18:20 / 26.12.2018
30715

Qishki transferlar: Kim qayerga o‘tishi mumkin?

Yanvar oyining birinchi kunida qishki transferlar darichasi ochiladi. Dekabr oyining ikkinchi yarmida Yevropa bo‘ylab qaysi futbolchi qayerga yo‘l olishi bo‘yicha mish-mishlar urchiydi. Quyida qaysi mish-mishlar haqiqatga yaqinligi ko‘rib chiqiladi.

Angliya

Angliya «Real» klubi yarimhimoyachisi Isko jamoaning yangi bosh murabbiyi Santyago Solari bilan chiqisha olmadi va ko‘p ehtimol bilan mavsumning ikkinchi qismida jamoada bo‘lmaydi. Klub prezidenti Florentino Peresning vaziyatga aralashishga urinishi ham foyda bermadi, ikki tomon ham yarashmoqchi emas.

Iskoning nomini anchadan buyon Angliya chempionati bilan bog‘lab kelishardi. Keyingi haftalarda u «Manchester Siti»ga yo‘l olishi haqida xabarlar tarqaldi, «shaharliklar» vakillari futbolchining agenti bilan muzokara o‘tkazgani aytildi. Ammo yakunda City Watch nashri boshqa ma'lumot tarqatdi: «Manchester Siti» Isko transferi g‘oyasidan voz kechdi, jamoada shundoq ham bu pozitsiyada kuchli futbolchilar jamlangan. Bu vaqtda «Chelsi» Iskoni o‘z tarkibiga qo‘shib olishga tayyor. Uning transfer narxi 78 million yevroga baholangan. 

Futbolchiga «PSJ» va «Barselona» klublari ham da'vogar. 

«PSJ» hamisha har qanday top futbolchiga, agar uning klub bilan muammolari yuzaga kelsa yoki shartnomasi muddati yakunlanayotgan bo‘lsa bir og‘iz solib ko‘radi. Shu tufayli, «PSJ» — ispaniyalik futbolchi uchun real variantlardan biridir. Iskoning «Real» bilan shartnomasi 2022 yilga qadar, shartnoma bo‘yicha badal puli miqdori 600 million yevroga teng. Shunday ekan bu futbolchi uchun kamida 80-100 million yevro to‘lashga kim qodir. Albatta «PSJ» emasmi?

«Barselona»ga o‘tish orqali Isko Solaridan qasos olishi ham mumkin. Lekin bu transferni muxlislar Luish Figuning «Barselona»dan «Real»ga o‘tishi kabi qabul qilishlari ham mumkin. Isko — «ko‘k-anorranglilar» o‘yin uslubiga mos futbolchi. Uning texnikasi, to‘p bilan harakatlanishi, maydonni ko‘ra bilish qobiliyati... Bundan tashqari, futbolchining o‘zi yoshligida aynan «Barselona»ga ishqibozlik qilgan.

APLda «Real»ning yana bir futbolchisini kutishmoqda.

Zidan boshqaruvidagi «Real»da Isko kabi asosiy futbolchilardan biri sanalgan Keylor Navas ham Tibo Kurtua kelgach, zaxira o‘rindig‘iga mixlandi. Kostarikalik darvozabonni Unai Emeri «Arsenal»da ko‘rmoqchi.

Futbolchida «Borussiya» va «Yuventus» variantlari ham mavjud.

Dortmundliklar mavsumning birinchi qismini ajoyib o‘tkazishdi va ichki chempionatda «Bavariya»ni 6 ochkoga ortda qoldirgan holda peshqadamlik qilishmoqda. Qolaversa, YeChLning guruh bosqichida birinchi o‘rinni egallab, pley-offga yo‘l oldi. Jamoa mavsumni yuqori sur'atlarda yakunlashi uchun top-darvozabonga muhtoj. Shu tufayli nemislar Keylor Navasga e'tibor qaratishgan.

«Yuventus» esa yozda Janluiji Buffondan ayrilgach, uning o‘rnini Voysex Shchesni bilan to‘ldirgan. Polshalik darvozabon o‘z majburiyatlarini yomon uddalamayapti, lekin Massimiliano Allegriga o‘z maqsadlariga yetishish uchun Keylor Navas saviyasidagi darvozabon kerak. Qolaversa, Krishtianu Ronaldu ushbu transfer amalga oshishiga ta'sir ko‘rsatishi mumkin.

Ammo Navas ayni vaqtda farzand kutmoqda va uning qishda qaysidir klubga transferi umuman amalga oshmasligi ham mumkin.

