09:20 / 22.12.2018
6705
Farg‘ona energetiklari tomonidan Qo‘qon shahri iste'molchilarining barchasi nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulanmoqda

Respublikamiz Prezidentining 2018 yil 23 oktyabrda qabul qilingan “Elektr energetikasi tarmog‘ini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan, 2021 yil yakunigacha iste'molchilarning barchasi elektr energiyasi iste'molini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimiga ulanishi belgilab berilgan.

Farg‘ona viloyat hududiy elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan ushbu Qaror ijrosini ta'minlash bo‘yicha Qo‘qon shahrida elektr energiyasi iste'molini hisobga olish, nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish va iste'molchilarga yangi turdagi zamonaviy hisoblagichlarni o‘rnatish ishlari olib borilmoqda.

Qo‘qon shahri iste'molchilariga elektr energiyasi 6ta nimstansiya, 556ta transformatorlar orqali yetkazib beriladi.

Elektr energiyasi iste'molini hisobga olish, nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish loyihasini amalga oshirish natijasida shahar hududidagi hisob nuqtalariga jami 59168ta, jumladan nimstansiyalarga 143ta, aholiga 53983ta, ulgurji iste'molchilarga 4673ta elektr hisoblagichlar va hisob nuqtalaridan ma'lumotlarni yig‘ish uchun nimstansiya va transformator punktlariga 373ta konsentratorlar o‘rnatilishi ta'minlanadi.

Farg‘ona viloyati hududiy elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan mazkur ishlarni amalga oshirish uchun 400 nafardan ortiq malakali mutaxassislar jalb qilingan. O‘rnatilayotgan elektr hisoblagichlar “Toshelektroapparat” tomonidan ishlab chiqarilgan. Ayni paytda loyiha bo‘yicha Qo‘qon shahriga 55200 dona uskunalar yetkazib berilgan bo‘lib, shu kunga qadar 51mingdan ziyod hisoblagichlar to‘liq o‘rnatildi va o‘rnatish ishlari davom etmoqda.

Elektr energiyasi iste'molini hisobga olish, nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimida unga bog‘langan iste'molchilar uchun juda ko‘p qulayliklar mavjud. Endi ular elektr energiyasidan haqdor yoki qarz ekanligini haqidagi ma'lumotlarni o‘z uyali qurilmalari orqali bilishlari, qarzdor bo‘lishidan oldin oldindan ogohlantirilishi, iste'molchi qarzdorligi sababli masofadan turib avtomatik tarzda o‘chirilsa, “KLIK” va boshqa xizmatlar yoki bank shoxobchalari orqali to‘lov qabul qilingandan so‘ng avtomatik tarzda tarmoqqa qayta ulanishi mumkin bo‘ladi.

Elmurod Ermatov

KUN.UZ muxbiri

Top