15:10 / 27.12.2018
22067

«Agrobank» qalampir kampaniyasi yaxshi natija berganini ta'kidlayapti. Aslida-chi?

«Agrobank» ATB Boshqaruv raisi birinchi o‘rinbosari vazifasini vaqtincha bajaruvchi Abdurahmon Sherov achchiq qalampir [yetishtirish] bo‘yicha loyihalar bir qator viloyatlarda ijobiy natija berganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu yo‘nalishda ishlayotgan tadbirkorlarning qayerdadir, qisman tajribasizligi, shuningdek, joriy yilda kuzatilgan noqulay ob-havo sharoiti ham ayrim hududlarda achchiq qalampir hosilini to‘liq yig‘ib olish imkoniyatini cheklab qo‘ygan. 

«Achchiq qalampir bo‘yicha yana shuni qo‘shimcha qilamanki, mahsulot yetishtirildi, bank ajratgan mablag‘lar hisobidan yetarlicha mahsulot yetishtirildi. Lekin tadbirkorlar tomonidan terib olish jarayoni davomida keskin sovuq tushishi tufayli yetishtirilgan mahsulot qisman nobud bo‘lgan. Bu yo‘nalishda sug‘urta kompaniyalar bilan ishlar borilmoqda. O‘ylaymanki, bu turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotini yetishtirishdagi tajribamiz kelgusi yilda asqotadi», - deydi bank boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari.

2017 yil dekabr oyida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurganida, past hosilli paxta dalalarini qisqartirish, ularning o‘rnida 60-80 kunda pishib yetiladigan eksportbop achchiq qalampirni ekish, buni respublikaning boshqa viloyatlarida ham yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq bergandi.

2018 yil 27 yanvarida Vazirlar Mahkamasining 62-sonli «Respublikada xorij tajribasi asosida achchiq qalampir yetishtirishni ko‘paytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Unda xorijiy tajriba asosida hududlarda achchiq qalampirni yetishtirish, yig‘ishtirib olish, qayta ishlash va eksport qilishni tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi.

Shundan so‘ng, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi tarixida ilk marta achchiq qalampir ekish bo‘yicha ommaviy kampaniya start oldi. Masalan, Asaka tumanida ham 122 gektar yerga qalampir ekildi. Shundan 37 gektar yerda dehqonchilik qilgan fermerlar «Chiliuz» mas'uliyati cheklangan jamiyati bilan shartnoma qilishgan. Tuman fermerlari qalampir yetishtirish uchun «Agrobank»dan jami 746 million so‘m kredit olishdi. Shundan 400 million so‘m mablag‘ ko‘chatlar uchun to‘langan bo‘lsa, 346 million so‘m agrotexnik tadbirlar uchun sarflandi.

«Kujgon oltin dalasi» fermer xo‘jaligi rahbari Ibrohimjon Ahmedovning Kun.uz'ga aytishicha, hosil mo‘l bo‘ldi, ammo uni kimga sotish katta muammoga aylandi. 

«Ishchilarga kuniga ish haqi yoziladi. Bankdan olingan 40 million so‘m miqdoridagi kreditni qoplashimiz kerak. Shuncha ko‘rgan zararimizni to‘lash o‘zimizga tushyapti. Hozir bahorgi shartnoma bo‘yicha ho‘l qalampirimizning kilosini 3 ming so‘mdan qabul qilishganda, 70 million so‘m daromad ko‘rgan bo‘lar edik», - degandi u. 

Ahmedov kabi fermerlar respublikada ko‘p bo‘ldi, ular yo ko‘chat, yo mo‘l hosil va'da qilingan shart va narxlarda sotolmay, ziyon ko‘rishdi. 

«Murojaat qilmagan joyimiz qolmadi. Ko‘chatni 6 million 500 ming so‘mga kredit hisobidan olgandik. Yoz bo‘yi qilgan mehnatlarimiz, ikki marta chopiq, yetishtirish uchun mahalliy va mineral o‘g‘itlarga ketgan mablag‘ga javob beradigan tashkilot bormi?», - deydi «Qosimjon obod yerlari» fermer xo‘jaligi rahbari.

Bank rahbariyati esa ajratilgan mablag‘lar o‘zini oqlagani, mahsulotlar o‘z vaqtida yetishtirilganini ta'kidlab, kreditlar qaytarilganini aytmoqda. Yuzaga kelgan ayrim muammolarga esa «noqulay ob-havo sharoiti va tajribasizlik oqibatida nobud bo‘lgan qalampir hosili» sabab qilib ko‘rsatilmoqda.

Top