EUR -86.52

132.57 RUB +1.24

10746.5 GBP -101.19

14:00 / 05.12.2018 70037

Ucell davlatga sotildi

Coscom mobil aloqa operatoriga (Ucell) egalik qilgan Telia Company shved-fin kompaniyasi o‘zining barcha ulushini (aksiyalarning 94 foizi) O‘zbekiston Respublikasi Davlat raqobat qo‘mitasiga sotdi. Kompaniya press-relizida Ucell'ni 215 mln dollarga sotish hisobiga shu kungacha shakllangan eski majburiyatlar saqlanib qolayotgani ma'lum qilingan.

Manbalarga ko‘ra, mobil operatoriga endilikda UzMobile milliy mobil aloqa operatorining sobiq bosh direktori Vladimir Kravchenko bosh direktor bo‘lgan.

Ma'lumot uchun, 2007 yilning iyulida Telia (o‘sha vaqtda Telia Sonera) Coscom'ning asosiy aksioneriga aylangandi. 2008 yili esa operator Ucell brendi ostida faoliyat yurita boshlagandi. Kompaniyada 1250 nafarga yaqin xodim ishlab kelmoqda. Abonentlar soni 7 million atrofida. 

Telia MDH va Markaziy Osiyo bozoridan ketishi avvalroq ma'lum bo‘lgandi. 2017 yilning oktabrida Telia Company telekommunikatsiya holdingi rossiyalik milliarder Alisher Usmonovning USM Holdings kompaniyasi nazorat qiladigan aloqa operatori «Megafon»dagi aksiyalarini sotgandi. 2018 yilning fevralida esa Qozog‘istonda faoliyat olib borgan KCell «Kazaxtelekom»ga sotib yuborildi.

Qayd etish kerakki, 2017 yili Telia AQSh Adliya vazirligiga O‘zbekistondagi korrupsiya ishi bo‘yicha qariyb 1 mlrd. dollar (965 million dollar) to‘lagandi. Bunga Telia Sonera 2007-2010 yillarda O‘zbekiston bozoriga chiqish uchun taxminan 300 mln. dollar pora bergani sabab bo‘lgandi (jurnalistlar 2012 yilda ushbu ma'lumotni aniqlashgan va oxir-oqibat kompaniya o‘z aybini tan olgandi).

Eslatib o‘tamiz, shu yilning noyabrida UMS mobil operatorining 100 foizlik davlat ulushi «Raqamli ishonch» jamg‘armasiga berilgandi.

Endilikda O‘zbekiston mobil aloqa bozorida atigi bitta nodavlat operator - Beeline qolmoqda. Uzmobile'ga qo‘shilib UMS va Ucell mobil operatorlari ham davlat kompaniyalariga aylanishdi.

Top