13:00 / 18.12.2018
22056

Mag‘lubi yo‘q liga

O‘zbekiston chempionatida «Navbahor», «Buxoro» kabi klublar mavsumning birinchi yarmida yetakchilar qatorida yurishdi, Osiyo chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun kurashayotgandek ko‘rinishgandi, deyish ham mumkin. Ammo keyinchalik, «Navbahor» safar o‘yinlarida ochko olishni yig‘ishtirdi, «Buxoro» esa, umuman kurashdan chiqdi. Hammaning ko‘z o‘ngida go‘yoki OChL uchun loyiqroq, kuchliroq, baquvvatroq sanalgan «Lokomotiv» va «Paxtakor» uloqni ilib ketishdi.

Tabiiy holat, hamma buni xuddi shunday qabul qiladi. Balki Buxorodayam hech kim «sochini yulmagan», ha endi, «Paxtakor» kuchli-da, deb qo‘ya qolishgandir. «Navbahor» ham o‘ziga o‘zi shunaqa degandir balki. Mavsum tugamasidan murabbiy almashtirilishi baribir, vaziyatni o‘nglash emas, balki Mo‘minjonov bilan bog‘liq mashmashalar, shuningdek, kelasi mavsum uchun qo‘yilgan qadam edi, desak to‘g‘riroq bo‘ladi. 

Bir narsaga hayron qolaman, terma jamoamiz Janubiy Koreyaga yutqazsa, Erondan ortda qolsa, tabiiy qabul qila olmaymiz. Yutqazganimiz tabiiy holatku, Janubiy Koreya termasi futbolchilarining yarmi bundesligada o‘ynaydi, Yaponiyaning butun tarkibi Yevropada yuribdi, Eron milliy chempionati kuchli, deb hech kim aytmaydi. Ularda imkoniyat yuqori-da, bizning darajasiz shu axir, Osiyoda kuchli oltilikka kirdik-ku, demaymiz. «Nega yutqazdik?», «Ey voh!», «Nima haqqimiz bor edi yutqazishga?» va hokazo.

«Navbahor»ning «Paxtakor»ga boy berishini osonlik bilan, tabiiy tarzda qabul qila olgan aqlimiz nega terma jamoaga kelganda sovuqqon bo‘la olmaydi? Yaxshi savol bu. 

Aynan natija, oldiga qo‘yiladigan maqsad bobida aksariyat superliga klublarimiz egasizmikin, deb javob bergan bo‘lardim. Jamoalar kimning oldida qizarishi kerak mavsum oxiridagi muvaffaqiyatsizliklar uchun? Muxlislar befarq, klub hisobotlarida esa mavsum juda muvaffaqiyatli kechgani, oldingi yillardan farqli ravishda bu safar OChL uchun jiddiy kurashilgani ko‘rsatiladi, tamom. 

Befarq deganda, stadionda jamoani qo‘llab-quvvatlagan, mavsum oxiridagi mag‘lubiyatlardan aziyat chekkan mahalliy muxlislarni nazarda tutmadim. Yo‘q. Gap umuman, futbol jamoatchiligi haqida. Masalan, bir ming yetmish sakkiz muxlisi bo‘lgan «Lokomotiv» bir necha yil oldin oldiga maqsadlar qo‘ydi, bajarilmagach murabbiyni ishdan oldi, har bir gazeta navbati bilan «Lokomotiv»ni tanqid qilib chiqdi, ya'ni, klubga sarflanayotgan pullar bekorga ketyaptimi, jamoa qaysi yo‘nalishda rivojlanmoqda, o‘z maqsadiga erishdimi yoki yo‘qmi, shu jihatdan klubga katta mas'uliyat qo‘yildi, so‘ralyapti, tahlil qilinyapti, to‘g‘rimi?

«Paxtakor» bilan ham shu. Shota Arveladze hali ham o‘z o‘rnida o‘tirgani bilan, unda ham bosim yuqori. Chempionlikdan boshqa natija unga ham muvaffaqiyatsizlik sanaladi. Muxlislar ham, futbol jamoatchiligi ham ularning natijalari borasida savol beradi.

Shu jihatdan, peshqadamlardan boshqa jamoalarimizning maqsadi nima, kimning oldida mas'ul, qanday natija ular uchun muvaffaqiyatsizlik sifatida baholanadi? Biz bilamizmi?

Bormi bor. «Metallurg» yarim yil o‘z uyida hammani yutishi mumkin, lekin yana yarim yil nima uchun o‘ynayotgani noma'lum bo‘ladi. «Qo‘qon 1912»ni yengish tugul, darvozasiga gol urish qiyindek tuyuladi, lekin bir qarasangiz, jamoa o‘z uyida beshtadan gol o‘tkazgan, murabbiy ham, rahbariyat ham buni tabiiy holdek qabul qilishga tayyor. 

