16:30 / 22.12.2018
92964

Jizzaxda avtomobil zavodi qurilishi nega to‘xtab qoldi? Vaqtida bitmagan navbatdagi loyiha va «O‘zavtosanoat»ning mavhum izohi

O‘zbekistonda Peugeot va Citroen avtomobillari ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilishi haqidagi ilk xabar 2017 yil mayida paydo bo‘lgandi. O‘sha yilning 16 may kuni «O‘zavtosanoat» aksiyadorlik jamiyati Fransiyaning «Peugeot Citroen Automobiles S.A» kompaniyasi bilan mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida, ustav jamg‘armasi, ekvivalenti 29,3 mln yevro miqdoridagi «Uzbekistan Peugeot Citroen Automotive» qo‘shma korxonasini tashkil etish to‘g‘risida bitim imzolanganini ma’lum qilgandi.

Ko‘p o‘tmasdan, 2017 yilning 13 iyun kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziëyev «Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi «Uzbekistan Peugeot Citroen Automotive» korxonasini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarorini imzoladi.

Qarorda «Jizzax» erkin industrial zona hududida yengil tijorat avtomobillarini ishlab chiqarish obektlarini qurish uchun «O‘zavtosanoat»ga 45 gektar yer maydoni ajratish¸ loyiha ishtirokchilari bo‘lgan, zavodni qurishga tendersiz tanlangan «Avtosanoat-Injiniring» MChJ, «O‘zog‘irsanoatloyiha» AJ, «12-trest» MChJ hamda «O‘zavtosanoat»ga qator soliq (qurilish davrida ishlar hajmi va xizmatlar bo‘yicha qo‘shimcha qiymat solig‘idan ozod etish) va bojxona imtiëzlari taqdim etilgandi. 

Umumiy qiymati 133,3 mln yevroga teng deb e’lon qilingan «O‘zbekistonda yengil tijorat avtomobillarini ishlab chiqarishni tashkil etish» investitsiya loyihasi bo‘yicha 2017 yilning iyulida Sharof Rashidov tumanidagi «Jizzax» erkin iqtisodiy hududida zavod qurilishi boshlandi (Dastlab qurilish ishlarini 2019 yilning boshida yakunlash rejalashtirilgandi, keyinroq prezident topshirig‘iga ko‘ra qurilish ishlarining oxirgi muddati sifatida 2018 yilning 10 dekabri belgilandi).

Loyiha bo‘yicha, qo‘shma korxonada yiliga 16 ming dona yo‘lovchilar va yuklarni tashishga mo‘ljallangan yengil tijorat avtomobillari (13 ming dona Peugeot Expert va 3 ming dona Peugeot Boxer yengil tijoriy avtomobillari) ishlab chiqarish ko‘zda tutilgandi.

Bu loyiha haqida keyingi bir yil davomida bot-bot materiallar berildi. Saytlarda «Peugeot» so‘zi qidiruvga berilganda shunday xabarlar chiqib keladi: «Uzbekistan Peugeot Citroen Automotive 2019 yilda mahsulot ishlab chiqarishni boshlaydi», «Fransiya OAV Uzbekistan Peugeot Citroen Automotive qo‘shma korxonasi yaratilishini yuqori baholadi», «Jizzaxda qurilayotgan yangi avtomobil zavodi 2019 yildan mahsulot ishlab chiqarishni boshlaydi», «Peugeot Citroen Automotive va Jizzax politexnika instituti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi», «O‘zbekistonda yo‘nalishli Damas’lar o‘rnini Peugeot’lar egallaydi», «Peugeot Expert va Peugeot Boxer avtomobillari 2019 yildan boshlab «Made in Uzbekistan» belgisi ostida chiqadi», «Jizzax avtomobil zavodi shu yil qurib bitkaziladi» (2018 yilgi xabar), «Jizzaxda Peugeot-Citroen zavodi muddatidan oldin ishga tushiriladi»...

Lekin zavod 2018 yil oxirigacha qurib bitkazilmaydigan, unda 2019 yilning boshidan avtomobillar ishlab chiqarilishi boshlanmaydigan bo‘ldi.

