10:41 / 23.12.2018
45728

National Interest Uchinchi jahon urushi boshlanishi ehtimoli bo‘lgan hududlarni ma'lum qildi

Foto: AFP

2019 yilda Uchinchi jahon urushi boshlanib ketishi mumkin bo‘lgan "qaynoq" hududlar Janubiy Xitoy dengizi, Ukraina, Fors ko‘rfazi va Koreya yarimorolidir. Bu haqda AQSh harbiy kolleji professori Robert Farli o‘zining The National Interest nashrida e'lon qilingan maqolasida yozmoqda.

Farlining fikricha, Janubiy Xitoy dengizida bir-biri bilan savdo urushi olib borayotgan AQSh va Xitoy to‘qnashishi mumkin. Kurash hozircha iqtisodiy sanksiyalar va bojlar ko‘rinishida bormoqda, ammo ikki tomonlama munosabatlar yomonlashganidan so‘ng bu nizo chegaradan chiqib ketishi mumkin, deb hisoblaydi muallif.

Ukraina haqida so‘z borar ekan, Farli Kerch bo‘g‘ozida yaqinda yuz bergan voqeani eslaydi. Uning fikricha, AQSh va Rossiya o‘rtasida saqlanib qolayotgan keskinlik hisobga olinsa, kichkinagina og‘ish ham hududdagi muvozanatni izdan chiqarib yuborishi mumkin.

Professor uchinchi "qaynoq" hudud sifatida Fors ko‘rfazini tilga oladi. AQShning Eronga nisbatan iqtisodiy bosimi hamda Yaman va Suriyadagi nizolar sababli bu hududda keskinlik o‘sib bormoqda. Muallif bu mintaqada AQSh, Rossiya va hatto Xitoy manfaatlari to‘qnash kelishi mumkin deb hisoblaydi.

Muallif AQSh va KXDR o‘rtasidagi tinchlik tashabbuslariga qaramasdan, Koreya yarimoroli xavfli hududligicha qolayotganini ta'kidlaydi. Uning fikricha, Vashington va Pxenyan o‘rtasidagi munosabatlar duch kelgan vaqtda yomonlashishi mumkin, bundan tashqari, Koreya masalasida Xitoy va Yaponiyaning qarashlari turlicha.

Mavzuga oid
Top