8455.37 USD +4.00

9554.57 EUR +77.20

131.53 RUB +2.16

11060.5 GBP +43.26

18:00 / 18.12.2018 9053

Xayriya natijasi: Buyrak yetishmovchiligiga uchragan o‘qituvchi shifo topdi

Yodingizda bo‘lsa saytimizda «Opam menga o‘z buyragini bermoqchi...». Og‘ir xastalikka chalingan o‘qituvchi xayriya ko‘magiga muhtoj» sarlavhasi ostida maqola e'lon qilingandi.

Toshkent to‘qimachilik yengil sanoat institutining ingliz tili o‘qituvchisi Avazbek Avloqulov og‘ir xastalikdan shifo topishi uchun xayriya tashkil qilingan edi.

Mazkur aksiyadan so‘ng avvalo o‘zi ta'lim bergan shogirdlari, hamkasblari, shuningdek, saxovatli xalqimiz imkon qadar yordam qo‘lini cho‘zishdi va muolajalar boshlab yuborildi. 

O‘sha paytda Avazbek murakkab jarrohlik amaliyoti uchun tayyorgarlik ko‘rishi, bu ma'lum bir muddat talab etishi haqida xabarlar kelib turgandi. Shundan so‘ng u haqida boshqa xabar eshitmagandik.

Kuni-kecha yo‘limiz Toshkent to‘qimachilik yengil sanoat institutiga tushdi va biz u yerda Avazbek Avloqulovni uchratdik. Xushxabar shuki, xayriya aksiyasi tufayli yig‘ilgan pullarga Avazbek murakkab jarrohlik amaliyotini va uzoq muolajalarni boshdan o‘tkazibdi. Ayni vaqtda u yana o‘zi sevgan ishiga qaytib, faoliyatini davom ettirishga kirishibdi. 

Bizni uchratgan ustoz dil izhorlarini aytishga izn so‘radi.

Mover.uz'da ko‘rish

Youtube'da ko‘rish

«Xayriya aksiyasida yetarli mablag‘ yig‘ilgach, operatsiya stoliga yotdim. Davo topishim uchun opam menga o‘z buyragini berdi. Jarrohlik amaliyoti ham muvaffaqiyatli o‘tdi. Shukr, hozirda opamning ham, o‘zimning ham ahvolim yaxshi. Xuddi yangi tug‘ilgandek bo‘ldik.

Shu o‘rinda og‘ir kunimda menga yordam qo‘lini cho‘zgan institutimiz rahbariyatiga, xayriyaga bosh qo‘shgan barchaga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.

Jarrohlik amaliyoti mobaynida deyarli og‘riq bilmadim. Shu amaliyot sabab sezdimki, o‘zimizda ham tibbiyot ancha rivojlanibdi. Shifokorlar tavsiyasi bilan uch oylik karantindan keyin yana ishga qaytdim. Hozir avvalgidan kamroq bo‘lsa-da, yana darslarimni boshlab oldim.

Boshimga tushgan bu mushkulotlarning ham o‘z hikmati bor, deb o‘ylayman. Alloh hayotni menga qayta berganday bo‘ldi. Endigi maqsadim farzandlarimni yaxshi inson qilib tarbiyalash, imkon darajasida shogirdlarimga yaxshi ilm berib, yangiliklar yaratishdan iborat. Hozirda bemor insonlarga esa Allohdan shifo so‘rayman», – deydi Avazbek Avloqulov.

Ha, birgina amal bizni yaxshilar qatoriga qo‘shadi. Arzimagan yordam bir inson hayotini tubdan o‘zgartirib yuboradi. Jamiyatni sog‘lom qiladi. Hayotdan umidini uzgan inson bugun hayotga qaytdi. Bu sizu bizning yaxshiligimiz tufaylidir. Xayriya qilgan yurtdoshlarimizga yana bir bor rahmat!

Top