08:04 / 14.12.2018
7415

Yaponiya “yulduzlar yomg‘iri”ni chaqirishni rejalashtirmoqda 

Foto: AFP 2018 / Ethan Miller

Yaponiya yanvarda orbitaga sun'iy yo‘ldosh uchirib, uning yordamida ilk bor sun'iy “yulduzlar yomg‘iri”ni chaqirmoqchi. Bu haqda ushbu ko‘ngilochar loyiha bilan shug‘ullanayotgan ALE kompaniyasi ma'lum qildi.

Kompaniya bayonotida aytilishicha, sun'iy yo‘ldosh orbitaga JAXA koinot agentligining “Epsilon-4” raketasi bilan olib chiqiladi. “Yulduzlar yomg‘iri”ni esa 2020 yil bahorida Xirosima va 200 kmgacha atrofdagi hududlardagi 6 mln kishi kuzatishi mumkin bo‘ladi. 

Sun'iy yo‘ldoshga 400 ta metall sharcha yuklanadi. Bu sharchalar atmosferaning zich qatlamlariga kirganda yerdan 60 km balandlikda yonib, meteorlar kabi effekt beradi. Har bir sharchaning kattaligi diametrida 1 smdan oshmaydi. Sun'iy yo‘ldoshning o‘zi esa Yerdan 400  km balandlikda joylashadi.

ALE’da ta'kidlanishicha, sun'iy “yulduzlar yomg‘iri” atrof-muhitga hech qanday zarar keltirmasligi kerak.  

JAXA “Epsilon-4” raketasi 17 yanvarda Tinch okeani bo‘yidagi Utinoura kosmodromidan uchirilishi rejalashtirilayotganini ma'lum qilgan.

Top