20:29 / 10.12.2018
6382

Toshkent harbiy okrugi jamoasi regbi-15 bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida g‘olib bo‘ldi

Joriy yil noyabr-dekabr oylarida erkaklar o‘rtasida regbi-15 bo‘yicha O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi. 

30 noyabr kuni boshlangan bellashuvlarning final bahsi kecha, 9 dekabr kuni Toshkent harbiy okrugi hamda Sharqiy harbiy okrugi jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Unda yuqori saviyadagi o‘yinini namoyish eta olgan Toshkent harbiy okrugi jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritib, chempionlikka erishdi.

Ta'kidlash joizki, regbi-15 sport turida harbiy jamoalar bir necha bor mamlakat miqyosidagi o‘yinlarda g‘alaba nashidasini surishgan. O‘tgan yili ushbu sport turida Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug vakillari birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan. 

2017 yildan boshlab Mudofaa vazirligida olimpiya sport turiga kirgan regbi-7 ga bo‘lgan qiziqish ham oshmoqda. Jumladan, bu yilgi respublika chempionatida Sharqiy harbiy okrugi jamoasi g‘alabaga erishdi. 

Chempionat g‘olib va sovrindorlari kubok, diplom va faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.

Chempionatda Toshkent harbiy okrugi, Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurti, Qurolli Kuchlar akademiyasi, Mudofaa vazirligi sport klubi, Markaziy, Sharqiy harbiy okruglari, Havo hujumidan mudofaa qo‘shinlari va Harbiy havo kuchlari, Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug jamoalari kuch sinashdi.

Top