1-bosqichning so‘nggi turida, esingizda bo‘sa, «Qo‘qon 1912» o‘z maydonida «Paxtakor»ni qabul qildi. Ochkolar taqsimoti, «oltin ochko»lar tizimi shunaqa holatni yuzaga keltirdiki, o‘sha kuni agar «Qo‘qon 1912» g‘alaba qozonganda turnir jadvalida birinchi o‘ringa chiqib olardi. Birinchi o‘ringa! O‘yin 1:1 hisobida yakunlandi. No‘'mon Hasanov esa, o‘yindan keyin baribir «Paxtakor» kuchli ekanini, «Qo‘qon»da imkoniyat yo‘qligini, baribir kuchli oltilikka kirish imkoniyati bo‘lmagani va hokazolar haqida xotirjam gapirib o‘tiribdi. Tasavvur qiling, Osiyo kubogida Koreyaga yutqazib kelgan Kuper «Koreya baribir kuchli edi, biz oddiy jamoamiz, hammasi joyida» deb tursa, qanday ta'sir qilardi muxlislarga?   

Jamoalarimizning salohiyati qanaqa, o‘z oldiga qanday maqsadlar qo‘ymoqda, vazifa bajarildimi, yo‘qmi, bajarilmagan bo‘lsa, qayerlarda xato qilindi? 

To‘g‘ri, bu aslida jurnalistlarning ishi. Lekin agar klubning o‘zidan, uning qarorlaridan mana shu energiya tarqalmasa, klub o‘z maqsadini aniq namoyon qilmasa, barcha gaplar bekor. Jamoa muvaffaqiyatsizlikka uchradi, sabablar, u yoki bu deb har qancha yozilmasin, klubning o‘zi, «bu darajamiz, moliyaviy holatimiz uchun shu o‘rnimiz ham zo‘r» deb tursa, nima ham deyish mumkin? 

E'tibor berganmisiz, nega Angliya chempionati Ispaniya yoki Germaniyanikidan qiziqroq tuyuladi? Gap faqat ajoyib shartnomalar, dahshatli piar kampaniya va translyatsiyalarda emas faqat. Angliyada top-klublar ko‘p, deyish ham isbot talab etadi. Axir, biz top deydiganimiz o‘sha «Tottenhem» yoki «Manchester Yunayted» ham «Inter» va «Valensiya»ga yutqazib yurishadiku? Xo‘p, nimasi top ularning?

Hamma gap klubning turnirga bo‘lgan maqsad va munosabatida. Misol uchun, Angliyada kamida 6 jamoa o‘z oldiga kuchli to‘rtlikka kirishni maqsad qiladi. Ha, masalan, «Vilyarreal» yoki «Ayntraxt» klubiyam shunaqa maqsad qo‘yishi mumkin, inkor etmayman. Lekin farqi, mabodo, «Arsenal» yoki «Chelsi» kuchli to‘rtlikka kira olmasa, so‘rov qattiq bo‘ladi. Sochini yuladiganlar ko‘p, mavsum butkul muvaffaqiyatsiz deb tan olinadi, murabbiylar ishdan ketadi, hammayoqda to‘polon. «Ayntraxt»dachi? Yo‘q. Jamoa Niko Kovach bilan sakkizinchi o‘rinni oladi va mutaxassisni «Bavariya» olib ketadi.

«Valensiya» o‘zaro o‘yinlarda bugungi kunda «Yunayted»dan kuchli ekanini ko‘rsatgani bilan, tasavvur qiling, agar hozir «MYu» guruhda qolib ketib, «Valensiya» chiqqanda, nima bo‘lardi? Sensatsiya hisoblanardi, to‘g‘rimi? Ya'ni, gap jamoalarning bugungi holati, tarkibdagi muammolar va hatto moliyaviy ahvolida ham emas – gap klubning ma'lum bir turnirga nisbatan o‘zini qay shaklda qo‘yishida. O‘z maqsadini qay darajada shaffof va aniq qo‘ya olishida. 

Bir turnir qiziq bo‘lishi uchun, da'vogarlar soni sovrinlardan ko‘p bo‘lishi kerak. Qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi. Turnirning qiziqligi g‘oliblarga emas, omadsizlarning qanchalik ko‘p bo‘lishiga bog‘liq. Ispaniya chempionati yakuniga yetganida, sovrinsiz qolsa, «sochini yuladigan» jamoa nechta? Bitta. Yo «Real» yoki «Barselona». Germaniyada hech kim sochini yulmaydi. Fransiyadayam yo‘q. Angliyadachi? Eng muhim farq bu. 

Maqola Angliya haqida emas. Superligamizda sovrinli o‘rinlar nechtaligini bilmayman. Mabodo, Osiyo chempionlar ligasi yo‘llanmasini mana shunday sovrin deb qabul qilsak, keyingi yillardan O‘zbekiston uchun yanada kamroq yo‘llanma berishlarishi istagan bo‘lardim. Ana o‘shanda, balki biz ham, OChLga chiqa olmagani uchun «sochini yuladigan» klublarni ko‘rarmidik...

Q.Aslanov

Mavzuga oid
Top