02:00 / 12.12.2018
18645

Britaniya elchisi: «Agar hukumat faqat o‘zining aytganlarini tinglasa, u yaxshi siyosat yuritolmaydi​» ​

O‘zbekiston inson huquqlarini ta'minlash, jumladan so‘z erkinligi borasida katta islohotlarga qo‘l urdi. Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Kristofer Allenga ko‘ra, 2,5 yil avval elchi OAVga murojaat qilib, inson huquqlari bo‘yicha gaplashmoqchiligini aytganda, uning chorloviga, balki hech kim javob bermasdi. Bu haqda elchi Kun.uz'ga bergan intervyusida ma'lum qilgan.  

«Agar intervyularimda inson huquqlari bo‘yicha ko‘p gapirganimda, bular e'lon qilinmasligi ham mumkin edi. Biroq, biz hozir faqat inson huquqlari mavzusida eksklyuziv suhbatni davom ettiryapmiz. So‘z erkinligi borasida ochiq muloqot qilyapmiz. Menimcha shularning o‘zi juda yaxshi ijobiy ma'noga ega»​, - deydi u.

Video: Tas-IX

Video: YouTube

Britaniyalik diplomat o‘tib borayotgan yilda kuzatilgan ayrim voqealar, xususan jurnalist Bobomurod Abdullayev ishi, jurnalist Raufxon va hibsga olingan bloggerlar bilan yuz bergan hodisalarga to‘xtalib, bular so‘z erkinligini ta'minlash borasidagi ijobiy qadam bo‘lmaganini aytgan. 
«Harqalay O‘zbekiston bu sohada rivojlanmoqda. So‘z erkinligini ta'minlash uchun vaqt o‘tgan sayin dadil qadamlar tashlanmoqda. Hamma qadamlar ham ijobiy bo‘lmayapti va siz bularni ta'kidladingiz. Shuningdek, men katta resursga ega ijtimoiy tarmoqlarga ulanishda kuzatilayotgan qiyinchiliklardan xabardorman», - deydi u.

Elchining aytishicha, inson huquqlar ancha keng tushuncha ekanini e'tirof etish zarur. Odamlar bu mavzuda juda ham keng masalalar atrofida so‘zlasha oladi, jumladan insonning ijtimoiy va iqtisodiy huquqlari yoxud siyosiy huquqlari shular jumlasidan. 

«So‘z erkinligida katta o‘zgarish borligini ta'kidladim. Kun.uz bu siyosiy jarayonlar atrofida sog‘lom muhokamalarni tashkil etishga katta hissa qo‘shayotgan veb saytlardan biri sifatida so‘zlarimning isbotidir. Bu haqda Prezident ham aytmoqda. U jurnalistlarni tanqidiy maqolalar tayyorlashga undamoqda. Chunki, davlat rahbari ana shu tanqidlar ortidan xalqdan aks-sado kelishi mumkinligini anglaydi. Agar hukumat faqat o‘zining aytganlarini tinglasa, u yaxshi siyosat yuritolmaydi.

U xalqning fikrini turli tanqid, taklif va mulohazalar ko‘rinishida o‘rganishi kerak. Bunga media yordam beradi. U to‘rtinchi hokimiyat, demokratik jamiyatda asosiy tayanchlardan biri. Mana shuning uchun hukumat va prezident OAVni qo‘llab-quvvatlamoqda, va bularning barchasini olqishlash lozim. Har qanday davlatda bo‘lgani kabi, qilinishi kerak bo‘lgan ishlar ko‘p va davom etish kerak»​, - deb qo‘shimcha qilgan elchi. 
Suhbatning to‘liq shaklini video formatda tomosha qilishingiz mumkin.

Top