«Chelsi» Iskodan tashqari Dortmundning «Borussiya»sidan Kristian Pulishichni ham xarid qilishni rejalashtirmoqda. Maurisio Sarri ushbu amerikalik 20 yoshli futbolchining muxlisi hisoblanadi va uning transferi uchun yanvarda 66,8 million yevro to‘lashga tayyor.

Sky Sport Italia va Rai Sport nashrlari xabarlariga ko‘ra, «Chelsi»ga hujumchi Gonsalo Iguain ham kelishi mumkin. «Yuventus»dan 31 yoshli futbolchini ijaraga olgan «Milan» uning transfer huquqini sotib olishni istamayapti, futbolchi milanliklarni ortiqcha maosh xarajatlaridan xalos qilgan holda Londonga yo‘l olishi mumkin.

«Arsenal» yanvar oyida markaziy himoyachi va markaziy yarimhimoyachi olmoqchi. London klubi «Manchester Yunayted» himoyachisi Erik Bayi yoki «Chelsi» himoyachisi Gari Keyxillni qo‘lga kiritishi mumkin. «Barselona» o‘z yarimhimoyachisi Denis Suaresni «Arsenal»ga taklif qilmoqda. «Arsenal» tarkibini kuchaytirishi mumkin bo‘lgan futbolchilar qatorida «Lill»da yorqin mavsum o‘tkazayotgan ivuarlik Nikolya Pepe hamda «Sevilya» yetakchisi Ever Banega nomlari ham bor. O‘z navbatida «Arsenal»ni ikki futbolchi tark etishi mumkin, bular Mesut O‘zil hamda Aaron Remzi. Londonliklar klubi yangi bosh murabbiy Unai Emeri bilan yaxshi munosabat o‘rnata olmagan bu futbolchilarini qishda yaxshi taklif evaziga qo‘yib yuborishga tayyor.

«Liverpul»ning qishdagi asosiy transfer maqsadi - «Brayton» yarimhimoyachisi Paskal Grossdir. Yurgen Klopp ushbu 27 yoshli germaniyalik futbolchi «qizillar» jamoasida maydon markazini mustahkamlashiga ishonch bildirmoqda. Futbolchining taxminiy transfer qiymati - 15 million funt atrofida. Shuningdek, «Liverpul»ga Menxengladbaxning «Borussiya»sidan Torgan Azar kelishi mumkin. Bu belgiyalik futbolchi transferi uchun mersisaydliklar 29 million yevro sarflashga rozi bo‘ladi.

Ispaniya

Xorij nashrlari «Barselona» jarohat olib safdan chiqqan markaziy himoyachilari Samuel Umtiti hamda Tomas Fermalen o‘rnini to‘ldirishga harakat qilayotgani haqida xabarlar tarqatmoqda. Kataloniyaliklar «Valensiya»dan Jyeyson Muriloni ijaraga olib bo‘lishdi. Turli xabarlarga ko‘ra, jamoaga «Zenit»dan Branislav Ivanovich, «Fenerbahche»dan Martin Shkrtel yoki «Chelsi»dan Andreas Kristiansendan biri ham kelib qo‘shilishi mumkin.

«Barselona» «Ayaks»ning yosh yulduzlariga ham jiddiy e'tibor qaratgan. Katalonlar klubi 19 yoshli himoyachi, amsterdamliklar klubi sardori Matteys de Ligtni va yarimhimoyachi Frenki de Yongni sotib olishga harakat qilmoqda.

«Barselona»ga kelishi mumkin bo‘lgan yana bir futbolchi «PSJ» yarimhimoyachisi Adriyen Rabodir. Fransiyalik futbolchi parijliklar bilan shartnomani uzaytirishdan bosh tortdi, klub yanvarda uni sotib yuborishga rozi bo‘lishi mumkin. Yo‘qsa futbolchi yozda «PSJ»ni erkin agent maqomida tark etadi. Hozircha uni asosiy tarkibdan chetlashtirishgan.

«Real» esa Dortmundning «Borussiya» klubidan Jyeydon Sanchoni xarid qilmoqchi. OAV ma'lumotiga ko‘ra, 18 yoshli angliyalik futbolchi transferiga madridliklar klubi prezidenti Florentino Peres shaxsan qiziqmoqda. Sancho yangi yilda «Qirollik klubi»ning asosiy transfer maqsadi bo‘ladi. The Mirror xabariga ko‘ra esa, «Real» «Arsenal»ning shartnomasi muddati tugayotgan Aaron Remzini xarid qilishi mumkin. 

