16:19 / 06.12.2018
8501

Qo‘qonda elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish boshlandi

Foto: Delfi

Prezidentning 2018 yil 23 oktabrda “Elektr energetikasi tarmog‘ini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, 2021 yil yakunigacha 7 milliondan ortiq iste'molchilarning barchasi elektr energiyasi iste'molini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulanishi belgilangan berilgan edi.

“O‘zbekenergo” AJ matbuot xizmatining Kun.uz’ga xabar berishicha, aksiyadorlik jamiyati tomonidan Qo‘qon shahrida elektr energiyasi iste'molini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish ishlari boshlab yuborildi. Hozirda Qo‘qon shahri elektr energiyasi iste'molchilari 6 ta nimstansiya va undan chiquvchi 113 ta 6 kV li elektr uzatish tarmoqlari hamda 556 ta transformator punktlari orqali elektr energiyasi bilan ta'minlanmoqda. 

Elektr energiyasi iste'molini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish loyihasini amalga oshirish natijasida shahar hududidagi hisob nuqtalariga jami 59 168 ta, jumladan: nimstansiyalarga  143 ta; aholi iste'molchilariga 53 983 ta hamda ulgurji iste'molchilariga 4 673 ta elektr hisoblagichlar va hisob nuqtalaridan ma'lumotlarni yig‘ish uchun nimstansiya va transformator punktlariga 373 ta konsentratorlar o‘rnatilishi ta'minlanadi.

Ushbu loyiha doirasida Qo‘qon shahriga XK «Toshelectroapparat» MChJ tomonidan ishlab chiqarilgan 22 000 dona  zamonaviy elektr hisoblagichlar yetkazib berildi va o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.

Top