8455.37 USD +4.00

9554.57 EUR +77.20

131.53 RUB +2.16

11060.5 GBP +43.26

13:00 / 16.12.2018 20959

Qarorlar bor, amaliy o‘zgarishlar yo‘q. Konstitutsiyaviy sudning 23 yillik faoliyatiga nazar

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida Konstitutsiyaviy sudga alohida huquqiy maqom berilgan. U umumiy yurisdiksiya sudlaridan (tuman, viloyat sudlari, Oliy Sud) farq qilib, qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyati hujjatlarining Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshiradi va qonun normalariga rasmiy sharh beradi.

Faoliyatiga 23 yildan oshganiga qaramay, Konstitutsiyaviy sud huquqiy tizimni takomillashtirish, qonun ustuvorligi, demokratiya, inson huquqlari, Konstitutsiyaning boshqa qonun hujjatlaridan ustunligini ta'minlashga deyarli hech qanday hissa qo‘shmadi. Aftidan, hukumat bu muammodan xabardor, chunki 2017 yil 31 mayda Konstitutsiyaviy sud faoliyatini tartibga soluvchi yangi qonun qabul qilindi. Ammo mana qariyb bir yarim yil vaqt o‘tishiga qaramasdan, Konstitutsiyaviy sud faoliyatida jonlanish kuzatilmayapti.

Islohotlar muammo mohiyati va ko‘lamini tushunishdan boshlanishi kerak. Quyida e'tiboringizni muammo ko‘lamiga qaratish maqsadida, Konstitutsiyaviy sudning 1995 yildan 2018 yilgacha bo‘lgan faoliyatiga to‘xtalamiz.

1995 yildan beri Konstitutsiyaviy sud nechta qaror qabul qildi?

Konstitutsiyaviy sud bugungacha atigi 32 huquqiy masala yuzasidan qaror qabul qilgan. Bu yiliga o‘rtacha 1,4 qaror qabul qilindi deganidir. Ya'ni, yiliga hech bo‘lmasa ikkita qaror qabul qilinmagan.

Sud faoliyatini dekadalarga bo‘lganda, quyidagi natijalarni ko‘rish mumkin: 
2000 yilgacha 12 qaror (1995 – 0; 1996 – 0; 1997 – 4; 1998 – 6; 1999 – 0; 2000 – 2);
2010 yilgacha 18 qaror (2001 – 5; 2002 – 3; 2003 – 2; 2004 – 2; 2005 – 0; 2006 – 3; 2007 – 1; 2008 – 1; 2009 – 1; 2010 – 0)
2018 yilgacha 2 qaror (2011 – 0; 2012 – 0; 2013 – 0; 2014 – 1; 2015 – 0; 2016 – 0; 2017 – 0; 2018 – 1).

Diagrammada ko‘rsatilganidak, Konstitutsiyaviy sud faoliyati 2002 yildan keyin keskin susayib, 2005 yildan turg‘unlik boshlangan.

Konstitutsiyaviy huquqlar himoya qilinmoqdami?

Konstitutsiyaviy sudning asosiy vazifasi Konstitutsiyani himoya qilish, uning barcha boshqa qonun hujjatlaridan ustunligini ta'minlash hisoblanadi. Bugungacha qabul qilgan qarorlar asosan soliq, mehnat munosabatlari, tadbirkorlik faoliyati, litsenziyalash, ijtimoiy sug‘urta, chet el investitsiyalari, advokatlik faoliyati, Konstitutsiyaviy sud vakolatlari va fuqarolikni yo‘qotish masalalari bo‘yicha bo‘lib, bevosita fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini himoya qilish bo‘yicha deyarli qaror qabul qilinmagan. Shu o‘rinda Konstitutsiyaviy sud tomonidan ko‘rib chiqilgan ikki istisnoli qarorga e'tibor qaratish mumkin. Quyidagi ishlarda Konstitutsiyaviy sud muhim huquqlarni himoya qilib qaror chiqaradi, ammo bu qarorlar hech qanday amaliy o‘zgarishlarga sabab bo‘lmadi.

