21:16 / 24.12.2018
12884

O‘zbekiston Xalqaro mehnat tashkilotining 144-Konventsiyasini qabul qilishi mumkin. U haqda nima bilamiz? 

O‘zbekiston Hukumati Xalqaro mehnat tashkilotining 144-Konventsiyasini mamlakatda ratifikatsiya qilish uchun takliflarni ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev Kun.uz muxbiri bilan suhbatda ma'lum qildi. 

«Manfaatdor vazirlik va tashkilotlar bilan kelishilgan holda, 144-Konventsiyani ko‘rib chiqish uchun Hukumatga taklif kiritilgan. Shuningdek, 29-Konventsiyaga ilova sifatida qabul qilingan protokolni qabul qilish masalasi o‘rganilmoqda», deydi vazir. 

XMT a'zo davlatlari tomonida 1978 yil qabul qilingan «Uch tomonlama maslahatlashuv (Xalqaro mehnat standartlari)» to‘g‘risidagi konvensiya mehnat normalari, hukumat, ish beruvchi va sotsial mutaxassislarning o‘zaro hamkorligi to‘g‘risida mas'uliyatni yuklaydi. Shuningdek, 1930 yili qabul qilingan 29-Konventsiyaning ilovasi sifatida biriktirilgan protokol esa majburiy mehnatning zamonaviy shakllariga yo‘l qo‘ymaslik, ularni bartaraf etish kabi mas'uliyatni hukumatga yuklaydi. 

Ushbu tashabbuslarning barchasi hukumat oldiga bir vazifani qo‘yadi: mehnat huquqini himoya qilish, munosib ish sharoitini kengaytirish, ijtimoiy himoyani yanada kuchaytirish va mehnat sohasiga oid masalalarda muloqotni ko‘paytirish. XMT hisobotiga ko‘ra, 2018 yili O‘zbekistonda kishilarni mehnatga majburlash ancha ijobiy (7 foiz) tomonga o‘zgardi. 

29-Konventsiya 2014 yili yangi protokol bilan to‘ldirildi. Ushbu protokol uchta tamoyil asosida talqin etiladi: profilaktika, himoya va kompensatsiya. Ushbu protokolning O‘zbekiston uchun dolzarbligi shundaki, mamlakatda iqtisodiyotning katta qismi «soyada» qolgan, aholining katta qismi ichki va tashqi mehnat migratsiya jarayonida faol. 

29-Konventsiya 1930 yilda ishlab chiqilgan bo‘lsa, shundan buyon ko‘p narsa o‘zgardi, jumladan mehnat munosabatlari va majburiy mehnat turlari ham. Hujjatda majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan shaxsning jinoiy javobgarlikka tortish masalasi ham aniq belgilab o‘tilgan. ​

Top