13:47 / 17.12.2018
24356

Oliy ta'lim tizimidagi muammo va kamchiliklar ma'lum qilindi

Foto: RIA Novosti

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Oliy va o‘rta maxsus ta'lim tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjatda qayd etilishicha, amalga oshirilayotgan ishlarning tahlili oliy ta'lim tizimi oldida turgan vazifalarni samarali tashkil qilish, amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan ayrim muammo va kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatmoqda. Xususan:

birinchidan, oliy va o‘rta maxsus ta'lim tizimida o‘qitishni tashkil etish jarayoni, ta'lim berayotgan professor-o‘qituvchilar tomonidan fan mazmunini yetkazish va ta'lim olayotgan talabalarni o‘zlashtirish hamda ularning bilimini to‘g‘ri baholash tizimi talab darajasida emas;

o‘quv jarayonini zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etish borasida ta'lim dasturlari mazmuni va ularni yangilab borish sur'atlari bugungi kunda izchil rivojlanayotgan iqtisodiyot tarmoqlari va mehnat bozorining o‘zgaruvchan talablariga to‘laqonli javob bermaydi;

ikkinchidan, professor-o‘qituvchilarning o‘z ustida doimiy ishlamaganligi, bilimi, pedagogik ko‘nikmasi va mahoratining pastligi, innovatsion ta'lim texnologiyalaridan foydalanmaganligi bitiruvchilarni buyurtmachi (ish beruvchi) talabiga javob bermasligiga olib keldi;

respublikada oliy va o‘rta maxsus ta'lim muassasalariga talabalarni qabul qilishni rejalashtirishning maqbul mexanizmlari ishlab chiqilmaganligi natijasida mehnat bozori va ta'lim xizmatlari bozori o‘rtasida nomutanosiblik kelib chiqishiga asos bo‘ldi;

uchinchidan, oliy ta'lim va o‘rta maxsus muassasalari innovatsion va texnologik g‘oyalar bilan fikr almashadigan muloqot markazlariga aylanmaganligi, tegishli sohalarda mavjud muammo va kamchiliklarning tizimli o‘rganilmaganligi sohada ilm-fan yo‘nalishlarining rivojlanmaganligiga olib keldi;

to‘rtinchidan, oliy va o‘rta maxsus ta'limining ijtimoiy mavqei va nufuzi, xodimlari mehnatini rag‘batlantirish tizimi past darajada bo‘lganligi aksariyat holatlarda sohada ko‘plab muammolarning saqlanib qolishiga sabab bo‘lmoqda;

markazlashgan holda oliy va o‘rta maxsus ta'lim muassasalari rahbar kadrlarini tayinlash, ularning tashkiliy tuzilmalarini tasdiqlash tartiblari ta'lim muassasalari boshqaruvini samarali tashkil etish va zimmasiga yuklatilgan vazifalarning jadal sur'atlarda ijrosini ta'minlashda muayyan muammolarni keltirib chiqarmoqda;

beshinchidan, oliy va o‘rta maxsus ta'lim muassasalaridagi zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnika va texnologiyalari boshqaruvi, o‘quv-jarayonini tashkil etish, dasturiy vositalarni ta'lim mazmuniga singdirish masalalari talab darajasida emas;

oliy va o‘rta maxsus ta'lim tizimi moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va modernizatsiya qilish, ularni zamonaviy o‘quv laboratoriyalari hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan ta'lim yo‘nalishlarining dasturlari talablariga muvofiq ravishda ta'minlanmagan.

Mavzuga oid
Top