  1. 1997 yilda Konstitutsiyaviy sud tomonidan ko‘rib chiqilgan ishga ko‘ra, Surxondaryo viloyati hokimi o‘z farmoyishida paxta tayyorlash hissadorlik jamiyati zimmasiga 5.800 000 so‘m pul mablag‘ini homiy tashkilot va korxonalar hisobidan to‘lash majburiyatini yuklaydi. Konstitutsiyaviy sud hokim hissadorlik jamiyatining xo‘jalik ishlariga aralashib, o‘z mulkiga o‘z xohishicha egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqini cheklagan va bunday harakatlar Konstitutsiyasining 54-moddasiga («Mulkdor mulkiga o‘z xohishicha egalik qiladi, undan foydalanadi va uni tasarruf etadi») muvofiq emas, degan to‘xtamga keladi. Mazkur qaror mulk huquqini himoya qilish borasida o‘ta jiddiy ahamiyatga ega bo‘lishiga qaramasdan, unga bugun umuman amal qilinmayapti. Zero, hokimiyat tomonidan xususiy tadbirkor, tashkilot va korxonalar hisobidan turli tadbirlar uchun pul o‘tkazish, homiylik qilish majburiyatini yuklovchi yozma va og‘zaki buyruqlar juda ko‘p uchrashi ko‘p kuzatiladi. 
  2. 2018 yilda Konstitutsiyaviy sud Ma'muriy sud ishlarini yuritishda sud majlisining audioyozuvi sud ruxsati bilan amalga oshiriladimi yoki bu majlis zalida hozir bo‘lganlarning huquqimi, degan savolga javob berdi. Ma'muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi Kodeksning 143-moddasiga binoan, «sud tashabbusiga ko‘ra yoki [sud] ishtirokchilarining iltimosnomasiga ko‘ra sud majlisining audio- yoki videoyozuvi amalga oshirilishi mumkin» Mazkur moddaning to‘rtinchi qismida «majlis zalida hozir bo‘lganlar yozma qaydlar qilish, […] ovoz yozib olish huquqiga ega» deyiladi. Amalda esa ovoz yozib olish bo‘yicha topshirilgan iltimosnoma sud tomonidan muhokama qilinib, sud ovoz yozib olishga ruxsat berishi yoki ruxsat bermasligi mumkin.

Konstitutsiyaviy sud haqli ravishda bunday amaliyot sud ishtirokchilarining huquqlarini buzib, ovoz yozib olish sudning ruxsatisiz amalga oshirilishi mumkinligini aytadi. Afsuski, qaror qilishga kelganda Konstitutsiyaviy sud bundan buyon sud ishtirokchilarining ovoz yozib olish huquqiy cheklanishi mumkin emas, deb qaror qilmaydi, balki «sud majlisida ovoz yozib olishni amalga oshirish yagona tartibini belgilash» maqsadida qonun loyihasini qonunchilik tashabbusi tartibida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilsin, deb qaror qiladi. Ammo qonunda ochiq-oydin «majlis zalida hozir bo‘lganlar yozma qaydlar qilish, […] ovoz yozib olish huquqiga ega» deb aniq ko‘rsatilgan bo‘lsa, fuqarolar mazkur huquqni amalga oshirish uchun nimaga alohida tartib belgilanishini kutishi kerak?

Qaysi masalalar allaqachon ko‘rib chiqilishi kerak edi?

Konstitutsiyaviy sud e'tibor qaratishi kerak bo‘lgan huquqiy muammolar ko‘p. Mazkur muammolardan quyidagi eng asosiy to‘rttasini alohida ajratish mumkin:

  1. Toshkentda doimiy propiskadan o‘tish: Konstitutsiyaning 28-moddasiga ko‘ra, fuqarolar O‘zbekiston hududida bir joydan ikkinchi joyga ko‘chish huquqiga egalar. Qonunda belgilangan cheklashlar bundan mustasno. Ammo mazkur konstitutsion huquq Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy proposka qilinish to‘g‘risidagi qonun bilan cheklanadi. To‘g‘ri, ba'zi konstitutsiyaviy huquqlar cheklanishi mumkin. Ammo barcha cheklovlar aniq ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan maqsadni ko‘zlab amalga oshirilishi kerak. Qonunda propiska tizimini asoslab bironta jo‘yali sabab keltirmaydi. Natijada O‘zbekiston fuqarolarining konstitutsiyaviy huquqlari bilan birga, qonuniy imkoniyat va imtiyozlari jiddiy cheklab kelinmoqda. Konstitutsiyaviy sud esa mazkur holatga haligacha e'tibor qaratmadi.
  2. So‘z erkinligi: Konstitutsiyaning 29-moddasiga ko‘ra, har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega. Amalda esa O‘zbekistonda ma'lumotlar uzatish tezligi aql bovar qilmaydigan darajada sekinligi (5 Mbit/s), chet el nashrlari va ijtimoiy tarmoqlar bloklangani va/yoki kirish cheklangani so‘z erkinligini ham jiddiy cheklaydi. Bu masala ham Konstitutsiyaviy sudning diqqat markazidan chetda qolmoqda.
  3. Chet elga chiqish uchun ruxsat olishKonstitutsiyaning 28-moddasida fuqarolar O‘zbekistonga kelish va unda chiqib ketish huquqiga egaligi kafolatlanadi. Cheklovlar esa faqat qonun bilan belgilanishi kerak. Mazkur konstitutsiyaviy qoidaga qaramasdan, amalda fuqaroning chet elga chiqish huquqi qonun osti hujjatida nazarda tutilgan mavhum «maqsadga muvofiq emas» asosi bilan cheklanishi mumkin. Bu yerda nafaqat konstitutsiyaviy huquqning biror jiddiy sababsiz cheklanayotganini, balki bu amaliyot qonun osti hujjati bilan amalga oshirilayotganini ko‘rish mumkin. Konstitutsiyaviy sud esa mazkur tartib haqida 1995 yildan beri hech qanday fikr bildirmadi
  4. Diniy erkinliklar: Konstitutsiyaning 31-moddasida hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Mazkur konstitutsiyaviy huquq ichiga ibodat qilish, diniy qarashlariga ko‘ra kiyinish huquqi ham kiradi. Ammo Vijdon erkinligi to‘g‘risidagi Qonunning 14-moddasi «ibodat libosi»ni taqiqlaydi. Mazkur tushunchaning ma'nosi mavhumligini, jiddiy huquqiy-amaliy muammolarga sabab bo‘layotganini Adliya vaziri Ruslanbek Davletov ham ta'kidlagandi. Shunga qaramasdan, ushbu taqiqqa asoslanib minglab fuqarolarning vijdon erkinligi qo‘pol buzilayotganini ko‘rish mumkin. Konstitutsiyaviy sud esa, qonunlarga sharh beruvchi organ sifatida, mazkur huquqiy muammoga haligacha e'tibor qaratgani yo‘q.

