10:50 / 21.12.2018
4355
Yoshlarni zararli axborotlardan himoya qilish bo‘yicha seminar: O‘quvchilar maktabda smartfonlardan foydalanishini cheklash taklif qilindi

20 dekabr kuni O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashining «Yoshlar press klubi»da bolalarni zararli axborotlardan himoya qilish masalasida mutaxassislarning fikr-mulohazalarini eshitish va amaliyotga joriy etish maqsadida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamda Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti hamkorligida «Voyaga yetmaganlarni zararli axborotlardan himoya qilishda huquqiy immunitet ahamiyati» mavzusidagi anjuman tashkil etildi.

Unga mavzudan kelib chiqib, Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti professorlari, Respublika ma'naviyat va ma'rifat markazi rahbarining birinchi o‘rinbosari Muhammad Quronov, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Begmat Ochilov o‘z ma'ruzalari bilan qatnashdi. Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, kasb-hunar kollejlari va maktab o‘quvchilari kerakli mavzuda atroflicha ma'lumotga ega bo‘lib, unga oid o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasining «Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarur yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida» qonuni, prezidentning 2017 yil 11 avgustdagi «Matbuot va axborot sohasida boshqaruvni yanada takomillashtirish to‘g‘risida» farmoni, shuningdek, 2017 yil 13 sentyabrdagi «Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida» qarori mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida so‘z yuritildi.

Muloqot davomida bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilishni ta'minlovchi huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy va texnikaviy shart-sharoitlar yaratish, shuningdek ushbu sohadagi ilmiy va amaliy tadqiqotlarni rivojlantirish zarurligi ta'kidlandi.

«Voyaga yetmaganlarni zararli axborotlardan himoya qilishda eng birinchi «Huquqiy immunitet»ni paydo qilish, bolalarda kitob mutolaasiga qiziqish uyg‘otish, kitobxonlikni targ‘ib etish, ma'naviy-ma'rifiy tadbirlarning sifatini oshirish, maktablarda «Huquq asoslari» fani salmog‘i va sifatini oshirish, oila, maktab va jamoatchilik hamkorligini mustahkamlash lozim», - deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Begmat Ochilov.

Anjuman ishtirokchilari Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tomonidan «Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida» Qonun ijrosi yuzasidan umumta'lim maktablari o‘qituvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan sotsiologik tadqiqot natijalari bilan tanishtirildi.

«Umumta'lim muassasalarida o‘quvchilarning telefonlardan foydalanish qoidalarini takomillashtirish, smartfonli telefonlardan foydalanishni cheklash, bu haqda maxsus qonunlarda normalar belgilash farzandlarimizni zararli axborotlardan saqlashda samara beradi», - deydi Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy-siyosiy tadqiqot instituti bo‘lim boshlig‘i Komil Sindorov.

«Bir paytlar mahallada bitta xulqi yomon bola bo‘lsa, ota-onalar «Qozonga yaqin yursang, qorasi yuqar» deb, farzandlari yomonlarga qo‘shilib ketishidan joni halak bo‘lardi. Bugun esa bola uydan chiqmasdan ham yomonlarga qo‘shilishi, internet orqali cheklanmagan zararli axborotlarni olish imkoniyatiga ega. Xonasidan, hatto ovqatlanishga ham chiqishni xushlamayotgan bolasi haqida ota-ona «dars qilib o‘tiribdida» degan yanglish xayolga borishi oddiy holga aylanib qolgan. Maqsadimiz yoshlarni internetdan butunlay ajratib qo‘yish emas, balki ular uchun xolis axborot muhitini yaratishdir. Chunki, bola tarbiyaga oid xulq-atvor ko‘nikmasi, hayot tamoyillari, fikrlash va olam manzarasini ko‘proq aynan internet yordamida o‘rganish imkoniyatiga ega. Biroq virtual olamda ham ularni muayyan xavf-xatarlar va tahdidlar kutib turgan bo‘lishi mumkin. Voyaga yetmaganlarni tahlikali sharoitlarda qay tarzda o‘zini muhofaza qilishi va zararli axborotlardan himoyalanishini o‘rgatish uchun ham mazkur anjumanni o‘tkazyapmiz», - degan O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi bo‘lim mudiri Akmal Alimov.

Shahnoza Nurullayeva

Top