08:18 / 08.12.2018
12268

O‘zbekiston bosh prokurori Qozog‘istonda medal bilan taqdirlandi

Foto: Qozog‘iston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati

Qozog‘iston Respublikasi Bosh prokuraturasining taklifiga binoan Otabek Murodov boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi delegatsiyasi joriy yilning 5 dekabr kuni Qozog‘istonga tashrif buyurdi, deb xabar qilmoqda Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Tashrif Qozog‘iston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan tashkillashtirilgan «Mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi sa'y-harakatlarni muvofiqlashtirish» mavzusidagi yuqori darajadagi konferensiya doirasida amalga oshirildi.

Tashrif davomida Qozog‘iston Respublikasi Bosh prokurori K.Kojamjarov bilan ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakat prokuratura organlari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni samarali va tezkor ta'minlash maqsadida mahkumlarni o‘tkazish to‘g‘risida ikki tomonlama Shartnoma tuzish hamda yopiq elektron aloqa kanalini joriy etish masalalari, shuningdek ekstraditsiya, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni qaytarish masalalari muhokama qilindi. Terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurashish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.

Qozog‘iston Respublikasi bosh prokurori O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorini yaqinlashib kelayotgan davlat bayrami – O‘zbekiston Konstitutsiyasi kuni bilan tabriklab, O‘zbekiston xalqiga tinchlik va farovonlik tiladi.

Tomonlar tuzilgan xalqaro shartnomalar doirasida nazorat organlari o‘rtasida o‘rnatilgan ikki tomonlama munosabatlarni ijobiy baholadilar va ularni yanada rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi bosh prokurori Qozog‘iston Respublikasi prokuratura organlarining «Xalqaro hamkorlikni mustahkamlagani uchun» esdalik medali bilan taqdirlandi.

Top