23:36 / 28.12.2018
24152
Salomatlikni saqlash va ortiqcha vazndan xalos bo‘lishning oson yo‘li ma'lum qilindi 

Kopengagen universiteti olimlari chidamlilikka jismoniy mashqlar, jumladan velosiped haydash vistseral (ichki organlarni atrofidagi) yog‘ hajmining kamayishida muhim rol o‘ynovchi va yurak-tomir kasalliklari xatarini kamaytiruvchi interleykin-6 sintezida yordam berishini aniqlashdi.

Olimlar olib borgan 12 haftalik tadqiqotda har hafta 45 daqiqadan velomashqlar bilan shug‘ullangan 53 kishi qatnashgan. Ularga, shuningdek, vena tomirlari orqali platsebo sifatida fiziologik suyuqlik yoki interleykin-6 retseptoriga monoklonal antitanalar – totsilizumab yuborilgan. Totsilizumab revmatoid artritga qarshi qo‘llanadi va retseptorlar ishini bostirib, interleykin-6’ning yallig‘lanish jarayonlari paydo bo‘lishiga turtki beruvchi signal molekulasi sifatida ishlashiga qarshilik ko‘rsatadi. Vistseral yog‘ magnit-rezonans tomografiya yordamida aniqlangan.

Platsebo olganlar guruhida vistseral yog‘ hajmi 8 foizga (225 grammga) kamaygan. Biroq totsilizumab ta'siri mashqlar bajarishdan olinadigan samarani yo‘qqa chiqargan. Totsilizumab yuborilganlar guruhida yog‘ massasi, aksincha, platsebo olganlarga nisbatan 278 grammga ko‘paygan. Dori vositasi, shuningdek, umumiy va “yomon” xolesterin miqdorining oshishiga olib kelgan.

Tadqiqotchilarning ta'kidlashicha, interleykin-6 sog‘lom va kasal odamlar organizmida turlicha ta'sir ko‘rsatishi mumkin. Bu molekula ham yallig‘lanishga olib keluvchi, ham yallig‘lanishga qarshi ta'sir ko‘rsata oladi. Interleykin-6 darajasining surunkali tarzda oshishi o‘ta semiz, 2-turdagi qand kasalligi va yurak-tomir kasalliklariga ega bemorlarda kuzatiladi. Bundan tashqari, signal molekulasining ta'siri u joylashgan to‘qimalar turiga bog‘liq ravishda turlicha bo‘lishi mumkin.

Top