18:36 / 15.12.2018
7340
Ijtimoiy tarmoq va messenjerlarda savdoni qanday yo‘lga qo‘yish mumkin?

«Odam to‘planadigan joyda savdo qilamiz» — savdo-sotiq necha asrlardan buyon mana shu tamoyil asosida olib boriladi. Shu sababli sotuvchilar xaridor izlab internetga o‘tishmoqda. O‘n yil avval barcha o‘z sayti bo‘lishiga harakat qilardi. Endilikda esa bu yetarli bo‘lmay qoldi. Mobil trafikning o‘sishi mijoz smartfonidan joy olish uchun yirik kompaniyalarning o‘z ilovalarini yaratishlariga olib keldi. Mijozlar ko‘p vaqtini ijtimoiy tarmoq va messenjerlarda o‘tkazishyaptimi? Demak, ularga ham joylashib olish kerak. Ammo buni hamma ham uddalay olmaydi. Ijtimoiy tarmoqdagi tijoratda to‘g‘ri joy tanlash uchun bu bozorda nimalar yuz berayotganini bilish kerak. «Yandeks.Kassa» va Data Insight bu borada tadqiqot o‘tkazdi. Bu haqda Forbes yozmoqda.

Foto: Pixabay

Ijtimoiy kanallardagi savdo hajmi 

Ijtimoiy kanallarda nimalar sotiladi? Eng ko‘p sotiladigan mahsulotlar kiyim-kechak va poyabzal hisoblanadi. Bu mahsulotlarning savdo hajmi yiliga 100 milliard rubldan ortiq. Ikkinchi o‘rinda elektronika va maishiy texnika, uchinchi o‘rinda esa ko‘chmas mulk ijarasi bo‘yicha xizmatlar turadi.

Messenjerlar: boshlanishi sekin, marra esa yuqori

B2C savdo sohasida ishlaydigan va ijtimoiy kanallardan foydalanmaydigan korxonalar elektron tijorat bozori qatnashchilarining to‘rtdan bir qismidan ham kamroqni tashkil etadi. O‘z mahsulot va xizmatlarini taklif etadigan 76 foiz kompaniya ijtimoiy kanallardan foydalansa, sotuvchilarning 94 foizi allaqachon ijtimoiy tarmoqlarni egallagan. Barcha ijtimoiy kanallarning mahsulot va xizmatlarini internet orqali sotadigan kompaniyalar tushumidagi ulushi o‘rtacha 40 foizga yetgan.

Eng yuqori o‘sish sur'ati messenjerlarda. Ulardan foydalanadigan sotuvchilarning 74 foizi savdoda o‘sish bo‘lganini qayd etishgan. Hozircha ko‘pchilik messenjerlardan mijozlar bilan muloqot qilishda foydalanadi (89 foiz kompaniya), 41 foizi messenjerlar orqali mahsulotlarini faol sotadi, 39 foizi mijozlarga takliflar jo‘natadi. Hozirda sotuv hajmining taxminan 5,6 foizi messenjerlarga to‘g‘ri kelmoqda. Mikrobiznesda esa internetdagi tushumning 8 foizi messenjerlar ulushiga tegishli.

Foto: Pixabay

Ijtimoiy tarmoqlar: mahsulot namoyishidan to‘lovlarga

B2C va S2S sotuvchilar orasida eng ommabop ijtimoiy tarmoq «VKontakte» hisoblanadi. Undan o‘z mahsulot va xizmatlarini sotish uchun sotuvchilarning 11,2 foizi foydalanadi. Sotuvchilarning 6,5 foizi Instagram, 4,7 foizi Facebook’dan foydalanadi.  

Sotuvchilarning 57 foizi ijtimoiy tarmoqlardagi sotuv maydonchalaridan foydalanadi. Masalan, ularning 46 foizi o‘z akkauntlarida mahsulotlar namoyishini o‘tkazishadi. 32 foizi esa mijozlar bilan muloqot uchun chatlardan foydalanadi. Atigi 9 foiz sotuvchilar esa ijtimoiy tarmoq orqali to‘lovni joriy etishgan.

Mijoz Instagram’dan foydalanadigan bo‘lsa, unga hamma narsani – savol-javob qilish, buyurtma berish, to‘lovni amalga oshirishni shu yerning o‘zida bajarish qulay. Ijtimoiy tarmoqdan chiqib saytga yoki mobil bankka o‘tish, to‘lovni amalga oshirish vaqtni oladi. Ammo hozircha 5 foiz kompaniya bevosita ijtimoiy tarmoqning o‘zida onlayn-to‘lov qabul qilishni rejalashtirmoqda. Buning sababi – sotuvchilarning bu texnologiyalardan unchalik xabardor emasliklari. 

Masalan, aksariyat internet-magazinlar haligacha xaridordan maxsus havola jo‘natib, messenjer orqali ham to‘lov qabul qilish mumkinligini bilishmaydi.

Foto: Pixabay

Mikrobiznes uchun imkoniyat

Turli kanallarning samaradorligi kompaniya aylanmasi va uning sohasiga ham bog‘liq. Masalan, mikro va kichik biznes uchun ijtimoiy kanallar qulayroq. Bu kanallar hozirda ular onlayn-savdolarining 45 foizini ta'minlamoqda, yirik kompaniyalarga esa o‘z sayt va ilovalari ko‘proq yordam bermoqda – 64 foiz.

Tajribadan ma'lum bo‘lishicha, kichik va yirik kompaniyalar biznesining rivojlanishiga bir xil yondashib bo‘lmaydi. Yirik reteylerning sifatli mobil ilova yaratishga imkoniyati yetarli bo‘lsa, kichik magazin uchun ilova yaratish va mijozlarni jalb etish qimmatga tushadi. Bunday ilovalar o‘zini oqlamasligi mumkin. Shu bois mikrobiznes uchun ijtimoiy tijorat eng salohiyatlisi hisoblanadi, chunki bunday ochiq maydonchada savdoni yo‘lga qo‘yish kam xarajat talab qiladi.

Bugungi kunda elektron tijoratda ijtimoiy kanallardan foydalanish kichik biznes va yakka tadbirkorlar uchun muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ijtimoiy platformalar nafaqat millionlab foydalanuvchilarni birlashtirmoqda, balki ilg‘or texnologiyalarni ham joriy etmoqda. Ular tadbirkorlarga mijozlarni jalb etish, ular bilan muloqot qilish va to‘lovlarni ortiqcha harakatlarsiz qabul qilishda yordam beradi.

Top