11:57 / 14.12.2018
88610

«Qirg‘iziston butun dunyoga sharmanda bo‘ldi». Jeenbekov transport vazirini ishdan chetlatishni buyurdi

Foto: Knews.kg

Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov bugun, 14 dekabr kuni bosh vazir Muxammedkaliy Abilg‘oziyevga transport va avtomobil ishlari vaziri Jamshidbek Kalilovni vazifasidan vaqtinchalik chetlatish haqida topshiriq berdi. Bu haqda u Qirg‘iziston Xavfsizlik kengashi yig‘ilishi davomida aytib o‘tdi, deb ma'lum qilmoqda Tazabek nashri.

Avvalroq u sog‘liqni saqlash vaziri va transport vaziriga «Tunduq» tizimi joriy etilishi haqida savol bilan chiqqandi. «Siz uchun qanday to‘siqlar bor? Sizda vositalar mavjud. J.Kalilov kelmadimi? Unga nima bo‘ldi? Siz uchun qanday to‘siqlar bor? Mutaxassislar, sharoitlar bor - faqat sizning befarqligingiz tufayli tizim joriy etilmayapti», - dedi u.

Jamshidbek Kalilov

Prezident transport vazirining o‘rinbosari yaqinda pora bilan ushlangani haqida to‘xtalib, «Qirg‘iziston Respublikasi butun dunyoga sharmanda bo‘lganini» ta'kidladi.

«Kalilov, o‘rningizdan turing, agar sizning o‘rningizda bo‘lganimda, hech bo‘lmasa tergov davrida ariza yozib, ishdan vaqtinchalik ketgan bo‘lardim. 500 ming dollarni hamma muhokama qilmoqda. Men gubernator bo‘lganimda, nogironligi bo‘lgan bolalarning onalari farzandlari haqida qayg‘urib, ishlashga imkon topishmagan va nafaqa haqida so‘rashardi. Yaqinda bosh vazir bu masalani hal qildi va ular bunday kichik puldan mamnun bo‘lib o‘tirishibdi. 500 ming dollar esa - bu nimasi?

Barchani javobgarlikka tortish kerak. Hurmatli bosh vazir, uni ishdan vaqtinchalik chetlating, u Xavfsizlik kengashida o‘tiribdi, bu qanday sharmandalik?!», - deya darg‘azab bo‘lgan Jeenbekov.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘iziston bosh vaziri sobiq o‘rinbosari qo‘lga olingani, u noqonuniy boyishda gumonlanayotgani xabar berilgandi.

Mavzuga oid
Top