10:36 / 25.12.2018
13727

Sudlar faoliyatiga salbiy ta'sir qilayotgan holat ma'lum qilindi

Foto: parliament.gov.uz

2018 yil 24 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Sud hokimiyati mustaqilligini ta'minlashga ko‘maklashuvchi komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda komissiyaning 2018 yilda amalga oshirgan ishlari sarhisob qilindi.

Yig‘ilishda viloyat miqyosidagi ma'muriy sudlarning aksariyati jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar binolarida, tumanlararo iqtisodiy sudlar esa, fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudlar binolarida joylashtirilgani sudlarning faoliyatiga salbiy ta'sir qilayotganiga e'tibor qaratildi. Mazkur binolar aksariyat holda sudning risoladagidek ish faoliyatini ta'minlash bo‘yicha talablarga javob bermasligi qayd etildi.

Komissiya yig‘ilishida prezidentning 2017 yil 21 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida Vazirlar Mahkamasi, Moliya vazirligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari zimmasiga bu borada bir qator vazifalar yuklatilgani, biroq hanuzgacha sudlarning binolar, moddiy-texnik ta'minoti borasida qator vazifalar to‘laqonli hal etilmagani alohida ta'kidlandi.

Majlisda ushbu masalalarni istiqbolda tezroq hal etish sud-huquq sohasidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish, sudlarning amalda mustaqilligini ta'minlash hamda ular faoliyati samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta'kidlandi.

Shu nuqtai nazardan, komissiya tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasiga sudlarning binolar, moddiy-texnik ta'minoti borasida sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgan ayrim viloyatlar hokimlariga parlament so‘rovini tayyorlash hamda ushbu masalani parlament quyi palatasining navbatdagi yalpi majlisi kun tartibiga kiritish tavsiya etildi.

Top