09:33 / 24.12.2018
7766

Uydirmachi-jurnalist mavjud bo‘lmagan "qahramonlari" uchun pullar yig‘gani ma'lum bo‘ldi

Foto: SKA/HSS/AEDT/WENN.com

Bir necha yillar davomida uydirma reportajlar va intervyular yozgan va hattoki ular uchun nufuzli mukofotlar bilan mukofotlangan nemis jurnalisti Klaas Relotsius o‘z “maqolalari”ning qahramonlari uchun xayriya vaji ostida mutolaachilardan pullar yig‘gani ma'lum bo‘ldi. Bu haqda jurnalist bilan hamkorlik qilgan Der Spiegel nemis nashri ma'lum qildi.

Gazeta o‘quvchilari tahririyatga murojaat qilib, jurnalist shaxsiy pochtasi orqali yordam berish iltimosi bilan murojat qilganini ma'lum qilishgan. Jurnalist pullarni maqolasining qahramonlari bo‘lgan suriyalik aka-singil uchun yig‘ayotganini ta'kidlagan. Uning aytishicha, aka-singil ota-onasi o‘limidan keyin Turkiyaga kun kechirgani yo‘l olishgan. 

Relotsius bilan birga yurgan fotosuratchining aytishicha, aslida bolaning onasi hayot va mebel do‘konida ishlaydi. Uning singlisi haqida esa umuman hech narsa ma'lum emas. Nashrda qizning tarixi jurnalist tomonidan o‘ylab topilgan bo‘lishi mumkinligi aytilgan.  

Jurnalistning ta'kidlashicha, xayriyalar evaziga u aka-singil uchun Germaniyadan oila topishga muvaffaq bo‘lgan. Biroq buning ham tasdig‘i yo‘q.

Relotsius shu yo‘l bilan qancha pul yig‘gani hozircha noma'lumligicha qolmoqda. Gazetxonlar pullarni uning shaxsiy hisob raqamiga jo‘natishgan. Spiegel tahririyatida pullardan xabarlari bo‘lmagani aytilgan va bu haqdagi barcha ma'lumotni huquq-tartibot idoralariga berishga va'da berilgan.

19 dekabrda Relotsius 7 yil davomida gazeta uchun reportajlar va intervyular to‘qib chiqargani ma'lum bo‘ldi. U maqolalarni soxtalashtirgani bilan bog‘liq 14 ta holatni tan olgan. Jurnalist o‘z vaqtida Germaniyada yil jurnalisti deb topilgan, Forbes nashri esa uni 30 nafar istiqbolli yosh jurnalistlar qatoriga kiritgan.

Tahririyat ushbu hodisani tergov qilish uchun maxsus komissiya tashkil etdi. Nashrda jurnalist tan olganidan ko‘proq soxta maqolalar yozgan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.

Top