23:20 / 08.12.2018
52713

​Biometrik pasport o‘rnini ID-karta egallaydimi?

O‘zbekiston ID-karta tizimini yo‘lga qo‘yishga tayyorgarlik qilmoqda. Hozirda uni amaliyotga joriy etish bo‘yicha tashkiliy ishlar olib borilyapti, xalqaro tajriba o‘rganilmoqda, kerakli jihozlarni xarid qilish masalasi ham hal qilinishi arafasida. Ushbu turdagi hujjatga o‘tish jarayoni 2021 yildan boshlanishi rejalashtirilmoqda, deb xabar beradi Kun.uz manbasi. 

«Gap shundaki, shu paytga kelib, amaldagi biometrik pasportning joriy etilganiga 10 yil to‘ladi va uning muddati tugaydi. Fuqaroning biometrik pasporti muddati tugagan bo‘lsa, yangi ID-karta berilishi nazarda tutilmoqda. Respublika hududida yagona ID-kartani joriy qilish bo‘yicha tizimli ishlar qilinyapti»​, - deydi suhbatdosh. 

Ma'lumot uchun, 2011 yilda amaliyotga tatbiq etilgan biometrik pasport bir vaqtning o‘zida ham xorijga chiqish, ham mahalliy darajada shaxsni aniqlashtirish uchun ishlatiladi. 2019 yil 1 yanvardan O‘zbekistonda xorijga chiqish uchun alohida pasport joriy etiladi va xorijga chiqish ruxsatini tasdiqlovchi stiker amaliyotdan olinadi. Mahalliy darajada identifikatsion ma'lumot​ amaldagi biopasportdan ID-kartaga o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Bu jarayon yanada tezlashtirilishi va 2021 yilga qadar tugallanishi ham mumkin.

Xalqaro tajribaga ko‘ra, hozir ko‘plab rivojlangan davlatlarda elektron ID-kartalar pasportning o‘rnini bosuvchi huquqiy hujjat shaklida joriy etilgan. Unda shaxsning identifikatsion ma'lumotlari xavfsiz holda saqlanadi. Shuningdek, qog‘oz tejaladi, barcha ma'lumotlar elektron tizimga o‘tishi munosabati bilan oddiy pasportdan farqli o‘laroq qalbakilashtirish imkoni mavjud emas. Davlat va bank xizmatlarini ko‘rsatishda ortiqcha qog‘ozbozlikni kamaytirish imkoniyati paydo bo‘ladi.​

Top