8584.5 USD +6.14

9673.87 EUR +45.52

136.34 RUB +1.82

10793.3 GBP +50.61

22:41 / 24.12.2018 9472

“Yil ayoli-2018” g‘oliblari taqdirlandi

24 dekabr kuni Toshkent shahridagi InternationalHotel mehmonxonasida “Yil ayoli-2018” milliy tanlovi g‘oliblarini aniqlash va ularni tantanali taqdirlashga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi. Xotin-qizlar qo‘mitasi matbuot xizmati Kun.uz'ga shu haqida xabar berdi. 

“Yil ayoli-2018” tanlovining hududiy bosqichlari joriy yilning 1-10 dekabr kunlari o‘tkazilib, unda tuman va shaharlardan 800 nafar xotin-qiz ishtirok etgan. Muayyan bir sohada ko‘p yillar samarali mehnat qilganligi, izlanuvchanligi, erishgan yutuqlari, tashabbuslari inobatga olingan holda aniqlangan 10 nafardan, jami 140 nomzod Respublika bosqichida ishtirok etish uchun tavsiya etilgan.

Tanlov O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan yurtimizda xotin-qizlarning oila va jamiyatdagi o‘rnini oshirish, mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan, har tomonlama namunali bo‘lgan xotin-qizlarni aniqlash va rag‘batlantirish, ularning ilg‘or hayot va ish tajribasini ommalashtirish maqsadida 2017 yildan boshlab an'anaviy tarzda o‘tkazib kelinadi.

Tanlov yakunlariga ko‘ra, Saida Beknazarova “Gran-pri” sohibasi bo‘ldi. Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Audiovizual texnologiyalar kafedrasi dotsenti, texnika fanlari doktori Saida Beknazarovaga mukofotni Bosh vazir o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norboyeva topshirdi. 

 G‘olibning 169 ta ilmiy ishi xorijiy davlatlar va mamlakatimiz nufuzli jurnallarda chop etilgan. U 9 ta darslik, o‘quv qo‘llanma, monografiyalar muallifi. Saida Beknazarova - axborotlarni qayta ishlash, uzatish jarayonlarda bir vaqtning o‘zida uzluksiz matn, audio, videoma'lumotlarni yo‘qotishlarsiz sifatli yetkazib berishga qaratilgan 15 ta EHM dasturiy vositasiga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi tomonidan berilgan guvohnomalar muallifi, Nyuton medali sohibasi.

Birinchi o‘ringa Xorazm viloyati Gurlan tumani Xalq ta'limi bo‘limining ma'naviy-ahloqiy tarbiya va bolalarni ijtimoiy himoyalash sho‘'basi rahbari Feruza Safarova munosib deb topildi. Farg‘ona viloyati ayollar va bolalar kiyim-kechaklarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Furqat asl liboslari” xususiy korxonasi rahbari Umidaxon Yo‘ldosheva ikkinchi o‘rinni egalladi. Samarqand viloyati Samarqand Davlat universiteti Ekologiya kafedrasi dotsenti, fidoyi va malakali ustoz, O‘zbekiston qushlarini muhofaza qilish jamiyati a'zosi Leylya Belyalova uchinchi o‘rin sohibi bo‘ldi.

Tanlovda, shuningdek, “Yilning eng vatanparvar  ayoli”, “Yilning eng faol olima ayoli”, “Yilning eng ilg‘or tadbirkor  ayoli”,“Yilning eng yaxshi ijodkor ayoli”, “O‘z kasbining ustasi bo‘lgan yil ayoli”,“Yilning eng kuchli ma'naviy-ma'rifiy targ‘ibotchisi”, “Yilning eng fidoiy shifokor ayoli”, “Yilning eng jonkuyar ustozi”, “Yilning eng faol sog‘lom turmush tarzi tashkilotchisi”, “Yilning eng  yangi g‘oyalar tashabbuskori” nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar taqdirlandi.

Bundan tashqari, qo‘mita tomonidan turli kasb egalarining kiyinish uslubi, ular o‘rtasida milliy va zamonaviy ruhdagi, mentalitetimizga mos kiyimlar andozasini muntazam targ‘ib qilib borish, bu borada dizayner va modelerlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazilgan “Nafosat-2018” ko‘rik-tanlovi g‘oliblari ham taqdirlandi. 

“Ishbilarmon va yetakchi ayol” timsoli, “Talaba qiz” timsoli, “Ijodkor ayol” timsoli, “Erkin mavzu”, “Yilning eng yaxshi yosh modeler-dizayneri”, “Eng yaxshi milliy yo‘nalishdagi modeler-dizayner” nominatsiyalari bo‘yicha o‘tkazilgan mazkur tanlovda jami 600 nafar dizayner xotin-qizlar bellashdi va 14 nafar Respublika g‘olibi  aniqlandi.

Top