Qarorlarning soni kamligi-ku mayli, sifati qanday?

Konstitutsiyaviy sud qarorlarini o‘qigan kishi birinchi navbatda ularning qisqaligini ko‘radi. Qarorlarning o‘rtacha uzunligi 2-4 sahifani tashkil qiladi. Batafsil huquqiy tahlilni umuman ko‘rmaysiz. Bu esa Konstitutsiyaviy sud maqomi va huquqiy tizimdagi o‘rni uchun qabul qilib bo‘lmaydigan holat. Qanday qilib mamlakatimizning eng yuqori malakali huquqshunoslaridan tashkil topgan Konstitutsiyaviy sud qonun hujjatlarining Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirishda va qonun normalariga rasmiy sharh berishda ikki, uzog‘i bilan to‘rt bet bilan cheklanishi mumkin?

Sud qarorlari sifatini tahlil qilishda 2014 yil 22 aprelda ko‘rib chiqilgan ishni misol qilib keltirish mumkin. Mazkur ishda Konstitutsiyaviy sud Fuqarolik to‘g‘risidagi Qonunning 21-moddasida belgilangan, agar chet elda doimiy yashovchi shaxs besh yil davomida uzrli sabablarsiz konsullik hisobiga turmagan bo‘lsa, O‘zbekiston fuqaroligini yo‘qotishi to‘g‘risidagi qoidani ko‘rib chiqadi. Afsuski, Konstitutsiyaviy sud hech qanday jiddiy tahlilsiz, mazkur qoida «doimiy yashash uchun chet elga chiqishga ruxsatni tegishli ravishda rasmiylashtirmasdan va besh yil davomida uzrli sabablarsiz konsullik hisobiga turmasdan chet elda doimiy yashayotgan shaxslarga» nisbatan qo‘llanilishi mumkin, degan xulosaga keladi.

Ammo Fuqarolik to‘g‘risidagi Qonunning 1-moddasida O‘zekiston fuqaroligi shaxs bilan davlatning doimiy siyosiy-huquqiy aloqasini belgilaydi, deb aytilgan. Bu yerda «doimiy» qanday tushunilishi kerak? Qolaversa, fuqarolikni yo‘qotish navbatda non kutish emas-ku axir? Kishi fuqarolikdan chiqarilishi o‘ta jiddiy huquqiy oqibatlarga sabab bo‘lgani uchun, o‘ziga xos qonuniy jarayon ishlab chiqilishi kerak. Bu jarayonda fuqarolikni yo‘qotishi mumkin bo‘lgan shaxs va/yoki oilasini xabardor qilish bilan birga, fuqarolikni yo‘qotmasligini asoslab berish uchun imkon berilishi kerak. Boz ustiga, fuqarolikdan chiqarish qarori ustidan sudga shikoyat keltirish jarayoni ham ishlab chiqilmagan. Konstitutsiyaviy sud eng kamida yuqoridagi holatlarga alohida to‘xtalib o‘tishi shart edi.

Konstitutsiyaviy huquqlar haqida gap ketganda, Konstitutsiyaviy sud hamisha muhokamani alohida huquq yoki qoidaning mohiyati va ahamiyatini muhokama qilishdan boshlashi kerak. Shundan keyin alohida qonun nima sababdan Konstitutsiyani buzishi yoki buzmasligi batafsil muhokama qilinishi kerak.

Xulosa o‘rnida

Yuqoridagi tahlil Konstitutsiyaviy sudning bugungi faoliyati qoniqarsizligini ko‘rsatadi. O‘zbekistonda qonun ustuvorligi sohasida islohotlarni Konstitutsiyaviy sudning faol ishtirokisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Shunday ekan, Konstitutsiyaviy sud vakolatlari doirasida mamlakatimizdagi eng og‘riqli huquqiy muammolarga e'tibor qaratishi, konstitutsiyaviy qoidalarning mazmun-mohiyatini tushuntirishi, Konstitutsiyaga mos kelmaydigan qonunlarni noqonuniy deb topishi va o‘z qarorlarining ijrosini ta'minlashi kerak.

Mirakmal Niyazmatov,
AQShdagi «Langar» advokatlik firmasining rahbari

Top