20:50 / 25.12.2018
9127
Shanxayda 3D-printer yordamida qurilgan eng uzun ko‘prik paydo bo‘ldi

Shanxayning “Donolik ko‘rfazi” innovatsion bog‘ida 3D-printer yordamida bosilgan dunyodagi eng uzun beton ko‘prik paydo bo‘ldi. Bu haqda TASS axborot agentligi xabar berdi.  

Ta'kidlanishicha, ko‘prikda hali bezak ishlari davom etmoqda va yaqin orada yakunlanadi, biroq yo‘lovchilar bog‘dagi kichik kanal ustidan o‘tgan ko‘prikdan foydalanib ko‘rishga muvaffaq bo‘lishdi. 

Ko‘prik Tsinxua universiteti huzuridagi qurilish instituti va innovatsion bog‘ tomonidan loyihalangan. Yoysimon ko‘prikning uzunligi 14,1 metrni, eni esa 4 metrni tashkil qiladi. 

Ma'lum qilinishicha, ushbu ko‘prik Xebey viloyatidagi 1,4 ming yillik tarixga ega bo‘lgan Chjaochjou ko‘prigining zamonaviy nusxasi hisoblanadi.

Ayni vaqtda dunyoda 3D-printerda bosilgan yana ikkita ko‘prik bor. Ulardan biri Niderlandiyada (uzunligi 8 metr, eni 3,5 metr), ikkinchisi esa Ispaniyada (uzunligi 12 metr, eni 1,75 metr) joylashgan.

Top