23:29 / 07.12.2018
18828

Kansay - sun'iy oroldagi g‘aroyib yapon aeroporti

Foto: Wikipedia

Yaponiyada bo‘sh yerlarning taqchilligi anchadan buyon kuzatilib kelinayotgan holat. Ayniqsa, yirik shaharlar uchun bu katta muammo. Shuning uchun Osaka shahri xalqaro aeroportini kengaytirish zaruriyati tug‘ilganida bu imkonsiz ekani aniqlandi. Atrofda turarjoy binolari bo‘lib, u yerda yashovchi yaponlar ortiqcha shovqindan aziyat chekishardi. Bu muammoni yechish uchun bo‘sh joy yetarli bo‘lgan dengiz bo‘g‘ozida aeroport qurishga qaror qilindi. Yaponlarni ulkan sun'iy orolni qurish umuman hayratga solmadi.

Foto: Wikipedia

Aeroport Osaka bo‘g‘ozida barpo etildi. U zilzila va sunami vaqtida buzilmasligi uchun barcha ehtiyot choralari hisobga olindi. Bo‘g‘ozda to‘g‘ri to‘rtburchak shaklidagi tomonlari 4 va 1,2 kilometr bo‘lgan ulkan orol qurildi. Dengizdagi joylashuvni uchuvchilar ham yuqori baholashdi. Chunki baland binolar, tog‘ cho‘qqilari havo kemasining uchish va qo‘nishida endilikda xalaqit qilmasdi.

Foto: Wikipedia

Aeroport qirg‘oqdan 5 kilometr uzoqlikda joylashgan. Quruvchilar yumshoq loy qatlamida sun'iy orol barpo etishdi. Shuning uchun orol muayyan vaqt davomida suv tagida bo‘lishini oldindan bilishardi. 1994 yilda aeroport ochilganidan bir yil o‘tib, tuproqning 50 santimetrga cho‘kkani qayd etildi. Keyinchalik bu raqam kamayib bordi. Biroq bugun ham aeroportning sekin-asta cho‘kishi davom etmoqda.

Foto: Wikipedia

Aeroport ochilganidan keyin 1995 yilda Yaponiyada qo‘rqinchli yer qimirlashi (Kobedagi zilzila) ro‘y berdi. 1998 yilda esa Kansay aeroporti ustida to‘fon bo‘ldi. Biroq ulkan inshoot ushbu tabiat hodisalarining bariga bardosh berdi. Bugun aeroport yiliga 50 mingdan ortiq havo kemalariga xizmat ko‘rsatib, muvaffaqiyatli tarzda faoliyat olib bormoqda.

Mavzuga oid
Top