15:14 / 12.12.2018
17504

O‘zbekistonda yangi qonun loyihasi ishlab chiqildi

Foto: Dreamstime

O‘zbekistonda «Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida»gi qonun ishlab chiqildi. Qonun loyihasi Qonun hujjatlari ta'sirini baholash tizimi portalida joylashtirilgan, jamoatchilik muhokamasi 21 dekabrgacha davom etadi, deb yozmoqda Norma.
 
Eslatib o‘tamiz, davlat rahbari 2019 yil 1 yanvarga qadar muddatda investitsiya kiritish uchun eng qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan, investitsiya faoliyati sohasidagi unifikatsiya qilingan qonun hujjati loyihasini ishlab chiqish va kiritish vazifasini topshirgan.
 
Avvaliga u Investitsiya kodeksi bo‘lishi rejalashtirilgan edi. Xususan, portalimizda uning konsepsiyasi va hatto kodeksning o‘zini sharhlagan edik. Biroq keyinchalik hujjat formatini qayta ko‘rib chiqib, uni qonun ko‘rinishida chiqarishga qaror qildilar. «Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida»gi Qonunning konsepsiyasini oktabr oyining ikkinchi yarmida taqdim etdilar.
 
E'lon qilingan qonun loyihasi bugungi kunda turli hujjatlar: «Chet el investitsiyalari to‘g‘risida», «Investitsiya faoliyati to‘g‘risida», «Investitsiya va pay fondlari to‘g‘risida», «Erkin iqtisodiy zonalar to‘g‘risida», «Kontsessiyalar to‘g‘risida», «Mahsulot taqsimotiga oid bitimlar to‘g‘risida»gi qonunlar va boshqa hujjatlarda, shuningdek bir qator qonunosti hujjatlarda mavjud bo‘lgan normalarni tizimli ravishda o‘zida mujassamlashtirdi.
 
Tarkibiy jihatdan olganda hujjat 10 ta bob, 251 ta moddadan iborat. Umumiy qoidalar bilan bir qatorda unda investitsiyalar va investitsiya faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari, investitsiyalarni institutsional boshqarish jihatlari (investitsiya, pay investitsiya va venchur fondlari), erkin iqtisodiy zonalarda, konsessiyalar hamda mahsulot taqsimotiga oid bitimlar doirasida investitsiyalash xususiyatlari qayd etilgan. O‘zbekistonda chet el investitsiyalarining huquqiy rejimi va mamlakatimiz tashqarisida investitsiya faoliyatining amalga oshirilishi tartibga solingan.
 
Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.    

Top