15:30 / 12.12.2018
21096

«O‘lim guruhi»da omon qolgan «Liverpul» va tentak «Napoli». YeChLda hayot-mamot o‘yini

Foto: Getty Images

Yevropa Chempionlar ligasidagi 4 guruhda 6-tur uchrashuvlari yakunlandi. «Liverpul» o‘zi uchun kurashib, pley-offga yo‘l oldi.

«Liverpul» (Angliya) - «Napoli» (Italiya) - 1:0 (1:0)
Gol: Saloh, 34.
«Liverpul»: Alisson, Aleksandr-Arnold (Lovren, 90), Matip, van Deyk, Robertson, Veynaldum, Henderson, Milner (Fabinyu, 85), Saloh, Roberto Firmino (Keyta, 79), Mane.
«Napoli»: Ospina, Maksimovich, Albiol, Kulibali, Mariu Ruy (Gulyam, 70), Allan, Hamshik, Ruis (Zelinski, 62), Kallejon, Mertens (Milik, 67), Insine.
Ogohlantirishlar: Van Deyk, 13. Kulibali, 40. Saloh, 83. Robertson, 90+1. Mane, 90+3.
Hakam: Skomina (Sloveniya).
11 dekabr. Liverpul. «Enfild» stadioni.

Chempionlar ligasining hech bir guruhida oxirgi tur arafasida C guruhidagi kabi intriga yo‘q edi. To‘rt jamoada ham oxirgi tur natijalariga ko‘ra, bahorda yevrokuboklardagi ishtirokini ta'minlash uchun imkoniyat mavjud edi. «Napoli» 9 ochko bilan yetakchi, «PSJ» 8 ochko bilan ikkinchi, «Liverpul» 6 ochko bilan uchinchi edi. 4 ochkosi bor «Tsrvena Zvezda»da ham boshqa o‘yinlar natijalariga ko‘ra uchinchi o‘rinni egallab, Yevropa Ligasiga yo‘llanma olish umidi saqlanib qolgandi.

Bir necha kun muqaddam Premer-ligada «Siti»ni quvib o‘tib, turnir jadvali peshqadamiga aylanib olgan mersisaydliklarni «Napoli»ga qarshi o‘yinda shunchaki g‘alaba emas, gol o‘tkazmasdan g‘alaba qozonish qoniqtirardi (mehmonlarning 2:1, 3:2, 4:3 va hokazo ko‘rinishdagi bir gol farqli g‘alabalari mezbonlarni keyingi bosqichga olib chiqardi).

Parallel kechadigan uchrashuvda «PSJ» g‘alaba qozonishi deyarli aniq bo‘lgani tufayli, «Liverpul»ni kamida 1:0 hisobidagi g‘alaba (yoki 2 to‘p farqi bilan g‘alabalar) qoniqtirardi va aynan shu hisobdagi g‘alabaga erishildi. Durang ham qoniqtiradigan neapolitanliklar jamoasi murabbiyi Karlo Anchelotti esa o‘yin oldidan kamtarlik qilib o‘tirmadi. «Biz tort tayyorladik, endi ustiga qiyom surtish qoldi. Agar pley-offga chiqmasak, tentakmiz», dedi u.

Klopp esa bu safar jiddiy edi: «Bizda «Napoli»ga qarshi o‘yin. Angliya chempionatida peshqadam bo‘lib olganimizni unutib turamiz».

Anchelottining so‘zlaridan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, endi «Napoli» futbolchilarini tentak deb atashimiz mumkin. Aslida, bu oqshom maydonda «Liverpul» ham, «Napoli» ham yuqori darajadagi futbolni namoyish etishdi. Bu YeChL pley-off bosqichiga munosib o‘yin edi.

O‘sha Saloh

Ikki tomonning ham ishtiyoqi juda baland edi. Bu ilk daqiqalardanoq ko‘rinib turardi: Saloh, Hamshik va Milnerda golli vaziyatlar yuzaga keldi. Kimgadir aniqlik, kimgadir omad yetishmadi. Ketma-ket hujumlar uyushtirildi, avvaliga bu o‘yin xuddi 4:4 hisobi qayd etiladigandek tuyuldi. Ammo «Liverpul»ning o‘zi tempni tushirib qo‘ydi. 13-daqiqada Virjiyl van Deyk Dris Mertensning oyog‘ini sindiray dedi, mezbonlar sardori Henderson niderlandiyalik himoyachiga vajohat bilan tashlandi, hakam esa faqat sariq kartochka bilan kifoyalandi. Lekin o‘yin tempi o‘ldi.

