11:58 / 13.12.2018
7841
Elektr energiyasini sotishdagi yo‘qotishlarni aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom ishlab chiqildi
Foto: Depositphotos

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Elektr energetikada nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasining “Elektr energiyasini yetkazib berish, transportirovka qilish, taqsimlash va sotishdagi yo‘qotishlarni aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan elektr energiyasini yetkazib berish, transportirovka qilish, taqsimlash va sotishdagi yo‘qotishlarni aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanishi mumkin.

Nizomga ko‘ra, “O‘zbekenergo” AJ har oyda bevosita iste'molchilar tomonidan foydalanilgan elektr energiyasi hajmi va tegishli hududlar chegarasidagi tarmoqlarga yetkazib berilgan hajm o‘rtasidagi tafovut mavjudligi haqidagi ma'lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosiga taqdim etadi. Taqdim etilgan ma'lumotlar asosida Byuro hududiy elektr tarmoqlari korxonalari bilan birgalikda tafovutning vujudga kelish sabablarini aniqlash bo‘yicha belgilangan tartibda choralar ko‘radi.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi 22-son qarori bilan tasdiqlangan “Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari”ning 75-bandiga asosan, iste'molchi tarmog‘ining tranzit uzatishda qatnashgan qismi, elektr energiyasini uzatishdagi texnologik sarfning yagona elektr energetikasi tizimiga tegishli qismi bo‘yicha “Elektr energiyasini elektr tarmoqlari bo‘ylab uzatish va taqsimlashda texnologik yo‘qotishlarning normativlarini hisoblash tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma”ning 5-formulasiga asosan hisoblanadigan texnologik yo‘qotishlarning absolyut miqdoriga qo‘shib hisoblanadi.

Agar iste'molchi egasi bo‘lmagan yoki egasi noma'lum bo‘lgan yoxud egasi egalik qilishdan voz kechgan elektr tarmog‘i xo‘jaligi obekti orqali elektr energiyasi bilan ta'minlanayotgan bo‘lsa, o‘zlarining elektr tarmoqlaridan bunday obektlar orqali elektr energiyasini yetkazib berayotgan hududiy elektr tarmoqlari korxonalari ulardagi texnologik yo‘qotishlarni o‘zlariga tegishli elektr tarmoqlaridagi texnologik yo‘qotishlardan alohida hisoblaydilar. Bunda egasi bo‘lmagan yoki egasi noma'lum bo‘lgan yoxud egasi egalik qilishdan voz kechgan elektr tarmog‘i xo‘jaligi obekti hududiy elektr tarmoqlari korxonalari balansiga qabul qilingan yoki qilmagan taqdirda, ulardagi texnologik yo‘qotishlar ushbu korxonalarning texnologik yo‘qotishlarida hisobga olinadi. Amalga oshirilgan hisob-kitob miqdorlari texnologik yo‘qotishlarning absolyut miqdoriga qo‘shib hisoblanadi.

Elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi, yetkazib beruvchi, taqsimlovchi va sotuvchi korxonalar har yili 1 sentabrgacha kelgusi yil uchun “Elektr energiyasini elektr tarmoqlari bo‘ylab uzatish va taqsimlashda texnologik yo‘qotishlarning normativlarini hisoblash tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma” asosida tarmoqlaridagi elektr energiyasini yo‘qolishlarini hisoblaydilar va “O‘zbekenergo” AJga taqdim etadilar. Bunda birlamchi ma'lumotlar elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi, yetkazib beruvchi, taqsimlovchi va sotuvchi korxonalar rahbarlari, bosh muhandislari, bosh hisobchi hamda mas'ul bo‘lim boshliqlari imzolari bilan tasdiqlanishi lozim.

Elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi, yetkazib beruvchi, taqsimlovchi va sotuvchi korxonalar tomonidan texnologik yo‘qotishlar bo‘yicha amalga oshirilgan hisob-kitoblar “O‘zbekenergo” AJning tegishli yo‘nalishlari bo‘yicha boshqarmalari tomonidan ko‘rib chiqilib, boshqaruv raisining sohaviy o‘rinbosarlari tomonidan tasdiqlanadi.

Nizomga asosan “O‘zbekenergo” AJ bo‘yicha (korxonalar kesimida) amalga oshirilgan texnologik yo‘qotishlarning hisob-kitoblari umumlashtirilgan xolda “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasiga taqdim etiladi. Taqdim etilgan texnologik yo‘qotishlarning hisob-kitoblari “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi tomonidan “Elektr energiyasini elektr tarmoqlari bo‘ylab uzatish va taqsimlashda texnologik yo‘qotishlarning normativlarini hisoblash tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma”ga muvofiq amalga oshirilganligi ko‘rib chiqiladi va kelishiladi.

“O‘zbekenergo” AJ har yili korxonalar tomonidan hisoblangan tarmoqlardagi elektr energiyasi yo‘qotishlarini inobatga olgan holda elektr energetika obektlarining ichki tarmoq elektr energiyasi iste'molining prognozini shakllantiradi, hamda o‘rnatilgan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligiga taqdim etadi.

“O‘zbekenergo” AJ O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan elektr energiyasi ishlab chiqarish va iste'mol qilish balansini korxonalar kesimida tarmoqlardagi elektr energiyasi yo‘qotishlarning me'yoriy miqdorini korxonalarga yetkazadi.

“O‘zbekenergo” AJ elektr energiyasini ishlab chiqarish, transportirovka qilish va yetkazib berishning haqiqiy rejimidan kelib chiqqan holda, har chorak yakunida korxonalar tomonidan qayta hisoblangan elektr tarmoqlardagi yo‘qotishlar asosida me'yoriy miqdorlarga o‘zgartirishlar kiritish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligiga taklif kiritadi.

Top