22:39 / 12.12.2018
8834

​Xorij va mahalliy investorlar uchun maxsus informatsion portal ishga tushdi

Taraqqiyot strategiyasi markazida bo‘lib o‘tgan Investitsiya bo‘yicha Davlat qo‘mitasi vakillari hamda jurnalistlar ishtirokidagi brifingda investorlar va investitsiya qidirayotganlar uchun 8 tilda (o‘zbek, rus, ingliz, nemis, fransuz, turk, koreys, xitoy) faoliyat olib boruvchi yangi invest.gov.uz informatsion portal ishga tushganligi to‘g‘risida ma'lumot berildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda. 

Investitsiya qo‘mitasi qoshidagi  «Ijtimoiy hayot, turizm, xizmatlar va farmatsevtik sanoatni kompleks rivojlantirish departamenti»​ direktori o‘rinbosari Dilfuza Samandarova portal haqida batafsil to‘xtaldi:

 «Ushbu informatsion portalda investorlar Respublikaning har bir viloyati, tumanining demografik holati, hududlarning eksport va import salohiyati,infrastruktura, kommunal to‘lovlar va boshqa muhim ma'lumotlarga ega bo‘lishlari mumkin. U yerdan O‘zbekiston investitsion muhitini boshqa davlatlar bilan solishtirish imkoniyati mavjud. 

Yana bir qiziq jihati shundaki, portalda investorlar o‘z muammolari bo‘yicha onlayn murojaat qilishlari, 1047 raqamiga qo‘ng‘iroq qilib o‘z murojaatlarini bayon etishlari, viza olish bo‘yicha ham so‘rovni ushbu onlayn maydonchadan yo‘llashlari mumkin. . Shuningdek, investorlar o‘zlari qiziqtirgan savollarga javob olish uchun Investitsiya Davlat qo‘mitasi mas'ul vakillariga onlayn xabar jo‘natishlari mumkin»​, - deydi u.

Brifingda xorijiy sarmoyadorlarni qiziqtirgan tarmoqlar ma'lum qilindi. Unga ko‘ra, sarmoyadorlar to‘qimachilik, oziq-ovqat sohalariga ko‘proq pul tikishmoqda. Qishloq xo‘jaligi ular orasida yetakchi o‘rinda turibdi.​

Davlat rahbari 2019 yil 1 yanvarga qadar muddatda investitsiya kiritish uchun eng qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan, investitsiya faoliyati sohasidagi unifikatsiya qilingan qonun hujjati loyihasini ishlab chiqish va kiritish vazifasini topshirgandi. 

Shunga monand, O‘zbekistonda «Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida»gi qonun ishlab chiqildi. Qonun loyihasi Qonun hujjatlari ta'sirini baholash tizimi portalida joylashtirilgan, jamoatchilik muhokamasi 21 dekabrgacha davom etadi.

Ayni vaqtda shu sohaga oid 8 ta Qonun va Vazirlar Mahkamasi qarorlari, Prezident farmonlari mavjud. Muhokamaga qo‘yilgan yangi qonunda yuqoridagi hujjatlarning eng muhim qismlari kiritilib, yaxlit qilib to‘planadi va yagona qonunchilik bazasi shakllantirilishi kutilmoqda.

Top