APLda Klopp odatda 4-2-3-1 yoki 4-4-2 sxemasini qo‘llaydi. YeChLda esa o‘tgan mavsumdagi kabi 4-3-3 sxemasidan foydalanilmoqda. 

Anchelotti o‘yinga 4-3-3 sxemasi bilan tushgandi, to‘psiz holatda futbolchilar 4-2-2-2 sxemasiga o‘tishdi. Qanotdagi ikki futbolchi ham «Liverpul»ning hujumlarini buzish bilan mashg‘ul bo‘lishdi. Himoyachilar ofsayd chizig‘ida mohirona harakatlanishdi - shunday vaziyatlarda Mane ofsayddan urgan golini nishonlayotganida hakam Damir Skomina golni bekor qildi.

Ammo «Liverpul» baribir gol urdi. Bu shunday ssenariy bilan ro‘y berdiki, bu vaziyatda dono Anchelotti hech narsa o‘ylab topa olmasdi. O‘tgan haftada «Bornmut» darvozasiga 3ta gol yo‘llagan Muhammad Saloh bu kecha ham o‘yinda edi. Goldan bir daqiqa oldingi hujumda Saloh darvoza chizig‘i tomon oldindan kutilgan uzatma berdi va to‘p osongina qaytarildi. Ikkinchi hujum vaqtida esa u kutilmaganda, odatdagi kabi pas berish o‘rniga o‘tkir burchakdan turib darvozabonning yaqin burchagiga zarba yo‘lladi. Salohning nostandart qarori va darvozabonning xatosi - bu vaziyatda ikkita Anchelotti ham hech narsa qila olmasdi. Haqiqiy Saloh qaytdi!

Birinchi bo‘limda Yurgen Klopp shogirdlari zarbalar berish borasida faolroq edi - 7:3 (aniq zarbalar bo‘yicha 1:1). Ikkinchi bo‘limda qizillarning bu boradagi faolligi karrasiga o‘sdi - 15:5 (aniq zarbalar bo‘yicha 3:2). 

«Neapol» yetarlicha agressiya namoyish etolmadi. Birinchi bo‘limda faqat bir marta aniq zarba yo‘llandi - Mertensning deyarli maydon markazidan yo‘llagan kuchsiz zarbasi.

Klopp yuqori pressingi bilan raqibning o‘z sevimli uslubida qarshi hujumlarga o‘tishiga yo‘l qo‘ymadi. 

Anchelotti faqat oxirgi 20 daqiqalikda tavakkal qilishga majbur bo‘ldi. Fabian Ruis o‘rniga Zelinski, Mertens o‘rniga Milik, Mariu Ruy o‘rniga hujumkor Fevzi G‘ulom tushirildi.

Alissonga - haykal!

Kloppni muxlislar natija uchun o‘ynamaslikda ayblashlari mumkin. Muxlislar bundan norozi bo‘lishsada, «Liverpul» bu o‘yinda ham hisobni saqlab qolishga emas, hisobni oshirish uchun o‘ynadi. «Napoli»da esa ikkinchi bo‘limda maydonga chiqqan Arkadiush Milik va Zelinski qolgan 20 daqiqalik qiziqarli o‘tishini ta'minlashdi. «Enfild»ga yig‘ilganlar 87-daqiqada Manening yakkama-yakka vaziyatda gol urolmasligidan keyin yuragini hovuchlab o‘tirganida, qo‘shimcha daqiqalar davom etayotganida Fabino Milikka uzatilgan to‘pni to‘sib qololmadi va polshalik hujumchi Alisson qarshisida qoldi. Ammo Alisson metin qoyaga aylandi.

Qolgan daqiqalar ichida Mane yana bir marta golli vaziyatni ko‘kka sovurdi va hisob o‘zgarmay qoldi. Aslida bu o‘yinda kamida o‘nta gol bo‘lishi kerak edi. Kamida.

Mavzu
Yevropa Chempionlar Ligasi
12 sentabrdan Yevropa Chempionlar Ligasida yangi mavsum start oldi. 8 guruhda 4tadan jamoa kuzgi bahslarga kirishdi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top