21:20 / 12.12.2018
118214

Otaxon jonli efirda prezident bilan uchrashuvga ularni qanday tayyorlashganini so‘zlab berdi

«O‘zbekiston» teleradiokanalining jonli efirida namoyish etiladigan «Munosabat» ko‘rsatuvining navbatdagi soni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 26 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi prezident ma'ruzasida ko‘tarilgan dolzarb masalalar muhokamasiga bag‘ishlandi. 

Ko‘rsatuvdagi munozaralar chog‘ida so‘z olgan otaxon o‘tgan yili prezident Shavkat Mirziyoyevning Yashnobod tumaniga tashrifi chog‘ida mahalla ahli bilan uchrashuvidan avval ularni «yaxshilab tayyorlashgani», «Prezidentni maqtaysan, siyosatini maqtaysan», deya rosa uqtirishganini gapirib berdi.

«Bundan bir yil oldin Yashnobod tumanidagi «Vatandosh» mahallasida Prezident bilan uchrashuv bo‘ldi. Prezidentning shaffofligi, ochiqligi va xalqparvarligini bir og‘iz gapidan bilishi mumkin. Prezident kelgunga qadar hammamizni o‘rgatishdi: «Faqat prezidentni maqtaysizlar, siyosatni maqtaysizlar», deb. Biz ham shunga tayyorlandik yaxshilab. Lekin prezident kirib kelishi bilan, katta qora stulga (kreslo)o‘tirmasdan, «menga oddiy stul beringlar, xalq bilan oddiy stulda o‘tirib so‘zlashmoqchiman», dedi.

Xalq bilan bir yarim soat muloqot qilgan prezident, shunda bir gap aytdi: «Meni maqtagan — menga dushmanlik qilayotgan bo‘ladi. Menga xaqiqiy taklif beringlar: nima qilsak korrupsiyani yo‘qotamiz, nima qilsak haqiqiy taraqqiyot yo‘liga o‘tamiz, nima qilsak xalqimizni rozi qilamiz», dedi. Hamma lol bo‘lib qoldi. Chunki hamma maqtovga tayyor bo‘lib kelgan edi. 

Prezident uchrashuvda aytilgan takliflarni o‘sha yerning o‘zida hal qilib ketdi», — dedi otaxon «Munosabat» ko‘rsatuvida.

YouTube

Prezident 2017 yilning mayida Toshkent shahrining Yashnobod  tumaniga tashrif buyurib, tumandagi ishlab chiqarish sohasi va amalga oshirilayotgan islohotlar bilan yaqindan tanishgan, «Vatandosh» mahallasida aholi bilan muloqot qilgandi.

Shavkat Mirziyoyev Yashnobod tumaniga tashrifi chog‘ida kutilmaganda 32 oilaviy poliklinikaga kirgan va atrofdagi mahalla aholisi bilan ham suhbat qurgandi.

Mavzuga oid
Top