12:50 / 11.12.2018
126810

Gulnora Karimovaning o‘g‘li onasi jamoatchilik ishlariga qaytish niyatida ekanini ma'lum qildi

Buyuk Britaniyada istiqomat qiluvchi kichik Islom Karimovning Instagram’dagi sahifasida yozishicha, onasi Gulnora Karimova jamoatchilik ishlarida ishtirok etishga qaytish niyatida.

«Mamlakatimiz taraqqiyoti va muvaffaqiyatlari Vatanimiz fuqarolarining qalbida. So‘nggi yillarda davlatimizning yangi yo‘lida kelgusidagi rivojlanishga umid bergan katta sa'y-harakatlar amalga oshirildi», - dedi u.

Umuman olganda, kichik Islom Karimovning ma'lum qilishicha, onasi O‘zbekiston uchun, xususan, madaniyat, moda, sog‘liqni saqlash va ta'lim sohalarida ko‘plab foydali ish qildi. Uning ta'kidlashicha, Gulnora Karimova yana mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotida ishtirok etishga tayyor.

O‘tgan yilning yozida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Gulnora Karimova ishining ba'zi jihatlarini ochiqlagan edi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudining 2015 yil 21 avgustdagi hukmi bilan Gulnora Karimova ayblanayotgan jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan va unga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Shuningdek, Buyuk Britaniya hukumati Gulnora Karimovaning qirollik hududidagi ko‘chmas mulk obektlari va boshqa aktivlarini xatlashni rejalashtirayotgani haqida xabarlar ham tarqalgandi.

«Boshqarma 2002 yili joriy etilgan qonunga muvofiq obektlarni fuqarolik tartibida musodara qilish haqida sud da'vosi bilan murojaat qildi. Da'vo bir necha aktivlarga, shu jumladan, O‘zbekistonda Gulnora Karimova va Rustam Madumarov ishtirokidagi korrupsiyaviy bitimlardan olingan daromadlardan foydalanib sotib olingani taxmin qilinadigan uchta ko‘chmas mulk obektiga taalluqlidir», - deyilgan Britaniyadagi O‘ta yirik miqdordagi firibgarliklarga qarshi kurashish byurosi (Serious Fraud Office) xabarida.

Bosh prokuratura Buyuk Britaniyada Gulnora Karimovaga tegishli ko‘chmas mulk xatlov qilinishi bo‘yicha sud jarayoni haqida izoh berdi.

«Bu masalaga keladigan bo‘lsak, biz qator xorijiy davlatlardagi hamkasblarimiz bilan hamkorlik qilmoqdamiz, jumladan, Shveytsariya prokuraturasi bilan qalin aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Britaniya tomoni bo‘yicha masalaga kelsak, ayni damda Britaniya huquqni muhofaza qilish tuzilmalari bilan Gulnora Karimova ishi bo‘yicha qonuniy kuchga kirgan sud qarori doirasida aktivlarni qaytarishga doir muzokaralar olib borilmoqda», - deya aytib o‘tdi Bosh prokuratura matbuot xizmati vakili Surayyo Rahmonova.

Top