19:00 / 10.12.2018
8498

Inson huquqlarining 70 yili

Foto: Vice

Tarixdan ma'lumki, har bir davlat o‘z fuqarolarining huquq va majburiyatlarini aks ettiruvchi ko‘plab qonunlar qabul qilgan, yildan-yilga, asrdan-asrga bu hujjatlar to‘ldirilib, takomillashtirib borilgan. Aynan mana shu qonunlar garchi qator kamchiliklari bilan bo‘lsa-da, umumiy qoidalarni belgilashda muhim omil bo‘lgan.

Har qanday qonunlarning asl mohiyati insonlarning manfaatlari uchun xizmat qilishi zarurligi hisobga olinsa, bundan roppa-rosa 70 yil muqaddam, 1948 yilning 10 dekabrida qabul qilingan «Inson huquqlari bo‘yicha umumjahon deklaratsiyasi»ning bashariyat tarixida naqadar muhim hujjat ekani ayon bo‘ladi.

Ibtido

Nyu-York yaqinidagi Leyk-Sakses shaharchasida Eleonora Ruzvelt raisligidagi yig‘ilish
Foto: BMT

1945 yil. Odamzod Ikkinchi jahon urushidan qutulib, o‘zining xunrezliklaridan dahshatga tushib turgan bir paytda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tuzildi. BMT o‘zining bosh vazifalaridan biri sifatida jahondagi inson huquqlarini ta'minlash deya belgilab oldi.

Ezgu maqsadni ko‘zlagan BMT tomonidan bu masala yuzasidan maxsus komissiya tuzildi va 1947 yilning 27 yanvaridan boshlab 10 fevraliga qadar Leyk-Sakses shaharchasida Eleonora Ruzvelt boshchiligidagi bu komissiya «Inson huquqlari bo‘yicha umumjahon deklaratsiyasi»ning dastlabki qoralama hujjat ustida ishladilar.

Komissiya tarkibiga Avstraliya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Kuba, Misr, Hindiston, Eron, Liviya, Panama, SSSR, AQSh, Urugvay, Filippin, Fransiya, Chili, Yugoslaviya kabi davlatlar vakillari kiritilgandi.

Huquqlar to‘qnashuvi

Inson huquqlarini o‘zida aks ettirgan umumiy hujjat yaratish lozimligini hamma tushunar, ammo bu oson masala emasdi. Sababi har bir davlatning o‘z qonunlari, huquqlar bo‘yicha o‘z tushunchalari bo‘lib, qaysidir davlat fuqarosi uchun oddiy tuyilgan huquq (masalan ko‘pxotinlilik) boshqa bir davlat fuqarosining tasavvuriga ham sig‘masdi. Komissiyaning ilk yig‘ilishidayoq tomonlar bahslarga kirishib ketishdi va bu shaklda ishlash samara bermasligi ayon bo‘lib qoldi. Shundan so‘ng, komissiya a'zolari uch guruhga bo‘lindi va har bir guruh o‘z loyihasini tayyorlashga kirishdi. Yakunda har bir guruhning eng ilg‘or takliflari umumiy loyihaga kiritilishi, umumiy loyihani esa komissiyaning kelgusi yig‘ilishida ko‘rib chiqish belgilandi.

1947 yilning 9 iyunida komissiyaning kengaytirilgan tarkibi yig‘ilishida bu borada aniq to‘xtamga kelish naqadar qiyinligi yana bir bor ma'lum bo‘ldi. Komissiyaning qaysidir nufuzli a'zosi har bir inson kerakli miqdorda yegulik, boshpana va ish bilan ta'minlanish huquqiga ega bo‘lishi shartligi, busiz hech bir umumiy qonun to‘g‘risida gapirish befoydalagini ta'kidlasa (va haq bo‘lsa), boshqa birov endigina urushdan chiqqan davlatlar uchun bunday darajaga chiqish mumkin emasligini aytib rad etar va bu fikr ham to‘g‘ri edi.

Komissiyaning boshqa bir a'zosi esa insonning fikrlash, o‘z qarashlarini ifoda qilish, siyosiy jarayonlarda ishtirok etish kabi huquqlariga urg‘u berar, bu g‘oyalarga qarshilar hali demokratiya kabi tushunchalar durust shakllanib ulgurmagan bir davrda bunday yuksak marralarni ko‘zlash deklaratsiyaning befoyda bir qog‘ozga aylanib qolishidan hadiksirashardi.