«Atletiko» «PSJ» hujumchisi Edinson Kavani bilan tarkibini kuchaytirishi mumkin. France Football xabariga ko‘ra, madridliklar klubi vakillari urugvaylik futbolchi transferi borasi parijliklar bilan muzokaralarni boshlab yuborgan. «PSJ» bu hujumchini 50 million yevro evaziga qo‘yib yuborishga rozi bo‘ladi, «Atletiko»ga bu futbolchini qo‘lga kiritishda «Napoli» va «Chelsi» raqobat qilishi mumkin.

«Valensiya»ni Murilo ortidan hujumchi Mishi Batshuayi ham tark etishi mumkin. Ispan klubida asosiy tarkibga kira olmagan futbolchisini «Chelsi» «Kristal Pelas»ga ijaraga berib yuborishi kutilmoqda. Belgiyalik hujumchiga shuningdek «Monako»dan qiziqish mavjud.

Italiya

Bir necha oy davomida Pol Pogba «Yuventus»ga qaytishi haqida yozilgandi. Turinliklar klubi sobiq futbolchisi transferi uchun 80 million yevro tayyorlab qo‘ygandi. Ammo 18 dekabr kuni Joze Mourino «MYu» bosh murabbiyligidan iste'foga chiqqach, fransiyalik futbolchi Angliyada qolishga qaror qilgan.

«Milan» o‘rta chiziqni kuchaytirish yo‘llarini izlamoqda. «Zenit» yarimhimoyachisi Leandro Paredesdan tashqari, «Chelsi»ning ispaniyalik yarimhimoyachisi Sesk Fabregas ham Milanga kelishi mumkin bo‘lgan futbolchilar qatorida. Londonliklar bu futbolchisi uchun 12 million yevro so‘ramoqda, italyanlar esa 8 million yevro bermoqchi. «Milan» «MYu»dan Markus Reshfordni sotib olishi haqidagi xabarlar ham Ole Gunner Sulsherning Manchesterga qaytishi ortidan barham topdi.

«Roma» «Genk»dan ukrainalik yarimhimoyachi Ruslan Malinovskiyni transfer qilishga bel bog‘lagan. Bu 25 yoshli futbolchini Rimga klub sport direktori Roman Monchi taklif etmoqda. Uning taxminiy transfer bahosi - 11-12 million yevro atrofida. «Roma» Malinovskiydan tashqari «Yang Boyz»dan Seku Sanogoni ham taklif qilmoqchi. Bu 29 yoshli ivuarlik futbolchi transferi g‘oyasi ham Monchiga tegishli.

Germaniya

2019 yilning birinchi kunida «Bavariya» «Atletiko»ning fransiyalik himoyachisi Lukas Ernandes transferini e'lon qilmoqchi, 22 yoshli futbolchi uchun 85 million yevro to‘lamoqchi edi. Ammo oxirgi xabarlarga ko‘ra, jamoadoshlari Ernandesni Madridda qolishga ko‘ndirgan. 

«Bavariya» ichki chempionatdagi raqiblarini kuchsizlantirishda davom etmoqchi. Yoshi o‘tib borayotgan Robert Levandovskiga munosib nomzod sifatida «RB Leyptsig»dan Timo Verner hamda «Ayntraxt»dan Luka Yovich nomzodlari ko‘rib chiqilmoqda. Verner o‘z intervyularidan birida Leyptsigdan faqat Myunxenga yo‘l olishga rozi bo‘lishini aytib ulgurdi. Germaniyaning doimiy chempionlari shu mavsum oxirida klubdan ketishini e'lon qilgan Aren Robbenga munosib o‘rinbosar sifatida «Borussiya» M yarimhimoyachisi Torgan Azar, «Borussiya» D futbolchisi Kristian Pulishich hamda «Bayyer» havbeki Kay Xaverts nomzodlarini ko‘rib chiqmoqda. Myunxenga shuningdek, «Chelsi» vingeri Kallum Xadson-Odoi ham kelishi mumkin.

YeChL pley-offiga chiqqan «Shalke» esa 5 nafar futbolchisi bilan xayrlashishga qaror qilgan. Umar Maskarel, Yoxannes Gays, Franko Di Santo, Bril Embolo va Yevgeniy Konoplyanka kabi futbolchilar transferga qo‘yiladi. Shu tariqa jamoa maosh uchun ortiqcha yukdan xalos bo‘lmoqchi, masalan Konoplyankaning yillik maoshi miqdori – 5 mln yevroga teng.

Mavzuga oid
Top