19:44 / 18.12.2018
10571

Maktabgacha ta'limni rivojlantirish jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan Maktabgacha ta'limni rivojlantirish jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Ushbu Nizom Maktabgacha ta'limni rivojlantirish jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.

Hujjatda qayd etilishicha, jamg‘arma yuridik shaxs hisoblanmaydi va uning mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligining shaxsiy g‘azna hisobvarag‘ida jamlanadi.

Jamg‘arma mablag‘lari:

• maktabgacha ta'lim muassasalarini belgilangan tartibda qurilishlarning manzilli ro‘yxatiga kiritib, ularning tarmog‘ini kengaytirishga;

• maktabgacha ta'lim tizimi xodimlarini moddiy rag‘batlantirishga;

• yuqori malakali mutaxassislarni, shu jumladan, xorijiy mutaxassislarni, shuningdek, xorijda faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimizni fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida vazirlikka ishlash uchun jalb qilishga;

• vazirlikka yuklangan vazifalar va funksiyalarni bajarish doirasida davlat organlari va tashkilotlari, loyiha institutlari, ilmiy va oliy ta'lim muassasalari, yetakchi xalqaro va xorijiy tashkilotlar mutaxassislarini, shuningdek, ekspertlarni maslahatchilar sifatida jalb qilishga;

• vazirlik xodimlarini, jumladan, xorijda o‘qitish, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil qilishga;

• vazirlik, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi, viloyat maktabgacha ta'lim boshqarmalari va Toshkent shahar maktabgacha ta'lim bosh boshqarmasi, maktabgacha ta'lim tuman (shahar) bo‘limlari va davlat maktabgacha ta'lim muassasalari binolarini jihozlash va ta'mirlashga;

• ta'lim-tarbiya jarayoniga ilg‘or pedagogika va axborot texnologiyalarini joriy etishga, shuningdek, vazirlik faoliyatini takomillashtirishga yo‘naltirilgan boshqa tadbirlarga sarflanadi.

Nizomga muvofiq, jamg‘arma faoliyatini boshqarish va uning mablag‘larini taqsimlash jamg‘arma faoliyatini boshqarish kengashi tomonidan amalga oshiriladi. O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta'lim vaziri Kengash raisi hisoblanadi.

Top