Bu vaqtda esa xorij nashrlarida fransuz tomoni ushbu loyiha kelajagiga shubha bildirib, uni to‘xtatishni istayotgani, mablag‘ masalasida muammolar yuzaga kelgani tufayli ishlar to‘xtab qolgani haqida xabarlar tarqaldi.

Kun.uz muxbiri 10 dekabrdan keyin zavod hududida bo‘ldi va vaziyatni o‘rgandi. Belgilangan muddatga kelib zavod hududida belgilangan ish hajmining 50 foizi ham bajarilmagandi. Ma’lum bo‘lishicha, hududda qurilish ishlari shu yilning noyabr oyidayoq to‘xtab qolgan. Ishlar yaqin vaqtlarda yana boshlanishidan ham darak yo‘q.

Ayni vaqtda qurilish-montaj ishlari to‘xtagan, 500 nafardan ziyod ishchi va quruvchilar bilan ish boshlangan korxona hovlisida 30 nafarga yaqin ishchi qolgan. 

Qurilish ishlari pudratchisi bo‘lgan «12-trest» muhandisi Rustam Allaberganov Kun.uz muxbiri savollariga javob qaytardi.

«Zavodda ish to‘xtab qolgani yo‘q. Ishchilar kamligi rost. Sababi bizda bundan tashqari yana boshqa obektlar ham bor, shu bois barcha ishchilarni Toshkentdagi turli qurilish ishlariga jalb qilganmiz. U yerda qurilish obektlari o‘ta muhim bo‘lgani bois barcha ishchilar ketishgan. Bu yerda ham ish ketyapti, yangi yildan keyin kelsangiz, savollaringizga to‘liq javob topasiz», demoqda u.

Zavod texnik nazoratchisi Shavkat Abdukarimovning javobi esa vaziyatga biroz oydinlik kiritdi: «... ish to‘xtadimi, bilingki mablag‘ yo‘q. Ishchilarning ko‘pi oylik maoshini ololmagani uchun ish o‘rinlarini tark etib ketishdi. To‘g‘ri, qaror bo‘yicha zavod yanvar oyidan yengil avtomobillarni ishlab chiqarishni boshlashi kerak edi. Yashirishning hojati yo‘q, ko‘rib turganingizdek, bu yerda hali-beri ish boshlanmasa kerak. Zavod may oyiga borib ishga tushsa ham katta gap. Uni buni qo‘ying, men sizga aytsam, ushbu avtomobil zavodi loyihasi oxirigacha yetkazilmagan. Aytgancha, qurilish ishlari to‘xtab qolishiga yana bir sabab bor. Gap shundaki, qarorda belgilanganidek yengil avtomashinalarni ishlab chiqaruvchi barcha texnologiyalar eng yangi rusumda bo‘lishi shart qilib belgilangan. Ammo bu zavodga keltirilayotgan texnologiyalar ancha eski rusumdaligi ma’lum bo‘lib qoldi. Gapiraman desa, gap ko‘p. Yuqorida aytganimdek, barcha masala mablag‘ga borib taqaladi. Shu yerga ishlatilgan ko‘pgina qurilish materillari ham qarzga keltirilgan. Niyatni yaxshi qilamiz albatta. Yaxshi niyat- yarim mol. Kattalar 2019 yil yanvar oyidan yana qurilish ishlari  boshlanadi, deyishyapti. Boshlansa ajab emas...».

Katta shov-shuvlar va umidlar bilan boshlangan loyiha vaqtida amalga oshmadi. Prezident topshirig‘i o‘z vaqtida bajarilmadi.

19 dekabr kuni «O‘zavtosanoat» zavod qurilishi to‘xtab qolgani yuzasidan rasman izoh berdi va Jizzaxda avtozavod qurish loyihasi konsepsiyasi o‘zgartirilishi ma’lum qilindi.

Kompaniya xabarida «hozirda obektda qurilish-montaj ishlari yakuniga yetayotgani» aytilgan. Holbuki, yuqorida Kun.uz muxbiri qurilish-montaj ishlari to‘xtagani haqida ma’lumot bergandi.

«Texnologik va muhandislik jihozlari yetkazib berilishi bo‘yicha tegishli kontraktlar tuzilgan. Shu bilan birga, boshlang‘ich ma’lumotlardagi ba’zi ko‘zda tutilmagan o‘zgarishlar munosabati bilan, sheriklar loyiha konsepsiyasini o‘zgartirish va iqtisodiy parametrlarni optimallashtirish ustida hamkorlikda ishlamoqda. Loyihaning kelgusi borishi haqida qo‘shimcha ravishda ma’lum qilinadi», deyiladi xabarda.