Qabul qilish

Eleonora Ruzvelt
Foto: BMT

«Inson huquqlari bo‘yicha umumjahon deklaratsiyasi»ning loyihasi deyarli ikki yil muddat muhokama qilindi va 1948 yilning 10 dekabrida qabul qilindi. O‘sha davrda BMT a'zolari bo‘lgan 58 davlatdan 48tasi bu hujjatni yoqlab ovoz berishdi. Ta'kidlash joizki, bunga qadar ham inson huquqlarini aks ettiruvchi hujjatlar, qonunlar, paktlar turli davlatlar doirasida bo‘lgan. Ammo mazkur deklaratsiyaning o‘ziga xos jihati uning umumjahon ahamiyatiga ega ekani, tarqoq tushunchalarni birlashtirgani, barcha uchun umumiy jihatlarni jamlay olganida edi.

Ma'lumot: «Inson huquqlari bo‘yicha umumjahon deklaratsiyasi»ning dastlabki shakli qabul qilinishiga qarshilarning da'volari juda o‘ziga xos edi. SSSR va umuman sotsialistik davlatlar bu deklaratsiya insonning istagan paytda o‘zi yashab turgan davlatni tark etib, muhojiratga jo‘nash huquqiga ega bo‘lishiga qarshi chiqqan bo‘lishsa, hozir inson huquqlari bo‘yicha namuna darajasiga erishgan Kanada irqiy tenglikka ko‘nikolmay rozi bo‘lmagan (ammo oxir-oqibat qabul qilgan). Saudiya Arabistoni esa shaxsning erkin tarzda din tanlashi va nikoh erkinligini qabul qila olmagan.

Deklaratsiya bilan bog‘liq muhim sanalar:

1939 yil. Ikkinchi jahon urushining boshlanishi: Germaniyadagi fashistlar rejimi yahudiylar va boshqa milliy ozchilik vakillarini yo‘q qilish bo‘yicha dastur qabul qilishadi hamda amalga oshirishga kirishishadi;

1945 yil, 25 aprel. BMT nizomini yaratish bo‘yicha dastlabki anjuman o‘z ishini boshlaydi;

1945 yil, 26 iyun. BMT nizomi 50ta davlat tomonidan qabul qilinadi;

1945 yil, 2 sentabr. Yaponiya kapitulyatsiyasi, Ikkinchi jahon urushining yakuni;

1945 yil, 24 oktabr. BMT nizomi kuchga kirdi;

1946 yil, 10 yanvar. Londonda BMTning birinchi Bosh Assambleyasi ish boshladi, inson huquqlari bo‘yicha komissiya tuzildi;

1948 yil, 10 dekabr. BMT Bosh Assambleyasi «Inson huquqlari bo‘yicha umumjahon deklaratsiyasi»ni qabul qildi;

1961 yil, iyul. Londonda Xalqaro amnistiya tashkiloti tuzildi;

1968 yil, may. Tehronda inson huquqlari bo‘yicha xalqaro anjuman o‘tkaziladi. Deklaratsiyaning faol mualliflaridan biri Rene Kassen Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi;

1971 yil. «Chegara bilmas shifokorlar» tashkiloti tuzildi;

1978 yil. Human Rights Watch — inson huquqlari bo‘yicha ahvolni monitoring qiluvchi nodavlat tashkilot tuzildi;

1993 yil, iyun. Inson huquqlari bo‘yicha umumjahon anjumani (ingl. World Conference on Human Rights) Vena shahrida o‘tkazildi. Haaga xalqaro tribunali tuzildi;

1994 yil. Inson huquqlari bo‘yicha birinchi bosh komissar tayinlandi;

2008 yil. Xalqaro amnistiya tashkiloti deklaratsiya qabul qilinganining 60 yilligiga bag‘ishlab dunyodagi inson huquqlari bo‘yicha  ma'ruza tayyorladi;

2018 yil noyabr. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligi munosabati bilan Samarqandda tashkil etilgan «Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi» bo‘lib o‘tdi.


Ma'lumot uchun: mazkur deklaratsiyaning 13-moddasida shunday so‘zlar bitilgan:

1. Har bir inson har bir davlat doirasida erkin yurish va yashash joyi tanlash huquqiga ega.

2. Har bir inson har qanday mamlakatdan, xususan o‘z mamlakatidan chiqib ketish va o‘z mamlakatiga qaytib kelish huquqiga ega.

Top