O‘z navbatida qo‘shma korxonaning ikkinchi tomoni - PSA Groupe korporatsiyasi matbuot xizmati ham O‘zbekistondagi loyiha taqdiri bo‘yicha savolga javob bergan va bu loyiha saqlanib qolinayotgani, bu borada ishlar davom etayotganini ma’lum qilgan.

Bungacha OAVda «fransuzlar kiritilajak investitsiya qaytishiga shubha bilan qaray boshlashgani, Peugeot brendi bilan zavod ochish uchun kafolat puli so‘ralayotgani, kafolat masalasi hal qilinmasa, bu reja yo‘qqa chiqishi» haqida xabarlar tarqalgandi.

Qayd etish joizki, bu O‘zbekistondagi belgilangan muddatda tayyor bo‘lmaydigan yagona yirik loyiha emas. 

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi

Avvaliga Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanidagi (Chimyon) «Amirsoy» nomli zamonaviy tog‘-chang‘i kurortining birinchi navbati va’da qilinganidek, 15 dekabr kuni foydalanishga topshirilmadi. Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi bu kechikish bo‘yicha izoh berib, «yuzaga kelgan murakkabliklar» sababli o‘rindiqli dor yo‘li ham (kanat), kabinali dor yo‘li ham foydalanishga topshirishning imkoni bo‘lmagani, o‘rindiqli dor yo‘lini 2019 yil yanvaridan avval ishga tushirib bo‘lmasligini, kabinalisini ishga tushirish uchun 2019 yil oxirigacha kutish kerakligini tushuntirishdi.

«Qayd etish muhimki, kurortning ishga tushishi ob-havo sharoitlariga bevosita bog‘liq. Chang‘i uchish uchun esa yetarli miqdorda qor qoplami zarur», deya qo‘shimcha qilingan Turizm qo‘mitasi xabarida.

Foto: O‘zA

Toshkentdagi «Humo Arena» muz saroyi ham belgilangan muddatda foydalanishga topshirilmaydigan bo‘ldi. Bu loyiha ham kechikkani rasman tan olinmadi, lekin Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati 2019 yilning martigacha shaharning Beshyog‘och ko‘chasi bo‘ylab harakatlanish cheklanishi haqida bergan xabaridan buni anglab olish qiyin emasdi.

Foto: O‘zA

Qolaversa, 2017 yil aprelida tamal toshi qo‘yilgan Jizzaxdagi neftni qayta ishlash majmuasi qurilishi ham kechikishi ma’lum bo‘lib ulgurgan, 2022 yilda foydalanishga topshirilishi belgilangan loyiha bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bir yilga to‘xtatilgan (qiymati 2,2 milliard dollar bo‘lgan loyiha yiliga 5 million tonna neft xomashyosini qayta ishlash imkonini berishi ko‘zda tutilgandi). 

Kutish kerak bo‘lgan navbatdagi muddatlar ham aniq emas. Bunday holatlar yagona emasligi tashvishlanarli. Hali yana qancha loyiha belgilangan muddatda bitmasligi yoki chala qolishi noma’lum.

Yana Jizzaxdagi zavod loyihasiga qaytamiz. «O‘zavtosanoat» izohi nega bu qadar mavhum? Izohda nega «12-trest»ning ishsiz qolgan ishchilari taqdiri haqida bitta ham so‘z yo‘q. Nega zavod texnik nazoratchisi aytganidek, mablag‘ tugab qolgani haqida lom-mim deyilmagan? Izohda nega zavod qurilish ishlari qachon tiklanishi haqida ma’lumot mavjud emas?

Fransuzlar bilan munosabatlar bo‘yicha ham yana bir qator savollar ochiq qolmoqda. Hamkorlar rostdan ham kafolat so‘ramoqdami? Zavodga rostdan ham eski texnologiyalarni olib kirishga urinish bo‘ldimi? Yoki «O‘zavtosanoat» bunday ma’lumotlardan bexabarmidi?

Aziz Qarshiyev
Gulchehra Sharipova

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top